Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:23

Yoshlarni zararli axborotdan qo‘ruvchi qonun tayyorlanmoqda


Bundan buyon o‘zbek yoshlarini internet tarmoqlaridagi "zararli axborot"dan cheklash qonun asosida olib boriladi.
Bundan buyon o‘zbek yoshlarini internet tarmoqlaridagi "zararli axborot"dan cheklash qonun asosida olib boriladi.

"Milliy tiklanish": Yoshlarni internetdan himoya qilaylik!


"Milliy tiklanish" partiyasi Markaziy kengashidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, gap internet orqali dunyoga yoyilayotgan ma‘lumotlar ustida bormoqda.

O‘zbekiston televideniyesida berilgan reportajda partiya faollari asosiy e‘tiborni axborot saytlari, elektron pochta, onlayn TV, kino, video materiallari orqali mamlakatdagi internet foydalanuvchilari ongiga kirib borayotgan "yot axborotlar"ga qaratgani aytildi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, "zararli axborot", deganda voyaga yetmaganlarning ahloqiga salbiy ta‘sir qilishi aytilgan pornografik saytlardan tashqari, ularning "ma‘naviy, ruhiy va jismoniy rivojlanishiga salbiy ta‘sir ko‘rsatuvchi axborot"lar ham nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonga oid rasmiy ma‘lumotlarni chop etib boruvchi Olam.uz saytining yozishicha, bunday ma‘lumotlar sirasida partiya faollari "tinchlikka putur yetkazuvchi, nizo va ziddiyatlar keltirib chiqaruvchi" deb ko‘rilgan siyosiy, diniy va chet davlatlar mafkurasiga oid axborotlar hamda bunday axborotlarni o‘zida jam etgan internet saytlarini nazarda tutmoqda.

Jumladan, "Milliy tiklanish" partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat Ilhom Abdullayev bunday axborot oqimidan yoshlarni himoya qilishga qaratilgan maxsus qonunlar bo‘lishi kerakligini urg‘uladi.

U O‘zbekiston televideniyesiga bergan intervyusida deputatlarning bir guruhi bu boradagi qonun loyihasining dastlabki ko‘rinishini tayyorlab bo‘lganini ham aytib o‘tdi.

- Bir guruh depuptatlar tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi mavjud barcha xalqaro meyorlar va huquqiy tajribani o‘z ichiga olgan. Shuningdek, bizning mamlakatimizda mavjud axborot makonidagi voqelikni ham o‘z ichiga olgan. Masalan, bizda yaxshigina rivojlangan "Ziyonet" ta‘lim tarmog‘i, elektron ta‘lim tarmoqlari bor, - dedi O‘zbekistondagi "Poytaxt" televideniyesiga bergan intervyusida partiya faoli.

O‘zbekistonda muqobil ijtimoiy tarmoqlar ko‘paymoqda


Ziyonet.uz axborot-ta‘lim tarmog‘i esa O‘zbekistonda tashkil etilgan eng katta portallardan biridir.

U yerda ta‘lim va tarbiyaga oid yoshlar hamda ota-onalar, bundan tashqari, ta‘lim sohasi xodimlariga asqotishi mumkin bo‘lgan zarur axborotlar jamlangan.

Bundan tashqari, ayni shu portalda O‘zbekiston ichkarisidan turib, ta‘lim vazirliklari va alohida oliy o‘quv yurtlari tomonidan ishga tushirilgan hamda mamlakat rahbariyati tomonidan yo‘l berilgan ijtimoiy tarmoqlarga ham linklar qo‘yilgan.

Endilikda "Milliy tiklanish" partiyasi faollari yoshlarni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov yetakchiligidagi hukumat ilgari surgan g‘oyadan chalg‘ituvchi axborotlardan asrab, ularni Ziyonet.uz kabi portallar diorasida ushlab qolish yo‘llarini qidirmoqda.

I.Abdullayev: Yoshlarni zararli axborotdan qo‘rish xalqaro amaliyotdir!

Aynan shu maqsadga qaratilgani aytilgan "Voyaga yetmaganlarning axborot xavfsizligi to‘g‘risida"gi yangi qonun loyihasi mazmuni hozircha jamoatchilikka oshkor qilingani yo‘q.

Lekin, partiya faoli Ilhom Abdullayevga ko‘ra, bu hujjat xalqaro qonuniy meyorlarga zid emas.

- Birinchidan, bu loyiha xalqaro amaliyotga mos. Bilamizki, dunyoning deyarli barcha demokratik davlatlari qonunchiligida shunaqa hujjatlar bor. Yevropa Ittifoqi va boshqa g‘arb davlatlari direktivalari bevosita shu yo‘nalishga qaratilgan, - deydi partiya faoli.

Voyaga yetmaganlarni "zararli axborot"dan qo‘rishga qaratilgan qonun loyihasida aynan qanday choralar ko‘zda tutilganini so‘rab, Ozodlik muxbiri "Milliy tiklanish" partiyasi rahbariyati, matbuot xizmati va partiyaning Oliy Majlisdagi fraktsiyasi mas‘ullariga ham bog‘landi.

Partiyaning shu tashabbusiga bosh bo‘lgan fraktsiyasi rahbari Kamoliddin Xotamov va boshqa rahbarlar ham bu masalada Ozodlikka intervyu berishdan bosh tortdi.

Hatto, o‘zini fraktsiya rahbari o‘rinbosari, deb tanishtirgan va ismini aytmagan partiya faoli Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda "Milliy tiklanish" deputatlari ishlab chiqqan qonun loyihasidagi "zararli axborot" termini ostida nazarda tutilgan mazmunni ham ayta olmasligini ochiq tan oldi.

O‘zbekiston internetda milliy chegara o‘rnatmoqda


Ma‘lumki, O‘zbekistonda nafaqat voyaga yetmagan, balki katta yoshdagi internet foydalanuvchilarining Facebook kabi dunyodagi yirik ijtimoiy tarmoqlar, Ozodlik, Fergana.ru kabi ijtimoiy-siyosiy mazmundagi xabarlarni tashuvchi axborot saytlariga kirishini cheklash amaliyotlari tez-tez kuzatiladi.

2011 yilda sodir bo‘lgan, dunyoni larzaga solgan "arab bahori" va shunga o‘xshagan boshqa yirik xalqaro voqealar esa O‘zbekiston ichkarisida deyarli yoritilmay kelmoqda.

Natijada, o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari, ayniqsa, yoshlar bu borada axborot olish va o‘zaro fikr almashishning boshqacha muqobil yo‘llarini qidirmoqda.

Biroq, ana shunday virtual maskanlardan biri bo‘lgan va O‘zbekiston ichkarisi, tashqarisidagi ijtimoiy-siyosiy voqelik, diniy mavzularda qizg‘in, oshkora bahslar boradigan Arbuz.com o‘zbek internet forumi ham 2011 yilga kelib yopildi.

Forum rahbari ishtirokchilarga yo‘llagan ochiq maktubida bunga O‘zbekiston maxsus xizmatlari bosimi sabab bo‘lganini ochiq aytdi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston ichkarisidan turib ushbu internet forumda faol ishtirok etgan foydalanuvchilardan biri bir necha yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Endilikda yangi qonun qabul qilinsa, o‘zbekistonlik yoshlarni internet olamida O‘zbekistonda ilgari surilgan mafkuraga yot, deb hisoblangan axborot oqimidan cheklashga oid choralarning yanada keskinlashishini taxmin qilish mumkin.
XS
SM
MD
LG