Линклар

Avvalgi yillarda tojikistonlik musulmonlar ibodat qilgan 229 ta masjid, tojik rasmiylari tili bilan aytganda, “2012 yilda va undan keyin ham yoshlar va qariyalarning hordiq chiqaradigan maskaniga aylanadi”.

Davlat qaydidan o‘ta olmagan ana shunday masjidlarning 70 tasi Xatlon viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘p sonli jurnalistlarga matbuot anjumani bergan Xatlon viloyati raisi G‘aybullo Afzalov bu hududdagi masjidlarning choyxona, klublar va sport markazlariga aylantirilishiga oid ma‘lumotlarni tasdiqladi.

Ayni paytda Xatlon viloyatining mahalliy amaldorlari Afzalov janoblari topshirig‘i asosida masjidlarni jamoat joylari, ijtimoiy inshootlarga aylantirish uchun jiddiy kirishgani kuzatiladi.

- Ayni paytda noqonuniy beshta masjidning faoliyati o‘zgartirildi. Ularning o‘rniga choyxona, tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari va sport markazlari tashkil qildik. Bu markazlarni texnik jihozlash uchun byudjetdan mablag‘ ajratiladi. Endilikda fuqarolar choyxonalarga aylantirilgan bu binolarda to‘y va boshqa tadbirlarini o‘tkazishi mumkin, - der ekan Xatlon viloyatining o‘zini Kasirov deb tanishtirgan mahalliy amaldorlaridan biri yo‘lga qo‘yilgan tadbirlar mahalliy aholi va dindorlar roziligi bilan amalga oshirilganini qo‘shimcha qildi.

Tojikiston rasmiylarining ta‘kidicha, asosan sanitariya va gigiyena qoidalariga javob bermagan masjidlar faoliyati to‘xtatilgan.

Sal avvalroq mamlakat Bosh prokuraturasi vakillari respublika masjidlarining sanitariya va gigiyena holatini o‘rganishga kirishgan edi. Ular tayyorlagan hisobot natijalariga asosan respublika janubidagi masjidlar imomlaridan bir nechtasi ogohlantirish oldi.

Xatlon viloyati aholisi orasida xos obro‘-e‘tiborga ega bo‘lgan imom Saidjon hukumat rasmiylarining “masjidlarda tozalikka rioya qilinmayotgani”ga oid aytganlariga qo‘shila olmasligini aytadi.

- Bu nima hukumat idorasimi sanitariyaga javob bermay? Masjid eng pokiza joy-ku. Hammasi bekorchi gaplar. Hozir jamoat joylarida ham namoz o‘qigani qo‘yishmayapti. Bu hammasi bir bahona. Maqsad Islomni qisish, boshqa gap yo‘q, - deydi imom Saidjon.

Mustaqil tahlilchilar masjidlarning o‘rnini sport va madaniy maskanlar hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlariyu choyxonalarga bo‘shatib berish hukumatning oldindan rejalashtirgan ishi ekanini urg‘ularkanlar, “bundan ko‘zlangan maqsad diniy muassasalar sonini qisqartirishdir”, deya mulohaza bildirmoqdalar.

- Xatlon viloyatining barcha tumanlari, bu tomondan Isfara va boshqa tumanlardagi qanchadan-qancha masjidni ko‘rib kelganman. O‘shalarning birortasida “iflos yoki tib qoidalariga javob bermaydigan” degan xulosa chiqarilmagan. Endi bir odam biror ish qilmoqchi bo‘lsa, bir ayb yuklashi kerak-da. Hozir ham qaysi masjidga kirsangiz, tahorat oladigan joylariga juda katta ahamiyat berilgan. Masjidni boshqa narsaga aylantirish Islom shariatiga to‘g‘ri kelmaydi. Buning gunohi katta, - deydi Tojikiston Islom markazi ulamolar kengashida 2000 yillar boshida faoliyat qilgan sobiq mas‘ul xodim, shayx Xudoyberdi Egamberdiyev.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, so‘nggi bir necha oy davomida Tojikistonning Xatlon viloyatiga tegishli yuk vagonlarining O‘zbekiston hududida qolib ketayotgani ortidan bu hududdagi ijtimoiy vaziyat taranglashgan bir pallada rasmiylarning masjidlarga oid qabul qilgan yangi qarori jamiyatdagi barqarorlikni izdan chiqarishi tabiiy.

Tojikiston hukumatining Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi qabul qilgan yangi qarorga binoan, bundan buyon respublika masjidlarida ishlovchilar ham ko‘p qatori davlatga soliq to‘lay boshlaydi.

Ayni paytda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, respublika hududidagi masjidlar va ular xodimlarining umumiy ro‘yxati hozirlanmoqda ekan.
XS
SM
MD
LG