Линклар

Tushdan keyin vajohatli opa kelib, bizga suddagilarning “taklifnomasi”ni tashlab ketdi. Sudga kelishimiz bilan ikki politsiyachi xar birimizga ikkitadan qog‘oz tarqatib chiqdi.

Davomi, birinchi va ikkinchi qismi.

Birida sudning qonuniy o‘tgani, shikoyatimiz yo‘qligi, advokat xizmatimizni qilgani, tarjimonga ehtiyojimiz yo‘qligi yozilgan ekan. Shartta qo‘l qo‘yib, qog‘ozni qaytarib berdik.

Ikkinchi qog‘ozda sudning hukmi yozilgan edi. Endi o‘qiy boshlaganimda, politsiyachi navbatim kelganini aytib, bir xonaga olib bordi.

Ichkariga kirsam ikkita ayol o‘tiribdi, biri kinodagi sudyalarga o‘xshaydi, jingalak sochlari sudyalar kiyadigan “parik” o‘rnini bosib turibdi.

Ikkinchi ayol kompьyuterda berilib, qarta o‘ynayotgan ekan. U bir marta ham monitordan boshini ko‘tarmadi.

Sudya opa familiyamni so‘ragach, oldida taxlanib turgan qog‘ozlar orasidan yupqa papkani topdi.

- Men sudyaman, bu ayol sizning advokatingiz, ishingiz bilan tanishdik. Ko‘rinishdan tuppa- tuzuk yigit ekansiz, tilimizni yaxshi bilarkansiz. Bizga savollaringiz bormi?,- dedi.

Ortidan darov qo‘shib qo‘ydi:

- Agar savollaringiz bo‘lmasa, sizga ruxsat, navbatdagilar kirsin,- deya sudya opa ham kompьyuterda qarta o‘ynashni boshladi.

Sudga kirib chiqishga ikki minutdan oshiq vaqt ketmadi. “Chekistlar” degan kinoda har bir odamga uch minut vaqt ajratilar edi. Bu opalar ularning shogirdi bo‘lsa kerak, “ustozdan o‘zmagan shogird, shogirdmi?”

Tungi soat o‘n birda mashinada ikki politsiyachi va olti o‘zbek “spetspriyomnik”ka keldik.

Ikkita darvozadan o‘tib, bir qavatli bino ichiga kirdik. Bizni olib kelgan politsiyachilar qaytib ketishdi.

Bu yerdagilar biz bilan tanishib chiqqach, barchamizni yechintirib rosa tekshirishdi. U yoqqa egilib, bu yoqqa egilib, o‘tirib - turib qomatimizni ko‘z-ko‘z qildik. Xuddi modellar tanlovida qatnashganday.

Keyin “xonalar kam, odam ko‘p, sizlarni bitta, ikkitadan bo‘lib joylashtiramiz” deyishdi.

Brigadirimiz ko‘pni ko‘rgan odam, bizdan ko‘ra bir-ikki pampersni ko‘proq yirtgan, darrov politsiyachilar bilan shivirlashib til topishdi.

Keyin yonimizdagi bor pulni berib, qo‘shimchasiga qozoq amakiga qo‘ng‘iroq qilib, nazoratchilarning telefoniga pul o‘tkazib berdik.

Natijada VIP deya ta‘riflangan to‘rt kishilik xonaga olti hamqishloq joylashdik.

Xona kichik bo‘lib, ikki qavatli karavotdan ikkitasi yonma –yon qo‘yilgan, o‘rtada kichkina stol. Ko‘rpa-to‘shaklar uch kishiga yetdi. Burchakda g‘isht bilan o‘ralgan xojatxona bor.

Ko‘k choyga “davleniye” tushib, qora choyga ko‘tarilib ketishini eslab, suv ichib, yota qoldik. Yuqoridagi karavotga chiqib, kimdir tashlab ketgan po‘stinni dumaloqlab yonboshlab, sud qarori yozilgan qog‘oz bilan tanishib chiqdim.

Mehmondo‘stlikda qozoqlar bizdan o‘tsa o‘tarkanki, qolishmas ekan. Mehmonning izzati uch kun degan gapga amal qilishgan shekilli, bu yerga uch kunga “dam olish”ga yuborishibdi.

Qo‘shni xonadagi ikki tojik bola ovqat mahali hammaga xizmatda bo‘lishdi. Ovqatlari yomonmas, nolimayman.

Faqat oshpazlarning tajribasi kamroq shekilli, qozonning o‘tini doim erta o‘chirib qo‘yishadi.

Oshpazning shogirdi parishonxotir bo‘lsa kerak, qozonga go‘sht solishni unutib qo‘yadi.

Nazoratchilar yelib-yugurib xizmatimizni qilishadi, baraka topgurlar.

Atrofdagi do‘konlar qimmat shekilli, nazoratchilar pulimizga buyurtma bergan narsalarning yarmini olib keladi.

Biz 8-xonadamiz, 6-xonada xorazmliklar, 21- da qashqadaryoliklar.

Tuynukdan boshimizni chiqarib:

-Oltinchi, oltinchi, men sakkiz, men sakkiz, nos bormi?,- deb so‘raymiz.

-Men oltinchi, sakkiz sizni tushundim, navbatchi o‘tib qolsa berib yuboraman,- degan javob bo‘ladi.

Yotgan joyingizda “O‘zbeklar bormi?” deb baqirsangiz, hatto politsiyachilar xonasidan ham “Bor!” deb hayqirishadi.

Uch kundan so‘ng politsiyachi opaga sovg‘a - salomni berib, bundan buyon mehmondorchilikka chaqirib ovora bo‘lmasligini aytib, qozoq amakining uyiga keldik.

Qo‘shni qiz meni ko‘rib yashnab ketdi. Kechqurun u suvga chiqqanida men ham qayta-qayta ketmon, kuraklarni yuvib keldim.

Bu yerdagi ishimizni bitirib, yana ikki oycha qozoq amakining qarindoshlarinikida xizmatda bo‘lib, yomg‘irli kuz kunlarida vatanga yo‘l oldik.

Shunday qilib ilk xalqaro safarim nihoyasiga yetdi.

Hali hech kimga aytmadim, yangi safarga hozirlik ko‘ryapman. Hamma “Rossiya, Rossiya” deydi, men ham qiziqib turibman.

Rossiyaga qishloqda mendan boshqa hamma borib keldi-yov. Hatto oqsoqol Nurillo bova ham yaqinda olgan kampirini qoldirib, bahorda ketmoqchi. Oqsoqolning brigadasiga qo‘shilib olsammikin.

Xayr uzun sochli Qarlig‘ashim, omon bo‘lsak uchrasharmiz...
XS
SM
MD
LG