Линклар

logo-print
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li Frantsiya Senati qaroriga javoban qo‘shimcha choralar ko‘rilishini bayon qildi. Dovuto‘g‘li Turkiya hafsalasini pir qilgan qaror qanday choralarga olib kelishini aniqlashtirmadi.

Frantsiya Parlamenti yuqori palatasi 23 yanvar kuni bir necha soat davom etgan muhokamalardan keyin Birinchi jahon urushi paytida armanlar Usmonli turklar tomonidan ommaviy o‘ldirilgani genotsid bo‘lganini inkor qilish uchun jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qonunni qabul qildi.

Mazkur qonun uchun senat a‘zolarining 127 nafari “ha” deb ovoz berdi. 86 senator unga qarshi chiqdi.

“Armanlar genotsidi”ni inkor qilishni bir yillik qamoq jazosi yoki 45 ming yevro miqdoridagi jarima bilan jazolashga qaratilgan qonun parlament quyi palatasida ma‘qullangan edi.

O‘tgan hafta Frantsiya Senati qo‘mitasi mazkur qonun loyihasi fikr erkinligini buzishini aytib, konstitutsiyaga zid kelishi haqida tavsiyaviy xususiyatga ega xulosani bergan edi.

Qonun qabul qilinishidan avval senatdagi muhokamalarni Frantsiyadagi Turkiya va Armaniston elchilari kuzatib turdi.

Frantsiya hukumatining parlament bilan aloqalar bo‘yicha vaziri Patrik Olьer qonun qabul qilinishidan oldin senatorlarga qilgan murojaatida bunday dedi.

- Inkor qilish umumiy xotiramizni haqoratlash bilan barobardir. Bu bilan odamlar boshdan kechirgan azob-uqubatlar tarixdan o‘chiriladi va qurbonlar yoddan chiqarilishga hukm qilinadi, dedi Frantsiya hukumati vakili.

Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkozining o‘z partiyasining parlamentda ko‘pchilikni tashkil qiladigan fraktsiyasi tashabbusi bilan qabul qilingan qonnuni imzolashi kutilmoqda.

O‘tgan oyda parlament quyi palatasi mazkur qonun loyihasini ma‘qullaganida Anqara Frantsiya bilan siyosiy va harbiy hamkorlikni muzlatib qo‘ygan edi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on Frantsiya parlamenti ma‘qullagan qarorni “kamsituvchi va irqchi”, deya baholadi. Turk parlamentida qilgan chiqishida Erdo‘g‘on mazkur qonun Turkiya uchun “kuchga ega emas va hech narsani anglatmaydi” deya bayon qildi.

Turkiyaning Frantsiyadagi elchisi Uluj O‘zulker mazkur qarorning tarixiy haqiqatni tiklashga aloqasi yo‘qli, aslida Frantsiya siyosatidagi o‘yinning bir qismi ekanini bayon qildi.

- Bu siyosiy qarordir va ikkala prezident, ya‘ni prezidentlikka nomzodlarning ikkalasiga qo‘shimcha ovozlarni berishga qaratilglan. Bu janob Sarkozi, prezident Sarkozining ikkinchi muddatga saylanishi uchun so‘nggi imkoniyat edi, deya ta‘kidladi O‘zulker.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Dovuto‘g‘lining mazkur qonun Yevropada “inkvizitsiyaning” yangi davrini boshlab beradi, degan so‘zlaridan iqtibos keltirilmoqda.

Anqara bilan Parij o‘rtasida siyosiy majoroga sabab bo‘lgan qonun, hali muhokama qilinish jarayonida Frantsiya siyosatchilari orasida turli qararshlarni keltirib chiqardi. Senat qo‘mitasi qonunni qabul qilmaslikni tavsiya qilgan bo‘lsa, Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppe, televideniyeda qilgan chiqishida qonnuning qabul qilingani amalga oshgan fakt ekanini e‘tirof etgan bo‘slada, uni muhokama qilish tashabbusi siyosiy nuqtai nazardan nomaqbul bo‘lganini ta‘kidladi.

- Tashqi ishlar vaziri sifatida, menimcha, parlamentda mazkur tashabbusning chiqishi bemavrid bo‘ldi. Lekin bu parlament qaroridir. Hozir turkiyalik do‘stlarimizni bosiqlikka chaqirmoqchiman, dedi Juppe.

Ayni paytda, Armaniston hukumati frantsuz senatorlari qarorini olqishlamoqda. Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Eduard Nalbandyan buni tarixiy voqea, deya atadi.

- Bu kun nafaqat arman va frantsuz xalqlari do‘stligi tarixida, balki butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarini himoya qilish tarixiga oltin harflar bilan yoziladi, dedi Yerevan rasmiysi.

Frantsiya Usmonlilar imperiyasi davrida armanlar genotsid qilinganini 2001 yil yanvarida qonunan e‘tirof qilgan. Dushanba kungi qonun bo‘yicha endi armanlar genotsidini inkor qilgan shaxslar bir yilga qamalishi yoxud 45 ming yevro miqdoridagi jarimaga tortilishi mumkin.

Armanlar va g‘arbdagi tarixchilarning ko‘pchiligi Birinchi Jahon urushi paytida Usmonli turklar 1,5 millionga yaqin armanni sistematik tarzda qatliom qilganini aytadi.

Turkiya bu iddaolarni rad etib, 1915-16 yillarda Turkiyaning sharqiy mintaqalarida ro‘y bergan jangu-jadallarda ikkala tarafdan ham talafotlar bo‘lganini aytib keladi.
XS
SM
MD
LG