Линклар

Qirg‘izistonda o‘zbek millatiga mansub Usmonjon Xolmirzayevni o‘ldirganlikda ayblanayotgan 4 militsionerga nisbatan mahkama davom etmoqda.

Asli Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumanida istiqomat qilgan, biroq Rossiya fuqarosi bo‘lgan Usmonjon Xolmirzayevning bevasi Zulfiya opa so‘nggi paytlarda o‘zi va oila a‘zolariga nisbatan sudlanayotgan militsiya xodimlari va ularning yaqinlari tomonidan tahdidlar bo‘layotganini, sudlanuvchilar da‘vodan bosh tortish evaziga pul taklif qilayotganini aytmoqda.

Ozodlik: Zulfiya opa, hozir vaziyat qanday, sud jarayoni qanday ketayapti?

- Sudya yangi tayinlandi, prokuror almashdi. Hozir bu yildagi birinchi sud bo‘lib o‘tdi. Guvohlar tinglandi. Biroq ular imkoni boricha bizga qarshi harakat qilyapti.

Ozodlik: “Ular” deganingiz kim?

- Sudlanayotgan to‘rtalasi. “Biz urug‘-aymoqlimiz, senlarni yo‘q qilib yuboramiz”, deyishayapti.

Ozodlik: Qo‘rqitishni ham boshlashdimi?

- Ha, bo‘lyapti. 10 marotabadan oshiqroq bizga pul taklif qilishdi. Birinchisida “500 ming pul, 1ta qo‘y”, deb mahalla komiteti orqali aytgan ekan. Biz bosh tortdik. Keyin yana ko‘pchilikni o‘rtaga solishdi “2 million pul, uy beraylik”, deb. Biz qarshi bo‘lganimizdan keyin yana bir odamni yuborishibdi “og‘ziga siqqanicha so‘rasin”, deb. Men har qancha pulga O‘smonjon sochining bir dona tolasini almashtirmayman. Kecha bo‘lib o‘tgan sudga kelganimizda ham “bez jertv ne oboydetsya”, deb taxdid qilishgan.

Ozodlik: Tahdirlarni kim qilayapti, sudlanayotganlarning akasimi, opasimi, aniq kimligini bilasizmi?

- Telefon orqali bo‘lyapti. Kimlardir orqali “ular shunaqa deyapti”, deb aytilayapti.

Ozodlik: Bu to‘g‘risida bir yerga arz qildingizmi?

- Ha aytdim. Jaloloboddagi “Spravedlivost” huquqni himoya qilish tashkilotiga, Bishkekdagi “Qilim shami” tashkilotiga ariza yozdim.

Ozodlik: Militsiyagachi?

- Militsionerlarning o‘zi sudlanuvchilar bilan hamtovoqku.

Ozodlik: Sudda taxdid bo‘layotganini aytdingizmi?

- Aytdim. Shunaqa, pul taklif qilishdi desam, sudlanuvchilar “Kim shunday qildi?”, deydi. “Sen”, dedim. “Sen tonmagin, qilg‘iliqni qilib, aybingni birovga to‘ngama, sen odam o‘ldirgansan, sen yana taxdid qilding, yana o‘sha xarom pullaringni menga taklif qilayapsan”, dedim sudda. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevga murojaat jo‘natdim. Unda “Sud 7 oydan beri surilib kelayapti, imkoni boricha yordam berishinglarni so‘rayman. Yana tahdidlar bo‘layapti”, deb barchasini ochiq-oydin yozdim.

Ozodlik: Bu xatni qachon yozdingiz?

- 24 yanvar kuni yozdim. Radioga yozayotganingizda aytib qo‘ying, meni vijdonim sotilmaydi. Qo‘shib qo‘ying, bizda o‘lik sotilmaydi. Men ularning taxdidlariga tufurganman, qo‘rqmayman, -dedi Zulfiya opa.

Usmonjon Xolmirzayev 2011 yilning 7 avgustida Bozorqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limida kaltaklangan edi. 9 avgust kuni esa u olingan tan jarohatlari natijasida Bozorqo‘rg‘on tuman kasalxonasida olamdan o‘tgan.

2011 yilning 9 avgust kuni Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Usmonjon Xolmirzayev o‘limi yuzasidan to‘rt militsionerga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Xolmirzayev o‘limi yuzasidan mahkama xavfsizlik nuqtai nazaridan Chuy viloyati So‘quluq tuman sudiga ko‘chirilgan. Mazkur holat yuzasidan so‘ngi mahkama shu yilning 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi.
XS
SM
MD
LG