Линклар

Joriy yilning 1 fevralidan Sankt Peterburgda ishga ruxsatnoma olish niyatida bo‘lgan xorij fuqarolari daktiloskopiya qilinadi, ya‘ni ulardan barmoq izlari olinadi. Rossiya shimoliy poytaxtida tajriba sifatida joriy qilinayotgan bu yangilik mamlakatning boshqa mintaqalarida 2013 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.

Sankt Peterburg va Leningrad viloyatiga ish izlab kelayotgan mehnat muhojirlari ishlashga maxsus ruxsatnomani qo‘lga kiritish uchun avval barmoq izlari topshirishlari zarur bo‘ladi.

Shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylariga ko‘ra, bu yangilikning joriy qilinishiga MDH davlatlaridan kelayotgan migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sonining keskin oshib borayotgani sabab bo‘lgan.

“Aynan FMS taqdim etgan kriminal statistika Peterburg va Leningrad viloyatida daktiloskopiya registratsiyasini joriy etishga majbur etdi”,- dedi jurnalistlar oldida qilgan chiqishida mintaqaviy Federal migratsiya xizmati rahbari Yelena Dunayeva.

- 1 fevraldan boshlab Krasnogo Tekstilьshchika ko‘chasida ishga ruxsatnoma yoki patent olish masalasida murojaat qilayotgan barcha shaxslarni daktiloskopiya qaydidan o‘tkazamiz. Bulardan bizni, birinchi navbatda, mehnat muhojirlari qiziqtiradi, chunki bu qatlam eng ommaviy va eng muammolidir,- dedi Yelena Dunayeva.

Leningrad viloyati va Sankt Peterburg shahar Migratsiya xizmati boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib migrantlar og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan qotillik, zo‘rlash, talon-taroj va o‘g‘rilikka qo‘l urmoqda.

FMS rasmiylarining aytishicha, keyinchalik Rossiyadagi qochqinlar, doimiy yashashga ko‘chib o‘tayotganlar va vaqtinchalik yashashga kelayotganlardan ham barmoq izlarini olish yo‘lga qo‘yiladi.

“Daktiloskopiya birinchi navbatda mehnat muhojirlarining o‘zlariga ham ko‘p qulaylik yaratadi”, deya davom etadi Yelena Dunayeva.

- Masalan, O‘zbekiston elchixonasidan oylab ma‘lumotnoma olishning imkoniyati bo‘lmaydi, juda cho‘zvorishadi bu jarayonni. Daktiloskopiya qaydi esa migrantga bu jarayonlarni yanada tezroq o‘tishga imkon yaratadi. Ya‘ni, endilikda ma‘lumotlar bazasidan u yoki bu migrantning shaxsini tasdiqlovchi ma‘lumot olinishi mumkin. Ko‘p hollarda ish beruvchilar mehnat muhojirlarining hujjatlarini tortib oladi, ayrimlari yo‘qotib qo‘yadi. Shunday vaziyatda o‘z yurtiga qaytish uchun chiptani ular bizning ma‘lumotlar bazasi asosida berilgan ma‘lumotnoma bilan bemalol olaveradi, deydi Ozodlik bilan suhbatda Federal migratsiya xizmatining Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha rahbari Yelena Dunayeva.

2013 yilning 1 yanvaridan esa Rossiyaning boshqa mintaqalarida “Rossiya Federatsiyasida davlat daktiloskopiya qaydi to‘g‘risida” deb nomlangan Federal qonunga qo‘shimchalar kuchga kiradi. Bu qonunning 3-moddasiga binoan ishga ruxsatnoma so‘rab FMSga murojaat qilgan barcha shaxslardan barmoq izlari olinadi.

Tojikistonning Qabodiyon viloyatidan kelib Sankt-Peterburgda bir necha yildan beri ishlab yurgan O‘rolning Ozodlikka aytishicha, barmoq izlarini olish va nazoratning kuchaytirilishi mardikorlar uchun muayan qiyinchiliklar tug‘diradi.

- Biz jinoyat qilmaymizku, lekin boshqa tomondan davlat qonuni bo‘lsa nima deymiz, iloj yo‘q. Mening shaxsiy fikrimcha, buning biroz noqulayligi bor. Biz qonuniy bu yerda registratsiya qilamiz, registratsiya tugaganidan keiyn chekka-chekka joylarda qochib yuramiz. Ketadigan paytda 3 oylik falshiviy to‘g‘rilab ketamiz, to‘g‘rilamasdan ham ketishimiz mumkin. Milisa ushlasa 100-200 so‘m berib, hujjatlarimizni olib ketamiz. Aeroportda ham razresheniyang, dokumenting qani deydi, shu choy pulini oladi va qo‘yvoradi,- deydi tojikistonlik O‘rol.

Sankt-Peterburg Migratsiya xizmati boshqarmasi keltirgan ma‘lumotga ko‘ra, 2011 yilda muhojirlarga berilgan 186 mingta ish ruxsatnomasidan 100 mingdan ortiqrog‘i O‘zbekiston fuqarolariga berilgan, yana 9 mingta o‘zbekka bunday hujjat Leningrad viloyatida berilgan.

Shimoliy poytaxtda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 1,5 million mehnat muhojiridan qariyb 15 foizini o‘zbeklar tashkil etishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG