Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:25

O‘zbekiston fuqarosi AQSh aeroportida qo‘lga olindi


Muxtorov FBI agentlari kuzatuvida bo‘lgan.
Muxtorov FBI agentlari kuzatuvida bo‘lgan.
35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Jamshid Muxtorov 23 yanvar kuni AQShda diniy-ekstremistik tashkilotga a‘zolikda ayblanib qo‘lga olindi.

Muxtorov AQShning Kolorado shtatidagi Denver shahriga yaqin joyda yashab kelgan.

Bu haqda ma‘lumot bergan AQSh mulozimlariga ko‘ra, Muxtorov Chikago Xalqaro aeroportida Turkiyaga uchayotgan paytda qo‘lga olingan.

AQSh Adliya vazirligi mulozimi Din Boydning matbuotga bildirishicha, qo‘lga olish chog‘ida Muxtorov qarshilik ko‘rsatmagan.

Adliya vazirligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, Abdumo‘min Turkistoniy¸ Abu Mo‘min taxalluslari bilan maktublashib turgan Muxtorov qarorgohi Pokistonda bo‘lgan Islomiy Jihod Ittifoqi ekstremistik tashkiloti safida jangari bo‘lishga hozirlangan.

Bu tashkilotning O‘zbekistondagi rejimni ag‘darib, islomiy davlat qurishga chaqirib kelishi aytiladi.

Bayonotda Muxtorovning AQSh hududida terror amaliyoti o‘tkazish niyati bo‘lmagani ham ta‘kidlangan.

Dushanba kuni ertalab Jamshid Muxtorov Chikago mahkamasiga olib kelingan.

Sud hakami Morton Denlov Muxtorov ishini Denver sudi ko‘rishi lozim, deya ajrim chiqargan.

Ayni paytda tergovchilar Jamshid yashagan uyni tintish va unga oid kompyuter hamda Blackberry telefonini taftish qilish uchun order olgan.

Dushanba kuni Muxtorov yashagan uy qo‘ng‘irog‘i bosilganida hech kim javob bermagan, uyning yonida Muxtorovga oid yuk mashinasi turgan.

Bu haqdagi tafsilotlarga o‘rin bergan Huffingtonpost Chicago internet nashri jurnalistlari Muxtorovning qo‘shnilari bilan suhbatlashishgan.

Jamshid Muxtorovning yon qo‘shnisi uning AQShda yuk mashina haydovchisi bo‘lib ishlagani¸ xotini va uch farzandi bilan tez-tez hovlida kabob (barbekyu) pishirib turganini aytgan.

Qo‘shniga ko‘ra, Muxtorovning 6 yashar qizchasi va 3-4 yosh atrofidagi ikki o‘g‘li bo‘lgan.

Huffingtonpost Chicago internet nashri¸ rasmiylarga tayangan holda¸ Muxtorovning telefon so‘zlashuvlari va internetdagi yozishmalari o‘tgan yil bahoridan beri AQSh maxsus xizmatlari nazoratida bo‘lganini yozadi.

Bu yozuvlarda Muxtorov “tashkilot bergan vazifani uddalash uchun o‘limga hozir” ekanini shartli ishora bilan bildirgan.

AQShdagi aybsizlik prezumptsiyasiga ko‘ra¸ Jamshid Muxtorovning aybdor ekanini faqat sud aniqlashi mumkin.

Muxtorovning aybi tasdiqlangan taqdirda, u 15 yillik qamoq jazosi va 250 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG