Линклар

O‘g‘ilmi yo qiz - kimga bog‘liq?


Xotinidan o‘g‘il tug‘ib berishni talab qiladigan musulmon erkaklar, o‘g‘ilni ham, qizni ham O‘zi berishini esdan chiqarmasligi, undan tashqari bu masala ko‘proq o‘zlariga bog‘liq ekanini bilib qo‘ysalar foydadan holi bo‘lmasdi, deydi kuzatuvchiyu mutaxass

Xotinidan o‘g‘il tug‘ib berishni talab qiladigan musulmon erkaklar, o‘g‘ilni ham, qizni ham O‘zi berishini esdan chiqarmasligi, undan tashqari bu masala ko‘proq o‘zlariga bog‘liq ekanini bilib qo‘ysalar foydadan holi bo‘lmasdi, deydi kuzatuvchiyu mutaxass

Afg‘oniston politsiyasi qiz tuqqani uchun xotinini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan erni qidirmoqda. Qunduz viloyatida ro‘y bergan hodisa qurboni 28 yoshli Storai ismli ayolni, uchinchi marta qiz tuqqani uchun eri va qaynonasi o‘ldirgani aytilmoqda.

Bu voqea aksar musulmon jamiyatlari, xususan o‘zbeklar orasida ham o‘g‘il ko‘rishga moyillik hodisasini eslatadi, deydi kuzatuvchilar. Shu paytgacha o‘zbek erkagi qiz tuqqan xotinini o‘ldirgani haqida eshitilmagan bo‘lsa-da, bu masala ustida o‘zbek oilalarida janjal chiqishi hollari ko‘p uchraydi. Biroq mutaxassislar farzandning jinsi birinchi navbatda erkak kishiga bog‘liq ekanini aytishadi.

Afg‘onistonning Qunduz viloyati politsiyasi uchinchi qiz tuqqani uchun o‘ldirilgan 28 yoshli Storai ismli juvonning qaynonasini hibsga olgani aytilmoqda. Uni o‘tgan yakshanba kuni bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan eri, aytilishicha u janggari guruhi a‘zos bo‘lgan, hozirda politsiya tomonidan qidirilmoqda. Bu odamning mintaqadagi janggari guruhi ichida yashiringani taxmin qilinmoqda.

Kuzatuvchilar Afg‘onistonda ayollar ko‘p hollarda oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lishini aytishadi. Yaqinda 15 yashar kelinchak o‘zidan ikki barobar katta eri va uning oila a‘zolari tomonidan bir necha oy davomida qiynoqqa solingani haqidagi voqea ko‘pchilikni dahshatga solgan edi.

Afg‘onistonda yosh ayolning qiz tuqqani uchun hayotidan mahrum qilingani aksar musulmon jamiyatlarida o‘g‘il ko‘rish istagi kuchliligi bilan bog‘liq muammoli holatni eslatadi.

Xususan, o‘zbek erkaklarining ham birin-ketin qiz tug‘ib bergan, yoki birinchisini o‘g‘il tug‘ib bermagan xotinining dilini xufton qilishi hollari ko‘p uchraydi. Toshkentlik ikki o‘g‘il onasi Klara opa bu muammo hatto o‘zbekcha teleseriallada ham tez-tez ko‘tariladi, deydi.

- Albatta musulmonlar orasida asosan mana shu o‘zbeklarda ko‘pincha o‘g‘il farzand ko‘rishlikni erkaklar ko‘proq xush ko‘rishadi. Mana hozir televizorda O‘zbekiston kanalida “Opa-singillar” degan videofilm bo‘layapti. O‘shani har kun ko‘rib borayapman. O‘shanda ham kelini uchinchisiga qiz tuqqani uchun ham qaynonasining otnosheniyesi yomon bo‘lib qoldi. Hozirgi zamonda oramizda bor narsa bu.

Klara opa, Afg‘onistonda qiz tuqqan yosh ayolni o‘ldirshda o‘g‘liga yordam bergan, yoki 15 yoshli kelinchakni qiynashda ishtirok qilgan afg‘on qaynonasi bilan o‘zbek qaynonalari orasida o‘ziga xos o‘xshashlik borligini aytadi.

- Asosan ko‘pincha qaynonalar aybdor bo‘ladida. Hozir berilayotgan videofilm ham hayotdan olingan bo‘lsa kerak. Hadeb o‘g‘li ishdan kelsa ham “Sening zurriyoding qolmaydimi? Xotining o‘g‘il ko‘rmaydimi? Buning onasi o‘zi uch qiz tuqqan ekan. Hadeb qiz tug‘averadimi” deb masalan o‘g‘lini gij-gijlab yotibdi. Hayotda bor narsalarda bular.

Axir qaynonaning o‘zi ham ayol kishiku, u tug‘ilgan paytda ham otasi xursand bo‘lgandir, degan mulohazalarni ham o‘rtaga tashlaydi Klara opa. Bundan tashqari, deya davom etadi suhbatdoshimiz, ayol kishining ixtiyorida bo‘lganida, eri istgan o‘g‘ilni tug‘ib bermasmidi?

- Bu noto‘g‘ri. Qizni ham, o‘g‘ilni ham berguvchi Ollohku. Ayol kishi o‘zi yaratmaydiku. O‘g‘il bo‘lishini, qiz bo‘lishini oldindan bilmaydiku. Buni faqat Olloh taolo beradi. O‘shani tushunib masalan imonli e‘tiqodli odam albatta qizmi o‘g‘ilmi bunga shukronalar aytishi kerak. Olloh tomonidan berilgan ne‘matga shukr qilib, inson qo‘li bilan yaratmasligini tushunib yetishi kerakda. Men o‘zim qizim bo‘lmagani uchun aksincha qizni yaxshi ko‘raman. Qizim bo‘lsa edi deb orzu qilardim. Ollohning irodasi ekan ikkita o‘g‘lim bor Xudoga shukur, deydi toshkentlik ikki farzand onasi Klara opa.

Albatta, Klara opa aytganidek, o‘g‘ilmi, qizmi – O‘zi berguvchidir.

Biroq zamonaviy meditsina farzandning o‘g‘il yo qiz bo‘lishi kimga bog‘liq bo‘lishini aniqlashda ham ma‘lum natijalarga erishgan. Tibbiyot olimlari o‘tkazgan ko‘plab tadqiqotlar bola jinsi birinchi navbatda erkak kishiga bog‘liqligini ko‘rsatgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, ayollarda faqatgina X, ya‘ni qizlik xromosomasi bo‘ladi, erkakda esa ham X, ham Y, ya‘ni erkak xromosomasi bo‘ladi. Bola jinsini esa xromosomalarning ikki birikmasi belgilaydi bular XX va XY kombinatsiyalaridir. XX birikmasida qiz tug‘iladi, XY kombinatsiyasida esa o‘g‘il tug‘iladi.

Aynan erkak urug‘idagi X va Y xromosomalaridan qaysi biri ayolni urug‘lantirishda “uddaburonroq” bo‘lishiga qarab o‘g‘il yo qiz tug‘ilishi masalasi hal bo‘ladi, deydi mutaxassislar.
XS
SM
MD
LG