Линклар

logo-print

Karimov tug‘ilgan kuniga Parijda piket o‘tkazildi


Islom Karimov 74 yoshga kirishi munosabati bilan o‘tkazilgan norozilik aktsiyasida 50 yaqin faol qatnashdi.

Islom Karimov 74 yoshga kirishi munosabati bilan o‘tkazilgan norozilik aktsiyasida 50 yaqin faol qatnashdi.

Parijda xalqaro inson huquqlari guruhlari, bir guruh o‘zbek faollar hamda frantsuz jamoatchiligi vakillari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning tavallud kuni munosabati bilan norozilik tadbiri o‘tkazdilar.

30 yanvar kuni O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi yaqinidagi Malzerb maydonida o‘tkazilgan tadbir “Siyosiy mahbuslarga ozodlik!”, “Dunyo jamoatchiligi O‘zbekistondagi yovuz siyosatga bepisand qolmasligi kerak!”, degan shiorlar ostida bo‘ldi.

Norozilik yig‘inida ASAT-France (Qiynoqlarga qarshi nasroniylar harakati), Inson huquqlari Ligasi, Xalqaro Amnistiya, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro Federatsiya FIDH, Front Line Huquq himoyachilarini himoya qilish Jamg‘armasi, O‘tyuraklar klubi, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston huquq himoyachilari Alьyansi vakillaridan iborat ellikka yaqin odam qatnashdi.



“O‘tyuraklar” Klubi rahbari, o‘zbekistonlik taniqli huquq himoyachisi Mo‘‘tabar Tojiboyevaga ko‘ra, namoyish dastlab O‘zbekiston elchixonasi qarshisida o‘tishi mo‘ljallangan edi, ammo elchixona diplomatlari tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar va diplomatik vakolatning keng qo‘llanilishi bois piket joyi o‘zgartirilgan.

Piketchilar 200ga yaqin gaz bilan shishirilgan sharlar, shu kunlarda mahbuslikda qolayotgan o‘nlab o‘zbek siyosiy mahbuslarning havaskor rassomlar tomonidan chizilgan portretlari, "Siyosiy mahbuslarga ozodlik!" degan so‘zlar bitilgan plakatlarni ko‘tarib turishdi.

- Bu tadbirni Karimov tug‘ilgan kunida o‘tkazishimizni sababi, birinchidan uni aynan tavallud topgan kunida atrofidagi odamlar ko‘klarga ko‘tarib, aynan uni davrida ijobiy natijalarga erishilgani haqida gapirib uni hursand qilishsa, biz aynan mana shu kuni O‘zbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy vaziyatni qanchalar og‘irlashib ketganligi, bundan tashqari O‘zbekistonda ta‘qiblar, bosimlar, dindorlarning ommaviy qamalayotgani, o‘zgacha fikrlovchi fuqarolik jamiyati faollari, jurnalistlarning hibs etilayotgani, qiynoqqa solinayotgani, barcha barchasi aynan Islom Karimov davlatni boshqarayotgan bir paytda sodir etilayotgan jinoyatlar haqida eslatish uchun bu tadbirni tashkil qildik,- deydi Parijda boshpana topgan "O‘tyuraklar" klubi rahbari, o‘zbekistonlik huquq himoyachi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

O‘zbekistoni 23 yildan beri idora etib kelayotgan Islom Karimov 30 yanvar kuni 74 yoshga kirdi.
XS
SM
MD
LG