Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:34

Rishtonlik fuqaro gaz muammosi bois o‘zini osdi


23 yanvar kuni Farg‘onaning Rishton tumani Uchariq qishlog‘ida yashovchi fuqaro Abdurahmon Meliboyev gaz idorasi xodimlari bilan janjal natijasida o‘z joniga qasd qildi.

31 yanvar kuni Ozodlikning Farg‘onadagi manbalaridan biri Rishton tumanidagi suiqasd borasida ma‘lum qildi.

- Rishton tumanida Uchariq degan qishloq bor. O‘sha yerda bitta odamni “gazingni pulini to‘la” deb majbur qilgandan keyin yo o‘zini osgan, yo o‘ziga pichoq urgan. Shunaqa ikkita ma‘lumot bor. Bittasi osgan dedi, bittasi o‘ziga pichoq urgan dedi,- deya xabar qildi farg‘onalik manba.

Uchariq qishloq fuqarolar yig‘inidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, voqea 23 yanvar kuni sodir bo‘lgan.

Voqeadan xabardor rishtonliklardan biriga ko‘ra, gazdan kattagina qarzi bo‘lgan Abdurahmon Meliboyev gaz idorasi xodimlari bilan janjallashganidan so‘ng o‘zini osib o‘ldirgan.

Uchariq qishloq fuqarolar yig‘inidagi ma‘sul xodimlaridan biri, ma‘lum sabablarga ko‘ra ismi-sharifini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, 44 yoshli fuqaro Abdurahmon Meliboyev “Vodiygazta‘minot” tashkilotining Rishton tuman bo‘limi xodimlari bilan kelib chiqqan janjal oqibatida o‘z joniga qasd qilib, olamdan o‘tgan.

- U kuni o‘sha o‘lgandan keyin ekspertizaga olib borishib keldi. Shug‘ullanishayapti nimalar. Bilmadim nima bo‘ldi ekan. Prokuror ham shug‘ullanayotgan edi.

Bu hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini qo‘shimcha qilgan Uchariq qishloq fuqarolar yig‘inining ma‘sul xodimi voqeaning boshqa tafsilotlaridan bexabarligini aytdi.

Rishton tuman gaz idorasi xodimlari bu voqea haqida Ozodlik bilan gaplashishni xohlamadi.

Rishton tuman prokuraturasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Abdurahmon Meliboyevning o‘zini o‘ldirishi bo‘yicha jinoiy ish ochilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilayapti.

O‘zbekistonda keyingi paytda rasmiylar bilan janjal oqibatida fuqarolarning o‘z joniga qasd qilishi, asosan, o‘zini osib o‘ldirishi holatlari ko‘paygani kuzatilayapti.

23 yanvar kuni Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi 25 maktab direktori, 50 yoshli Hamdam Pardayev ham maktabdagi moliyaviy muammolar yuzasidan boshlangan taftish sabab o‘z uyida o‘zini osib qo‘ygan edi.

O‘tgan yilning 20 noyabr kuni qoramol o‘g‘irlaganlikda ayblanib hibsga olingan sobiq militsiya xodimi, 28 yoshli Almardon Ro‘ziqulov Qashqadaryoning Chiroqchi tumani IIB izolyatorida o‘zini osgan edi.

12 noyabr kuni Jizzax shahar 1-sonli ichki ishlar bo‘limining izlyatorida 21 yoshli Sodiqjon Ergashev o‘zini osgan, Sodiqjonning jasadini ko‘rgan amakisining o‘g‘li 16 yoshli Furqat ham o‘sha kuni uyida o‘zini osgan.

12 oktyabr kuni Toshkent viloyat hokimligining Iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i muovini Shavkat To‘rayev ishdan bo‘shatilgach o‘zini osgan edi.

12 sentyabr kuni paxta ustida Surxondaryo viloyat xokimidan dakki eshitib, tunni ichki ishlar bo‘limida o‘tkazgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov ham o‘zini osgan edi.
XS
SM
MD
LG