Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:38

O‘zbekiston matbuot erkinligi ro‘yxatida yuqoriladi, ammo...


Bu ko‘tarilish O‘zbekistondagi matbuot erkinligi ahvoli yaxshilanganidan emas¸ balki dunyoning ayrim mintaqalari¸ xususan postsovet hududdagi boshqa davlatlardagi vaziyatning o‘ta nochorlashgani oqibatidir¸ deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Yohan Bir (Johann Bihr).

- Darhaqiqat¸ O‘zbekiston ro‘yxatdagi o‘rinlar pillapoyasidan sal yuqoriladi¸ ammo bu unga yaqin davlatlar¸ qolaversa dunyo bo‘ylab boshqa hukumatlarning demokratiya tarafdorlari chiqishlarini keskin bostirishi bilan bog‘liqdir. Shu bois¸ bu o‘zgarish shunchaki avtomatik yuqorilash va bu O‘zbekistonda matbuot erkinligi ahvoli yaxshilanganini anglatmaydi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda hisobot muharrirlaridan biri.

“Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Matbuot erkinligi indeksi ikki asosiy jihatdan tashkil topgan. Birinchisi¸ matbuotning umumiy manzarasi¸ tsenzura darajasi va hukumatning matbuot ustidan o‘rnatgan nazorati ko‘lami bo‘lsa¸ ikkinchisi matbuotga nisbatan muayyan vaqt ichida ro‘y bergan zo‘ravonliklar hisobidir”¸ deb sharhlaydi O‘zbekistonning¸ masalan¸ 2011 yilgi indeksda Ozarbayjondan tepaga ko‘tarilganini Yohan Bir.

- Matbuot erkinligi vaziyatining umummanzarasidan kelib chiqilsa¸ O‘zbekistonning Ozarbayjondan tepaga qo‘yilishi mutlaq mantiqsiz. Zotan Ozarbayjonda¸ muxolifat nashri bor¸ mustaqil agentliklar¸ xususan Ozodlik byurosi ham ishlab turibdi¸ mamlakatda siyosiy bloggerlar tarmog‘i bor va hokazo. O‘zbekistonda esa¸ bularning hech biri yo‘q. Ammo 2011 yilda Ozarbayjonda ko‘plab jurnalist kaltaklandi¸ sudlandi va hatto bir zo‘ravonlik o‘lim bilan tugadi. O‘zbekistonda matbuot erkinligi nihoyatda bo‘g‘iq edi¸ shunday bo‘g‘iqligicha qoldi. Mustaqil matbuot yo‘q mamlakatda mustaqil muxbirlarga zo‘ravonlik ham bo‘lmadi¸ shuning hisobiga O‘zbekiston avtomatik ravishda bizning indeksimizda yuqoriladi¸ deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa bo‘limi rahbari Yohann Bir.

Tashkilot hisobotiga ko‘ra¸ O‘zbekistonda Internetdan foydalanish narxi muntazam suratda arzonlayotgani tobora ko‘proq aholiga Internetdan foydalanish imkonini bermoqda va oqibatda har uch oyda Internet foydalanuvchilari soni 2-3 foizdan ko‘payib bormoqda. Narxlar to‘siq bo‘lmay qolganiga qaramay¸ O‘zbekistonda Internetning hammaga yetib borishiga hali ko‘p vaqt kerak bo‘ladi¸ deyiladi hisobot xulosasida jumladan.

O‘zbekiston hukumati 2011 yilda ham ommaviy axborot vositalari ustidan qat‘iyat bilan o‘z kuchli nazoratini yanada kuchaytirishda davom etdi va bu nazorat¸ ayniqsa o‘zbekistonliklarga nisbatan muqobil axborot olish imkonini yaratgan Internet ustidan yanada kuchaydi¸ deb davom etadi Internetdagi axborot erkinligiga alohida to‘xtalgan mustaqil tadqiqotchi.

- 2011 yilda O‘zbekiston ichkarisidan ochish mumkin bo‘lgan sanoqli axborot saylari¸ xususan Lenta.ru¸ Urush va tinchlikni yoritish instituti sahifasi va hatto bizning saytimiz ham to‘sib qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasi qoshida maxsus komissiya tuzilib¸ unga O‘zbekistonga oid barcha axborot¸ xususan Internet va sun‘iy yo‘ldosh kanallaridagi axborotni kuzatish va baho berish vakolati yuklandi. Avgust oyida¸ mamlakat bo‘ylab Internet bir necha kunga butunlay yopib qo‘yildi. Davlatga qarashli Internet provayderlari barcha axborot saytlari¸ hatto hukumatparast va ko‘ngilochar va sport saytlarini ham yopib qo‘ydi. Bunga texnik sabab bahona qilingan bo‘lsa-da¸ biz buni favqulodda holatlar vaziyatidagi harakatga hozirlik sinovi deb baholadik. 2011 yilgi “Arab bahori”dan tug‘ilgan asabiylik O‘zbekiston hukumatining Internetni nazorat qilish qat‘iyatini yanada oshirdi¸ deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa bo‘limi rahbari.

Tashkilotning bu yilgi Matbuot erkinligi indeksiga jahondagi 179 davlat kiritilgan va matbuoti erkin davlatlar ro‘yxat tepasi¸ erkin bo‘lmaganlar esa¸ eng quyisidan joy olgan.

2010 yilgi indeksga kiritilgan 178 davlat ichida O‘zbekiston 163¸ 2009 yilgi indeksda esa¸ 175 davlat orasida 160 pog‘onaga qo‘yilgan va dunyoda matbuot erkinligi eng ko‘p bo‘g‘ilayotgan quyi guruh safiga kiritilgan edi.

O‘zbekistonning qo‘shnisi Turkmaniston bu ro‘yxatda yillardan beri Shimoliy Koreya va Eritreya bilan birgalikda eng so‘nggi uchlikda qolishda davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG