Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:31

Prezident Rahmon: Xushomadgo‘ylikni bas qiling


- Bugungi yig‘ilishda qatnashayotgan tuman va shahar raislari, bas qiling xushomadgo‘ylikni. Davlat rahbari ko‘ziga tuproq sochishni bas qiling. Hamma narsa ayon. U yoki bu shahar va viloyatlarga safarlarimda odamlar sizlardan shikoyat qiladi, “dorojka uchun pul, gul uchun pul, ziyofat uchun pul”, deb cho‘ntaklarimizni qoqib olishayapti”, deya shikoyat qilishadi. Bu nima degan gap? Ortiqcha iltifot kerak emas, men xijolat bo‘laman, o‘zimni noqulay his qilaman, - dedi 21 yanvar kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida prezident Imomali Rahmon.

Tojikiston prezidenti avval ham bir necha bor shunga o‘xshash gaplarni aytgan, qo‘l ostidagi amaldorlardan oyoqlari ostiga gul sochishga chek qo‘yishni talab qilgan. Shunga qaramay, kuzatuvchilarga ko‘ra, davlat rahbarining bu talabi bajarilmay kelinadi. Biroq shu kungacha bu buyruqni bajarmagan biror amaldor jazolanmagan.

Prezidentning shahar yoki viloyatlarga safari oldidan joylardagi mahalliy amaldorlar maxsus tayyorgarlik ko‘radi. “Prezident nazariga tushish” ilinjida bo‘lgan raislar bunday tadbirlarga boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, dehqonlar va tadbirkorlarni ham jalb qiladi.

Bunday tadbirlarda uzunligi bir necha o‘n metrlik qip-qizil gilamlar va turli rangdagi gullardan poyondoz hozirlashadi.

Ana shunday tadbirlarning birida qatnashgan Rudakiy tumanida yashovchi tadbirkorlardan biri Hoshimjon Bo‘riyev prezidentni kutib olish tadbirlari xarajatini asosan oddiy odamlar ko‘tarayotganini aytadi.

- Yeri borlar ko‘p-ku rayonlarda, o‘shalardan oladi. Magazini bor, shunaqa qo‘lidan ish kelganlardan oladi - boshqa kimdan oladi? O‘zlarining fondi bo‘lmasa buning uchun. Haligiga ataylab joy qiladi, u joylar hazilakam pul turadimi? Dorojkalari bir kilometrgacha cho‘ziladi ba‘zan. Ma‘n qilish kerak buni, chunki nihoyatda oshib ketayapti. Bu ortiqcha xarajat-da, - deydi Hoshimjon aka.

Biroq ismi oshkor etilmasligini so‘ragan so‘g‘dlik kichik amaldorlardan biri yuqorida gapirgan tadbirkorning aytganlarini inkor qiladi.

- “O‘z territoriyamda uyatli bo‘lib qolmay” degan ma‘noda qilinadi bu ishlar, bunga birov majburlanmaydi. Xalqdan umuman pul to‘planmaydi bu ish uchun. Obro‘ uchun o‘zimiz qilamiz. Ya‘ni kelishib olamiz. “Sen uni qilasan, buni qilasan”, deb buyurmaydi hech kim. O‘zaro kelishib, har kim qo‘lidan kelgan ish bilan qatnashadi bunga. “Pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin”da bizda, - deydi anonim suhbatdoshimiz.

Mustaqil tahlilchi Rajabi Mirzo fikricha, “Podshoh Ollohning yerdagi soyasi” degan tushuncha Markaziy Osiyodagi barcha respublikalar aholisi, xususan tojikistonliklarning qon-qoniga singib ketgan.

- Bu bilan joylardagi amaldorlar davlat rahbariga o‘z sadoqatini namoyish etishga urinadi. Boshqa tomondan, pastki pog‘onadagi amaldorlar avtoritar davlat rahbarlariga bu xil xushomad yoqishini yaxshi anglashadi. Shu sababli ular bu an‘anani davom ettirib kelmoqda, - deya mulohaza bildiradi mustaqil tahlilchi Rajabi Mirzo.

Boshqa bir tahlilchi Rahmatullo Zoirov esa prezident Imomali Rahmonning aytganlari amaliga zidligini, kechagi buyrug‘i esa shunchaki “xo‘jako‘rsin” ekanini aytadi.

- Agar prezidentning aytganlari qilgan ishiga to‘g‘ri kelganida shu vaqtgacha bir-ikki amaldor buyruqni bajarmagani uchun jazolangan bo‘lardi. Lekin, afsuski, prezidentning bu aytganlari hammasi yuzaki va faqat aholi ta‘sirlansin uchun aytilgan, - deydi siyosiy tahlilchi Zoirov.
XS
SM
MD
LG