Линклар

23 yanvar kuni Sankt-Peterburgning Pushkin tumanidagi “Slavyanka” qurilish mavzesida besh nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi topildi.

Sankt-Peterburg Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonovga ko‘ra, hozirda ismlari oshkor qilinmayotgan o‘zbeklar 19, 20, 26, 34 va 53 yoshda bo‘lgan.

- Topilgan jasadlarning O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan mardikorlar ekani aniqlandi, yana bir kishi juda og‘ir ahvolda zaharlanish diagnozi bilan Janelidze nomidagi Ilmiy tadqiqot institutining “Tez yordam” bo‘limiga yotqizildi. Ular Pushkin tumanidagi “Slavyanka” mavzesi qurilishida ishlagan, dedi Sergey Kapitonov.

Janelidze nomidagi Ilmiy tadqiqot instituti xodimlarining Ozodlikka aytishicha, shifoxonaga yotqizilgan o‘zbekistonlik 20 yoshdagi yigit bo‘lib, ayni paytda u komada qolmoqda. Nobud bo‘lganlar mayyitining shahar o‘likxonalaridan birida saqlanaëtgani aytilmoqda.

Sergey Kapitonovga ko‘ra, mehnat muhojirlarining spirtli ichimlik ichib zaharlangani taxmin qilinmoqda.

Hozirda Rossiya Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg boshqarmasi tomonidan o‘zbekistonlik fuqarolarning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ozodlikning bu masala yuzasidan O‘zbekiston elchixonasiga kun davomida qilgan qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

Migratsiya boshqarmasi keltirayotgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda Peterburg va Leningrad viloyatida 1 million 547 ming mehnat muhojiri migratsiya qaydiga olingan, ulardan 14,8 foizi - o‘zbeklardir. UFMS xodimlari o‘tgan yilda 186 ming muhojirga ishga ruxsatnoma va 46 mingiga ish patentlari bergan. Jumladan, 100 mingdan ortiq ishga ruxsatnoma O‘zbekiston fuqarolariga topshirilgan.

“Peterburg.uz” gazetasi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, hozirda Sankt-Peterburgda 850 mingdan oshiq o‘zbekistonlik yashab mehnat qiladi. Bu esa Rossiya madaniy poytaxti aholisining to‘rtdan biri¸ deganidir.

“Umid” tashkiloti prezidenti Alijon Haydarov¸ shaharda 500 mingdan ortiqroq o‘zbek doimiy yashaëtganini taxmin qiladi. Sankt-Peterburg Migratsiya xizmati boshqarmasi keltirgan ma‘lumotga ko‘ra, shimoliy poytaxtdagi o‘zbeklar soni 300-400 mingni tashkil etadi, ammo ulardan faqat 120 mingi qonuniy mehnat qilish huquqiga ega.
XS
SM
MD
LG