Линклар

74 yoshini nishonlayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga uning tug‘ilgan kuni munosabati bilan nima tilagan va shu kuni u kishi bilan uchrashib qolsangiz unga nima sovg‘a qilgan bo‘lardingiz?

Bu ikki savol bilan “Hafta savoli” rukni ostida O‘zbekiston va uning tashqarisida yashayotgan tinglovchilarimizga murojaat qildik.

Savollarimizni dastlab Islom Karimov mansub bo‘lgan avlod vakili, andijonlik oqsoqol Sadiroxun akaga berdik.

-Tilagim shuki, imkon boricha, xalq va millat g‘amini yeydigan prezident bo‘lsa! Masalan, bizda elektr toki bir soat-yarim soatgina berilayapti. Pensiyalarimizni bir oy, ikki oydan keyin olayapmiz.

Prezidentga kitob sovg‘a qilgan bo‘lardim. Qanaqa kitob bo‘lsayam, baribir. Chunki kitobda ahloq-odob juda ko‘p bo‘ladi.

Andijon viloyat atrof-muhitni himoya qilish qo‘mitasi bo‘lim mudiri Akmaljon Mirzaxo‘jayev:


-Avvalo oilaviy baxt tilayman. Baxtimizga sog‘u salomat bo‘lsin. Yurtimizni ko‘tarib, odamlarni ko‘tarinki ruhda saqlab, yurtimizda tinchlikni saqlab yurganiga rahmat. Sovg‘am, sog‘liq-da, endi. Sog‘liq sovg‘a qilgan bo‘lardim.

O‘zbekiston Erk demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq harakati lideri Muhammad Solih:


- Har bir inson zotining bu dunyoga kelishi agar bu dunyo uchun va insonlar uchun xayr bo‘lsa, uning tug‘ilishi haqiqatan o‘zini oqlagan bo‘ladi. Afsuski, O‘zbekiston tepasida o‘tirgan hozirgi rahbarning tug‘ilishi O‘zbekistonga xayr olib kelmadi va bu kunda unga aytadigan mening iliq so‘zim yo‘q. Chunki 22 yillik hukmronlik davrida xalimiz ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ijtimoiy jihatdan eng tubanlarga tushdi va bugun O‘zbekiston butun dunyo davlatlarining ichida eng past saviyada ko‘rinayapti hisobotlarda. Buning ham asosiy sababchisi O‘zbekistonni 22 yildan beri boshqarib kelayotgan insonning zimmasiga tushadi. O‘sha insondir sababchisi. Shuning uchun bugun tug‘ilgan kuni haqida biror-bir iliq so‘z ayta olmayman.

Farg‘ona viloyat, So‘x tumanida yashovchi 45 yoshdagi o‘qituvchi Kamoliddin:


- Birinchi tinchlikni saqlayapti, yana tinchlikni saqlasin. Borda endi jamiyatda, hayotda har xil tabaqadagi insonlar. Ba‘zi sohalarda adolat bo‘lsin deyman. Ahamiyat bersin. Hayotdagi nimalar boshliqqa yetib bormaydi deyishadi. O‘zining liniyalari bilan agar imkoni bo‘lsa, xalq o‘rtasiga kirib borib xalqning ichida bo‘lishini xohlardikda. Sovg‘a tinchlikni saqlagani uchun rahmat. Alohida sovg‘am yo‘q. Minnatdorchilik ham katta sovg‘aku.

Ismini aytmasligimizni so‘ragan O‘zbekiston xalq shoiri:


- Mening tabrigim yo‘q. U kishiga tabriklar uchun odamlar baland pillapoyalarda o‘tiradi. Bizlar juda faqir odamlarmiz. Bizga yo‘l bo‘lsin tabriklashga.

Toshkentdagi Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘ini kotibasi Dildora:


- Baxtimizga sog‘ bo‘lsinlar. Davlatimiz tinch bo‘lsin. Unaqa yoshlardan ko‘pini ko‘rsinlar. Nima sovg‘a qilgan bo‘lardim? Bilmadim. Unaqa nimalarga ehtiyojlari bo‘lmasa kerakku eng muhimi baribir yaxshi tilak. Kichkina odammi, katta odammi shirin so‘z bo‘lsa, yaxshi tabrik bo‘lsa, o‘shaning o‘zi yetadi deb o‘ylayman men.

Moskvadagi inson huquqlari “Memorial” markazining O‘zbekistondagi faoli Mo‘‘tabar Ahmedova:


- Men uni prezident sifatida qabul qilmaymanda 1997 yildan beri. Men bu iddaoyimdan qaytganim yo‘q. Borgan sari kuchaydi bu narsasi. Shuning uchun unga qiladigan bitta sovg‘am, hozirgi sovg‘am, Ollohdan so‘rayman buni, sovg‘amas Ollohdan so‘rayman, O‘zi unga kifoya qilsin.

Uznews.net Internet nashri bosh muharriri Galima Buxorboyeva:


- U yoki bu shaxsning tug‘ilgan kuni tabarruk bayram va shundan kelib chiqib, albatta, Karimovni tabriklayman. U kishining yoshi 74 ga chiqdi. Buncha yoshga chiqqan odamdan o‘zgarish kutish qiyin. Lekin men baribir Karimovni o‘zgarish yasashga, O‘zbekiston boshqa yo‘ldan rivojlanishga urinib ko‘rishiga imkon yaratish uchun iste‘foga chiqishga chaqirgan bo‘lardim. Chunki uning mamlakat oldidagi “xizmati” O‘zbekistonni feodalizm davriga qaytarish yo‘lidagi urinishlaridir. Sovg‘a masalasiga kelsak, u kishining moddiy boyliklarga ehtiyoji yo‘q. Karimovning o‘zi har bir o‘zbekistonlikka bir g‘ishtdan oltin, qizlari kiyim-kechagu taqinchoqlar sovg‘a qilishi mumkin. Shuning uchun men u kishiga gul sovg‘a qilgan bo‘lardim.

Xorazm viloyat Shovot tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi:


- Tabriklar bo‘yicha boshqa mutaxassislarga qilib ko‘ring. 877-51-877ga. Yo‘q, 51-799ga chiqsangiz yaxshi. 34-51-799.

Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidan 70 yashar Hasan bobo Choriyev:


- Karimovni tug‘ilgan kunida yomonlar edim. 20 yildan beri xalqni qiynab kelayaptiyu. Xalqni pichoq, qilich bilan o‘ldirmay bigiz bilan o‘ldirayapti. Sovuq, svet yo‘q, ichimlik suvi yo‘q. Qari odam yoshi kattaygandan keyin kallasi ishlamay qoladi. 70 yoshdan keyin davlat rahbarlari siyosatga bo‘lmaydida. Odam yoshi o‘tgandan keyin ko‘p narsaga qiziqmaydida. Mana hozir davlatni boshqarishning o‘zi bo‘ladimi. Uning uchun yurish kerak, tinmaslik kerak, bosh qotirish kerak. Qari odam besh vaqt namoz o‘qib Xudo deb turishi kerakda endi. Nimadan qo‘rqaman bolam? 70ga kirdim o‘rta umrimni ko‘rdim endi. Davlat meni pishirib yeydimi nima qilsa qilaversin. Men Amerikaga ikki marta borib keldim. Amerikadagi tuzumlarni ko‘rib keldim. Baribir O‘zbekiston vatanim, tug‘ilgan joyimni sog‘inaman bolam. U yerdagiday emasda bu. Qashqadaryoda suv ham yo‘qda. Xalqning og‘ziga suv tegmaydida. Suvga ham yolchimaydida qarshiliklar.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekov:


- Sovg‘am tilak bo‘lishi mumkin. Chunki moddiy sovg‘a qilishga menda u kishining ko‘nglini oladigan imkoniyat yo‘q. Birinchidan, 1989 yildan beri xalqimizga qilgan xizmatlarini aniqlash, 1989 yildan keyin mehnatlari natijasini ko‘rish uchun bir orqaga qarab, kim edigu kim bo‘ldik degan o‘zlari qo‘ygan savolga javob topishlarini va o‘sha javobni ko‘ngildan aytib, ya‘ni astoydil aytib nimaga erishganligini, xalqimizga xususan o‘zbek xalqiga qanday xizmat qilganliklarini o‘zlari ko‘rib nazaridan o‘tkazib xolisanillo baho berishlarini istardim. Yana bir tilagim bor ediki, menimcha, u kishining tarixda o‘rni bor. Tarixda o‘rni bor odam o‘zlari qilgan butun faoliyatlarini o‘zlari boshchiligida tuzilgan konstitutsiyaga qiyoslab ko‘rishlarini tilagan bo‘lardim. Umuman men har qanday kishiga, jumladan bu kishiga tilayman. Umri O‘zbekiston xalqiga, O‘zbekistondan tashqaridagi o‘zbeklarga ham xizmat qila olishini va tarixda Islom Abdug‘aniyevich Karimov degan o‘zbekning prezidenti o‘tgan edi degan nomga loyiq qolgan umrlarida ham bo‘lsa harakat qilishlarini istardim.
XS
SM
MD
LG