Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:11

Maxsus xizmatlar Internetda O‘XHga moyillarni ovlamoqda


O‘XHning rejimga bo‘ysunmaslikka da‘vat qiluvchi bu varaqalari Toshkentda 9 dekabr kuni paydo bo‘lgan edi.
O‘XHning rejimga bo‘ysunmaslikka da‘vat qiluvchi bu varaqalari Toshkentda 9 dekabr kuni paydo bo‘lgan edi.
22 yashar Fazliddin Zaynuddinov o‘tgan yilning 7 dekabr kuni Toshkentdagi Internet-kafelaridan birida o‘tirib¸ virtual dunyodagi tanishlari bilan fikrlashadi.

O‘zbekiston Xalq harakati faoli Muhammadsolih Obutov
O‘zbekiston Xalq harakati faoli Muhammadsolih Obutov
O‘sha kuni Fazliddin bilan chatga o‘zini Shvetsiyada yashaydigan dissident imom¸ O‘zbekiston Xalq harakati faoli Muhammadsolih Obutov deb tanishtirgan shaxs chiqadi. Shu kundan boshlab bu virtual tanish islomiy universitet talabasini O‘zbekiston Xalq harakatining Toshkentdagi faoli bo‘lishga unday boshlaydi.

Voqea tafsilotlarini O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov davom ettiradi.

- O‘sha familiya, ism bilan chiqadigan odam aslida maxsus xizmatdagi odam bo‘ladi va u bilan gaplashganda Fazliddinga vazifa beriladi va Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi maydonining bir joyiga yoki boshqa joylarga varaqalar yopishtirib chiqish iltimos qilinadi.

Avvalo bu bola nima qilishini bilmaydi. Ozgina vaqt o‘ylab¸ keyin qiziqib boradi. O‘sha yerda rostdan ham 70-80 tacha varaqa va 100 dollar pul bo‘ladi. Buni oladi. Bir nechtasini stolbalarga yopishtirganmi yoki yo‘qmi bu menga noma‘lum. Xullas bir haftadan keyin bularning uyiga militsiya xodimlari keladi va buni olib ketishadi.

Bizlarga ma‘lum bo‘lishicha, foto va video s‘yomka uzoqdan qilishgan varaqalarni olgani va bir-ikkita joylarga yopishtirganmi yo‘qmi¸ xullas kuzatilib, hammasi tayyor qilib qo‘yiladi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda huquq faoli.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.
O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.
Sur‘at Ikromovning aytishicha¸ 22 yashar Fazliddin Zaynuddinov 18 dekabr kuni qamoqqa olinganida unga hammomda bezorilik degan uydirma ayb qo‘yiladi va dastlab 15 sutkalik hibsga hukm qilinadi.

Ammo 15 kunlik hibs o‘rniga uni Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga olib kelib¸ unga tergov davomida O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishdan tortib¸ noqonuniy diniy-ekstremistik guruhlarga a‘zolik kabi o‘ta og‘ir ayblar qo‘yiladi.

Bunday ayblardan gangib qolgan ham Fazliddinning o‘zi¸ ham uning yaqinlari nihoyatda kuchli ruhiy bosim ostida qolgan va yaqinlari bu haqda 25 yanvarga qadar og‘iz ochishga ham qo‘rqib kelgan. Ular Fazliddinning maxsus xizlatlar fitnasi qurboni bo‘lganini o‘z xavfsizliklarini xatarga qo‘yib¸ menga gapirib berishdi¸ deydi Sur‘at Ikromov.

Ozodlik muxbiri Fazliddin Zaynuddinovning hozirgi ahvoli haqida uning yaqinlariga bog‘langanida¸ ular suhbatlashishdan cho‘chidilar va Fazliddinning hibsdagi ahvoli haqidagigi savollarga “hammasi yaxshi” degan mazmunda qisqa javob qilish bilan cheklandilar.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra¸ Fazliddin Zaynuddinov ishini olib borayotgan tergovchi bu talaba yigitga qo‘yilayotgan og‘ir ayblarni isbotlovchi biror dalil yo‘qligini tushunib yetganidan bo‘lsa kerak¸ ularning ayrimlarini olib tashlagan.

- Uchta moddani hozir olib tashlashga majbur bo‘lgan. Nimagaki qarasa isbotlaydigan joyi umuman yo‘q. Buning yuridik bir kuchi ham yo‘q. Sababi unga konkret isbotlar, dalillar kerak. Bu qo‘yilgan moddalar unga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun bunga hozir 244-modda 3-qismi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan ayb qo‘ygan. Bu modda uchun qamoq jazosi uch yil deb ko‘rsatilgan. Uch yilgacha bersa ham shartli ravishda bersa kerak¸ degan o‘yda O‘zbekistondagi diniy ayblar bilan qamalayotganlar ishi yuzasidan mustaqil monitoring olib borayotgan huquq faoli.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra¸ Fazliddin Zaynuddinovning Internetda mafkuraviy fitna tuzog‘iga tushirilishi O‘zbekiston maxsus xizmatlarining o‘zgacha fikrlovchilarni ovlash kampaniyasini virtual dunyoga ko‘chirganidan dalolat beradi.

Avvallari o‘zgacha fikrlovchilar cho‘ntagiga narkotik va qurol¸ so‘ngra uyiga Hizbut-Tahrir varaqalari va qora ro‘yxatdagi diniy adabiyotlar tashlab qo‘yish orqali qamoqqa olingan bo‘lsa¸ endilikda ular maxsus xizmatlarning Internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlar orqali boshlagan keng ko‘lamli mafkuraviy fitnasi tuzog‘iga tushmoqda¸ der ekan Sur‘at Ikromov¸ o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilarini ogohlantiradi.

- Hozir asosiy kurashni Internetga ko‘chirayapti. Shuning uchun bu ideologik provokatsiya va shantaj. Agar sizga kimningdir nomidan chiqib, mana shunaqa taniqli muloxifat partiyasi vakili yoki chet elga ketgan dindorman¸ deb gaplashmoqchi bo‘lsa¸ bundaylar bilan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilaman. Avvalambor aniqlash kerak o‘sha odammi yo uning nomidan kimdir uning nomini qo‘yib chiqayaptimi. Nimagaki shunaqa provokatsion narsalar juda ko‘p bo‘layapti keyingi paytlarda¸ deydi Sur‘at Ikromov.

Huquq faolining o‘z kuzatish va hisob-kitobidan kelib chiqib aytishicha¸ keyingi 13 yil mobaynida O‘zbekistonda noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlik ayblari bilan kamida 15 ming fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgan va ularning 11 mingdan oshig‘i ayni kunlarda uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tamoqda.

Hozircha Toshkent Islom universitetining 22 yashar talabasi Fazliddin Zaynuddinov ishining qachon mahkamaga oshirilishi va uning diniy ayblar bilan qamalganlar armiyasini to‘ldirish-to‘ldirmasligi noma‘lumligicha qolmoqda.

Maxsus xizmatlar Internetga tashlagan maxsus to‘r sirtmog‘iga ilingan bu yigit taqdirini kelgusida yana Ozodlikda kuzatib boring.
XS
SM
MD
LG