Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:59

Yashasin prezident! Bir o‘zi bilguvchidir.


Prezidentning o‘zidanam o‘tdi-da. Mamlakatning eng mahmadana yoshlari oldiga chiqivolib arining uyasini o‘zi qo‘zib qo‘ydi.

“Lyubboy savolingga juvob bo, atvichayu”, deganday qildi.

Bunaqa gapdan keyin so‘rashadi-da! So‘ramasa tili tanglayiga yopishib qolmaydimi!

Televideniye kafedrasi talabasi bergan o‘sha savolning mag‘zi budir:

- Mamlakatda inqilobiy vaziyat yetilib kelmoqda. Inqilob vaqtida o‘zingizni qanday tutasiz? Sizni o‘limga hukm qilishlari ehtimoli katta. O‘limga Saddam Husaynday tik borishga tayyormisiz yoki bizga do‘st bo‘lgan Shimoliy Koreyaga ketvorasizmi?

Prezident bo‘g‘ziga yopirilgan achchiqni g‘ilt etib yutdi – televizorda ko‘rdik-da – “juvob”ni uzoq chaynadi.

Медведев журналистика факултетида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:20 0:00
Бевосита линк

Televideniye kafedrasining beta‘sir talabasi qoniqmadi. Prezidentni “burchakka taqab” turivoldi:

- Aniq va konkret aytsangiz: Qatl qilinishga tayyormisiz, g‘oyalaringizni deb o‘lishga tayyormisiz, yo‘qmi?

Prezidentning “Tayyorman”, deyishdan boshqa iloji qolmadi.

MGUning Jurnalistika fakulьteti talabalari guras-guras kirib-chiqaverib pollari yoyilib ketgan auditoriyaning dars taxtasi oldida galstuksiz turgan yigit Rossiyaday eks-azamat o‘lkaning prezidenti emas, oddiygina, chuvakkina Dmitriyjon bo‘lib ko‘rinib ketdi ko‘zga.

Tomoshabin – noshukur banda. Unga issiq ham yoqmaydi, sovuq ham. Ilimiliq esa, tem boleye.

Rossiyaning eks-joriy-bo‘lg‘usi prezidentlari saylov-saylov o‘ynab ma‘ni-bema‘ni savollarga “atvichayu”dan qo‘llari bo‘shamay turgan paytda va umuman keyingi 20 yildan beri O‘zbekiston prezidentiga birov bir savol beray demaydi.

Savol bergan ham o‘zi, javob bergan ham o‘zi.

Maqtagan ham o‘zi, tanqid qilgan ham o‘zi.

O‘tgan haftada, chillaning qoq o‘rtasida taqdir in‘om etgan bir haftalik ta‘tilda bolishni quchoqlab televizor ko‘rdim.

Axborot “Respublika Vazirlar Mahkamasining 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan” majlisi to‘g‘risida hikoya qildi.

​Yana o‘sha holat. Prezident jon kuydirib “Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan o‘zgarishlar avvalambor turli salbiy tendentsiyalar haqida” gapirayaptiyu yig‘ilishda ishtirok etayotgan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qo‘mitalari raislari, O‘zbekiston respublikasi prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparati mas‘ul xodimlari, matbuot vakillari” Prezidentga quloq solay demaydiya! Hammasi daftariga bir narsalar yozish bilan band.

​Kim biladi nima yozishayotganini?!

Kim biladi, kennoyilarimizga ishq maktubi yozishayaptimi?!

Balki kennoyilarimizning kundoshlariga yozishayotgandir?

Islom aka esa, boodob odam emasmi, bir narsa deyishga tortinadi. “Hoy, baraka topkurlar, quloq solinglar, nutqimning matnini olasizlar yoki O‘zAdan o‘qivolarsizlar, men sizlarga gapirayapmanmi, devorgami?” demaydi.

To‘g‘ri, ba‘zi og‘ziga kuchi yetmaganlar mulozimlardan bosh ko‘tarmay o‘tirishni Karimovning o‘zi talab qiladi, daftariga yozmay o‘tiradiganning joni nechta ekan, deydi.

Yolg‘on, deymiz bunga javoban. Dushmanlar bo‘htoni, deymiz.

Hamma gap mulozimlarning erinchoqligida, mamlakatdayu dunyoda nima bo‘layotganiga qiziqmaganida.


​Agar qiziqqanlarida edi, prezidentdan “Islom aka, axir 2 yilgina oldin jahon iqtisodiy inqirozining O‘zbekistonga ta‘siri yo‘qligi haqida gapirgandiyz, bu haqda kitob ham yozuvdiyz, nega endi bugunga kelib aksini gapirayapsiz”, deb so‘ragan bo‘lardilar.

So‘ramaydilar. So‘rashni bilmaydilar.

Shuning uchun ham savol bergan ham prezidentning o‘zi, javob bergan ham.

Maqtagan ham o‘zi, tanqid qilgan ham o‘zi. Bir o‘zi bilguvchidir.


Axborotning reportajini ko‘rarkan, qulog‘im Islom akadayu ko‘zim tasvirda. Bir payt kamera saroyning charog‘on shiftini ko‘rsatdi. Sanashga ulgurib qoldim. Shiftning birinchi aylanasida 31 ta chiroq yonib turibdi. Ikkinchi va undan keyingi aylanalarni sanashga ulgurmadim.

Ana, borakanku, elektr. Yonib turibdiku!

Internet, ayniqsa bu yil, yot unsurlarning O‘zbekistonda gaz taqchil, yorug‘lik taqchil, degan xabarlariga to‘lib ketdi.

Bittasi hatto 90-yillar boshida Armanistonda paydo bo‘lgan bir jumlalik latifani esladi.

“Xayrli kech, janob prezident, kechki ko‘rsatuvlarimizni boshlaymiz”, deb boshlardi ekan dasturni o‘sha davrda Armaniston TVsi diktori. Chunki, elektr faqat prezident saroyida bo‘lgan ekanda!

Bugungi O‘zbekistonni 20 yil oldingi Armanistonga o‘xshatib bo‘ladimi? Albatta, bo‘lmaydi!

O‘zbekiston TVsi diktori dasturlarni faxr bilan “Assalomu alaykum, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qo‘mitalari raislari, O‘zbekiston respublikasi prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparati mas‘ul xodimlari” deb boshlashi mumkin.

Tilga olinganlarning uylarida bu yil biron marta ham chiroq o‘chgani yo‘q, deb qat‘iy ishonch bilan ayta olamiz.

Albatta, agar ularning o‘zlari “Chiroq o‘chdi”, o‘yini o‘ynab qo‘ymagan bo‘lsalar.

Har holda mulozimlar o‘yin o‘ynamayotgan bo‘lsalar kerak. Chunki Marks boboning “Manifest”idagi birinchi jumlani sal o‘zgartirib aytsak, ”Evroosiyo bo‘ylab bir sharpa kezib yuribdi. Inqilob sharpasi”.

Rossiyalik talabaning prezidentga qo‘rs savol berishiga izn berish bilan, Kreml siyosiy texnologlari Duma saylovlaridan keyin qaynay boshlagan inqilob choynagi qopqog‘ini biroz ko‘tarib qo‘ygan bo‘ldilar.

O‘rta asr tabiblarining bemorning “harom qoni”ni chiqarishiga o‘xshagan bu tadbirdan qanchalik foyda chiqishi hozircha belgisiz.

O‘zbekistonda esa, Kreml tutumining aksini ko‘ramiz. Bu mamlakatda suv to‘la choynakni sovutgichning muzxonasiga tiqib qo‘yishgan.

Hamma teshigi yopiq choynakni ichidagi qaynayotgan suv portlatib yuborganidek, muz ham choynakni yorib yuborishini hisobga olishmayotganga o‘xshaydi.
XS
SM
MD
LG