Линклар

Toshkentdagi bir qator nufuzli savdo do‘konlarida bir necha oydan buyon O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan Guli brendining yangi kosmetika mahsulotlari savdosi bormoqda.

Yuz, teri va soch parvarishiga mo‘ljallangan pardoz-andoz mahsulotlarini sotayotgan sotuvchilarning so‘zlariga qaraganda, Guli brendining bu galgi mahsulotlari avvalgi kiyim-kechak va zargarlik mahsulotlaridan sezilarli ravishda arzondir.

Jumladan, Toshkentdagi Glamour, Europa exclusive, Parfum gallery kabi hashamatli do‘konlarda savdo qilayotgan sotuvchilar Guli brendining bu mahsulotlari arzonligiga alohida urg‘u berishdi.

- Bizda, masalan, Guli brendidan yuz parvarishi uchun niqob bor. Uning yonida niqobni tozalash uchun o‘zining suvi ham bor. Narxi 43 ming so‘m. Masalan, Diordan ham har xil yuz niqoblari bor, 6 ta qutida. O‘rtacharog‘ining narxi 348 ming so‘m, - deydi Toshkentdagi qimmatbaho mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi hashamatli do‘konlardan birining sotuvchisi.

Unga ko‘ra, hozircha Guli brendiga qiziqib ko‘rayotganlar orasida boy-badavlat va o‘rtamiyona xaridorlar ham bor.

- Bu brend ostida savdoga qo‘yilgan naborlar bor. Masalan, teri parvarishiga mo‘ljallangan kattagina nabor ichida xushbo‘y va tabbiy giyohlardan tayyorlangan suv, moy, sovun, tsellyulitga qarshi krem va boshqa mahsulotlar bor. Bunaqa nabor hozircha faqat shu brendda, - deydi Toshkent markazidagi savdo do‘koni sotuvchisi.

Toshkentdagi Europa exclusive savdo do‘konida esa Guli brendining pardoz-andoz mahsulotlariga qo‘shib, kiyim-kechak va aksessuarlari ham sotuvga qo‘yilgan.

Bu do‘kon sotuvchilarining so‘zlariga qaraganda, xaridorlarning asosiy qismini shaharning zodagonlari tashkil qiladi va shu bois, ular orasida Guli brendining yangi pardoz-andoz mahsulotlariga qiziqib qaraganlar bo‘layapti-yu, ammo sotib olayotganlar hali unchalik ko‘p emas.

- Kimdir Estee Lauderni ishlatayotgan bo‘lsa, bundan Guliga o‘tish oson bo‘lmaydi. Bilasizku ayollarni. Shuning uchun biz hozir xaridorlarga yangi mahsulotni reklama qilib turibmiz. Hozircha, atirgul va rayhondan tayyorlangan mahsulotlarga qiziqish yaxshi bo‘lyapti, - deydi sotuvchi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Mahsulotlarning o‘zi esa Parfum gallery savdo do‘koni qoshida ochilgan kichikkina labaratoriyada ishlab chiqarilmoqda. Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarayotganlar Guli brendi bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Boshqacha aytilsa, bu pardoz-andoz mahsulotlarining ishlab chiqarilishiga Guli brendining muallifi - O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning ishtiroki bilvositadir.

Guli brendi ostida ishlab chiqarilgan bu uzukni, sotuvchi so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik xaridor hozircha faqat tomosha qilmoqda, xolos.

Guli brendi ostida ishlab chiqarilgan bu uzukni, sotuvchi so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik xaridor hozircha faqat tomosha qilmoqda, xolos.

Ammo, Toshkentdagi hashamatli savdo do‘konlaridan suhbatlashganimiz deyarli barcha sotuvchilar Guli brendi mahsulotlarini yaxshilab reklama qilayotganini alohida urg‘uladilar.

"Gulnora Karimova brendi mahsulotlarini reklama qilish va sotish siz uchun majburiyatmi?" degan savolimizga aksar sotuvchilar "Yo‘q, lekin bu mahsulotlarni ham sotish kerakda endi" mazmunida javob berishdi.

Darvoqe, yangi pardo-andoz mahsulotlari reklamasi bilan Gulnora Karimovaning o‘zi ham shug‘ullanmoqda.

Olam.uz nashri Gulnora Karimova Twitterda o‘ziga qarashli bo‘lgan @GulnaraKarimova sahifasida bu mahsulotlarni reklama qilgani haqida yozdi.

Nashrning yozishicha, Guli brendi muallifi pardoz-andoz mahsulotlarining tabiiy giyohlar, jumladan, Hindistondan keltirilgan tabiiy giyohlardan hozirlanganini urg‘ulagan.

Endilikda pardoz-andoz mahsulotlarini ham chiqara boshlagan Guli brendi ilk bor 2009 yilda Shveytsariyaning Bazel shahrida o‘tgan soat va zargarlik buyumlari ko‘rgazmasiga qo‘yilganidan so‘ng og‘izga tushgan edi.

Bazel shahrida ko‘rgazmaga qo‘yilgan bu uzukni taqqan taniqli opera ijrochisi Monserrat Kabalye surati Guli brendi rasmiy saytiga qo‘yilgan.

Bazel shahrida ko‘rgazmaga qo‘yilgan bu uzukni taqqan taniqli opera ijrochisi Monserrat Kabalye surati Guli brendi rasmiy saytiga qo‘yilgan.

O‘shanda Guli zargarlik buyumlari dunyoning tanqli Chopard shirkati uchun maxsus tayyorlangani aytilgan edi.

Toshkentga safar qilgan "Chopard" zargarlik shirkati vitse-prezidenti Karolin Gruozi-Shofel Gulnora Karimovaning brendi ostidagi qimmatbaho toshlar va duru javohirlardan ishlangan tilla taqinchoqlar kelajakda "Chopard"ning jahon bo‘ylab yoyilgan 150dan ortiq do‘konlarida sotilishi haqida so‘zlagan edi.

Jahondagi savdo do‘konlarida bu mahsulot savdosi qanday borayotgani hozircha bizga qorong‘u. Ammo ushbu brendning dunyodagi nufuzli ko‘rgazmalariga qo‘yilgan zargarlik mahsulotlarini sotayotgan "Toshkent kurantlari" do‘konida savdo yaxshimas.

Sotuvchilar o‘zbek ayollari hozircha bu mahsulotlarni sotib olmayotgani sababini narx bilan emas, did bilan bog‘lamoqda.

Sotuvchilar o‘zbek ayollari hozircha bu mahsulotlarni sotib olmayotgani sababini narx bilan emas, did bilan bog‘lamoqda.

Do‘konning o‘zini tanishtirmagan sotuvchisiga ko‘ra, hozircha Guli brendining zargarlik buyumlariga qiziqish birrovlik tomoshadan nariga o‘tayotgani yo‘q.

"Bizning xaridorlar bunga tayyor emas, menimcha. Xuddi eksponatday turibdida. Kirib tomosha qilishayapti xolos, hozircha. Narxlari haqida esa so‘ramang, bu tijorat siri", deb kulib qo‘ydi do‘kon sotuvchisi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Guli brendining yangi pardoz-andoz mahsulotlari ham xuddi avvalgilari kabi Toshkentning eng muhtasham, qimmatbaho savdo salonlariga ixtiyoriy-majburiy tarzda tarqatilgan.

Do‘konlarda ushbu brend ostida tayyorlangan kiyim-kechak, aksessuarlar, zargarlik buyumlari bilan birga endi pardoz-andoz mahsulotlari ham sotuvga qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG