Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:59

O‘zbekiston qishloqlarining sovqotgan maktablarida dars vaqti qisqartirildi


Bu yilgi qishning sovug‘iga devorga osilgan xaritayu portretlar dosh bermoqda xolos.
Bu yilgi qishning sovug‘iga devorga osilgan xaritayu portretlar dosh bermoqda xolos.
O‘zbekistondagi ayrim qishloq maktablarida o‘quvchilar sovqotmasliklari uchun dars vaqti 45 daqiqa o‘rniga 25 qilib belgilangan.

- Darslar 20-25 minut. Sovuq bo‘lgani uchun darslarni tez-tez o‘tib, qolganini uyga berib yuborishyapti. Faqat, komissiya kelsa, 45 minut o‘tishadi,- deydi Xorazmning Yangiariq tumanida yashovchi sakkizinchi sinf o‘quvchisi Feruza.

Bolalar darsda ustki kiyimlarda va hatto qo‘lqopda o‘tirishibdi. Ba‘zi o‘quvchilar sovuqqa dosh berolmay darslarga ham kelmayapti, deydi o‘z ismini aytmagan boshqa bir o‘quvchi.

- Muzdek xonalarda darsda o‘tirib, sovqotib ketyapmiz. Ba‘zilar shu bois darsga kelmayapti. Qishda doim shunaqa bo‘ladi. Bu faqat bizni maktabda emas, hammasi shunaqa, sovuq,- deydi o‘z ismini aytmagan yangiariqlik yana bir o‘quvchi.

Ota-onalarning farzandlari shamollab qolmasin deb darslar 25 minut o‘tilishiga rozi bo‘lmasdan boshqa iloji yo‘q, deydi Feruzaning dadasi Bahodir aka.

- Dars payti o‘qituvchilar va o‘quvchilar og‘zidan bug‘ ko‘tariladi, buni ko‘rib daxshatga tushasiz. Bolam shamollab qolmasin deb darslar qisqartirilishiga rozi bo‘ldik, na iloj,- deydi Bahodir aka.

Ayrim puldor ota-onalar esa repetitorlarni yollab farzandlarini uyda o‘qitishmoqda. Urganchlik Nazira opa shunday ota-onalardan biri.

- O‘zi maktablarda hozir o‘qish yo‘q. Yana darslarni 25 minut qilib qo‘yibdi. Farzandi bilimli bo‘lishini istagan ko‘pchilik ota-onalar hozir uyiga yonidan pul to‘lab repetitor chaqirtiryapti”, - deydi uch farzandning onasi Nazira opa.

Xorazm viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasi rasmiylari isitilmagan maktablarda darslar 20 minutga qisqartirilganini rad etdi.

- Dasrlar 20 minut bo‘lishi mumkin emas. Lekin, darsxonalar sovuq bo‘lsa pech qurilsin, ko‘mir oling, vaziyatdan chiqinglar degan gap aytilyapti. Darslar qisqartirilsin degan gap yo‘q. Buning uchun hokimni, tuman xalq ta‘limi bo‘limini buyruqi bo‘lishi kerak,- deydi Xorazm viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasi rasmiylaridan biri.

Lekin, sinfxonalari sovuqdan qaqshab yotgan maktablarning hammasida ham darslar qisqartirilmagan. Zukko o‘qituvchilar bolalar sovqotib qolmasliklarining boshqa yo‘lini topishmoqda. Ayrim maktablarda o‘quvchilarni sinfxonada har 20 daqiqada yugirtirib turishadi.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlari maktablarida ham sovuqchilik sabab ta‘tillar vaqti uzaytirilgani yoki darslar vaqti qisqartilgani o‘tgan yili ham kuzatilgan edi.
XS
SM
MD
LG