Линклар

AQSh rasmiylari terrorchilikda ayblanib o‘tgan hafta hibsga olingan asli o‘zbekistonlik Jamshid Muxtorov ishi bo‘yicha ba‘zi ma‘lumotlarni oshkor qildi. Ozodlik FBI Muxtorov ortidan o‘rnatgan kuzatuvning ba‘zi tafsilotlari keltirilgan hujjatni qo‘lga kiritdi.

Pokistondagi terrorchi guruhga o‘zini "fido" qilishga urinishda ayblanib, AQSh da hibsga olingan o‘zbekistonlik sobiq huquq himoyachisi va siyosiy qochqin Jamshid Muxtorov 15 yilga qamalishi va 250 ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Ozodlik radiosi AQSh Adliya Departamenti Milliy xafvsizlik boshqarmasidan olgan ayblov hulosasida aytilishicha, Jamshid Muxtorov jihodiy amaliyotni amalga oshirish maqsadida o‘z jonini berishga tayyor bo‘lib Turkiyaga otlangan.

Ozodlik radiosi qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, AQSh Federal tergov byurosi (FBI)ning Denverdagi Terrorchilikka qarshi kurash qo‘shma amaliyotlar guruhi Muxtorovni uzoq vaqtdan buyon kuzatgan, uning barcha telefon muloqotlarini eshitib, yozib olgan va qabul qilgan barcha SMS va elektron maktublarini tahlil qilgan.

Ayblov hulosasidagi barcha ayblovlar mahkamada o‘z tasdig‘ini topmagunicha iddaoligicha qoladi, Muxtorov esa aybsiz sanaladi, deya ta‘kidlaydi AQSh Adliya Departamenti o‘z hujjatida.

20 sahifalik ayblov hulosasida 35 yoshli Jamshid Muxtorovning Abumo‘min Turkistoniy laqabi bilan terrorchi tashkilot sanalgan Islomiy jihod ittifoqi (IJI) a‘zolari bilan yozishmalari va telefon muloqotlari aks etgan.

Bay‘at


2005 yildan buyon AQSh Davlat departamenti tomonidan Al-Qoidaga aloqador terrorchi tashkilotlar ro‘yhatiga kiritilgan Islomiy jihod ittifoqi FBI agentlari hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonda amalga oshirilgan bir qator hujumlarga mas‘uldir. 2007 yil sentyabr oyida Germaniyadagi AQSh va boshqa davlatlarga qarashli idoralarini portlatmoqchi bo‘lgan IJI a‘zolaridan 700 kilogramm portlovchi modda musodara qilingandi. 2004 yil iyul oyida IJI Toshkentda AQSh va Isroil elchixonalari hamda Bosh prokuraturaga qarshi xudkush hujumlar uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgandi.

FBI ning Jamshid Muxtorov ishi bo‘yicha ayblov xulosasining birinchi sahifasi.

FBI ning Jamshid Muxtorov ishi bo‘yicha ayblov xulosasining birinchi sahifasi.

FBI ning maxsus agenti Donald Xeyl hisobotiga ko‘ra, Muxtorov IJI bilan ularning veb-sayti administratori Abu Muhammad orqali tanishgan.

Tergov materiallarida Muxtorovning IJI vakillari bilan emin-erkin telefon suhbatlari keltirilgan.

Shaxsi tergovchilargagina ma‘lum kishi bilan Muxtorovning 2011 yil 8 mart kuni yozib olingan suhbatida ikkovlon Juma Namangoniyni eslashib, telefon suhbatlarini eshitayotganlarni la‘natlashadi.

22-23 mart kunlari Muxtorov Abu Muhammadga yozgan maktubida IJI ga bay‘at yoki qasamyod qilgan, deyiladi hujjatda.

“Muxtorov o‘zining har qanday vazifaga, hatto o‘limga ham tayyorligini aytadi. Abu Muhammad esa, keyinroq uning bay‘ati qabul qilinganini ma‘lum qildi”.

Ularning o‘zaro suhbatlari “to‘y”, “to‘yonona”, “to‘y boshi”, to‘yga tayyorgarlik” kabi so‘zlar atrofida o‘ralashgan. Muxtorov o‘zining ham to‘yga taklif etilishini va to‘y boshiga to‘yga tayyorganlik qilishga yordam berishni xohlashini qayta-qayta ta‘kidlaydi.

FBI agentining o‘z tajribasiga tayanib bergan hulosasida “to‘y” termini ortida terrorchilik hujumi yashiringani bildirilgan.

Suhbatlarining birida gap “Sahvi” va “Tolib” ismli “jihod yo‘lidan chekingan” kishilar haqida boradi. Ular go‘yo jamoani ich-ichidan yemirayotgan viruslar sifatida ta‘riflanadi va ularga nisbatan “antivirus” qo‘llash (bartaraf etish) lozimligi ta‘kidlanadi.

Qizim, sen bilan jannatda ko‘rishamiz...


FBI agentlari Muxtorovning o‘z oila a‘zolari bilan suhbatlariga ham alohida ahamiyat qaratadi. AQSh da yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlagan Muxtorov 8 iyul kuni navbatdagi buyurtma bilan Arizonaga keladi.

Yo‘l-yo‘lakay, u Nargiza ismli turmush o‘rtog‘iga sim qoqib, “Bu yerlar Jizzahga o‘xshar ekan. Shu yerda yashasak bo‘lar ekan” deydi.

“Siz Turkiyaga ketmoqchi emasmidingiz?”, deya kulib javob beradi Nargiza.
Boshqa bir telefon suhbatida Nargiza janjal ustida “Siz bizni tashlab Turkiyaga ketmoqchisiz-ku” deb yig‘laydi.

Bu epizodlarda tergovchilar Muxtorovning rejalaridan uning turmush o‘rtog‘i ham xabardor bo‘lganligiga ishora qilmoqda-mi, degan savol ochiq qolmoqda.

25 iyul kuni Nargiza bolalarini olib Bishkekga jo‘nab ketishidan avval Muxtorov o‘z qizi bilan gaplashib, uni bu dunyoda boshqa ko‘rmasligini, ammo yaxshi muslima qiz bo‘lsa, u bilan jannatda ko‘rishishini aytadi.

1 avgustda Muxtorov o‘z otasiga o‘qish rejasi bilan sentyabr oyida safarga chiqib ketayotganini bildiradi.

2012 yil 1 yanvar kuni Muxtorov o‘z ishidan bo‘shaydi.

Hibs


Uzoq tayyorganliklardan so‘ng Muxtorov nihoyat 21 yanrvar kuni Chikago – Istambul samolyotiga chipta sotib oladi. Aynan shu kuni tushda AQSh havfsizlik kuchlari uni Chikagoning O’Xer aeroportida hibsga olishadi. Jamshid Muxtorov ularga qarshilik ko‘rsatmaydi.

Muxtorov ortidan olib borilgan uzoq kuzatuv shu bilan yakun topdi. Muxtorov terrorchi tashkilotga moddiy ko‘mak berish yoki ko‘mak berishga harakat qilishni nazarda tutuvchi AQSh jinoyat kodeksining 18-moddasi 2339 B qismi bilan ayblanmoqda. Muxtorov misolida terrorchi tashkilotga o‘zini "fido" qilish ham aynan shu band asosida ta‘qib etiladi.

Tergov materiallarida Muxtorovning AQSh hududida hujum uyushtirishda gumon etilmayotgani ta‘kidlanadi. Ish mahkamaga topshirildi.
XS
SM
MD
LG