Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:04

Litsenziyasiz taksichi bir yil oldi


Uzbekistan - taxi in Tashkent, 05Jan2012
Uzbekistan - taxi in Tashkent, 05Jan2012

Toshkent shahrida litsentsiyasiz taksichilik qilgan fuqaro bir yil muddatga ahloq tuzatishga hukm qilindi.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi U. Sarimsoqov maxsus litsenziyaga ega bo‘lmasdan turib, yo‘lovchilarni tashigani uchun sudga tortildi.

Mirzo Ulug‘bek tuman soliq inspektsiyasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, U. Sarimsoqov bir oy ichida ikki marta ushlanib, litsensiyasiz taksichilik qilib yurgani aniqlangan.

O‘zini oshkor qilmagan soliq xodimining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, U. Sarimsoqov birinchi bor ushlanganida ma‘muriy javobgarlikka tortilgan. Ikkinchi bor ushlanganida ham litsenziyasi bo‘lmagan Sarimsoqov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 190-moddasi, ya‘ni “Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, bir yil muddatga ahloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Sud hukmiga ko‘ra, Sarimsoqov ish haqining 20 foizi bir yil davomida har oy davlat byudjetiga o‘tkaziladi.

2012 yilning 1 yanvaridan boshlab joriy qilingan taksichilik faoliyatiga doir yangi tartibga ko‘ra, fuqarolarga maxsus litsenziyaga ega bo‘lmasdan kirakashlik qilish taqiqlanadi.

Ushbu tartibni ilk bor buzgan taksi haydovchilariga ma‘muriy jazo, ikkinchi bor buzgan jismoniy shaxsga jinoiy jazo qo‘llaniladi.

Litsenziyasiz taksichilik qilgan shaxs ikkinchi bor ushlanganida Jinoyat kodeksining 190-moddasiga ko‘ra, uch yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi yoki eng kam ish haqining 25 barobaridan 75 barobarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortiladi.

Yangi tartibni buzgan yuridik shaxslarga belgilangan ma‘muriy jazo eng kam ish haqqining 50 barobaridan 150 barobariga qadar qilib belgilangan.

U. Sarimsoqov noqonuniy kirakashlik bilan shug‘uddanib, jinoiy javobgarlikka tortilgani ma‘lum bo‘lgan yagona fuqaro bo‘lib qolmoqda.

Toshkent shahri Sirg‘ali tuman soliq inspektsiyasi ma‘sul xodimining, o‘zini tanishtirmagan holda aytishicha, o‘tgan bir oy davomida Sirg‘alida birorta ham taksichi jinoiy jazoga tortilmagan.

- Bizlarda hozir ikki marta tushgani yo‘q. 20ta ushlandi. Litsenziyasizlar bo‘layapti. Ikki marta takrorlanib tushganlar yo‘q. Biz dokumentni sudga beramiz. Chorasini sud ko‘radi,- dedi soliq xodimi.

Toshkent viloyati Qibray tuman soliq inspektsiyasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, tumanda o‘ndan ziyod litsenziyasiz kirakash ushlangan. Biroq tumanda ikki bor ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan taksichilar bo‘lmagan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining "Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan taksi avtomobillari maxsus terminal yoki kassa apparati bilan ta‘minlangan bo‘lishi lozim.

Taksi haydovchisida litsenziya olgani haqidagi guvohnoma hamda tibbiy varaqa bo‘lishi shart. Haydovchining yoshi esa 21 yoshdan kichik bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, Toshkent shahridagi taksilarning rangi qaymoqrang, O‘zbekistonning viloyatlaridagi taksilarning esa sariq rangda bo‘lishi shart.

Ozodlik suhbatda bo‘lgan soliq xodimlariga ko‘ra, hozirda terminal bilan kassa apparat masalasida taksichilarga qa‘tiy talab qo‘yilmayapti. Boisi, terminal va kassa apparatlarini yetkazib berishda muammolar bo‘layotganini aytishdi ular.

Hozirda asosiy talab litsenziya va taksining rangi bo‘layapti.

Toshkentlik Sarvar aka Tiko mashinasida 10 yildan buyon kirakashlik bilan shug‘ullanib keladi.

Sarvar aka hozircha bu ikki talabni bajarmasa ham kechalari chiqib taksichilik qilayotgani va kunduzi tanish-bilishlariga kirakashlik xizmati ko‘rsatishni davom ettirayotganini aytadi.

- Taksi belgi qo‘ymayapman. Qo‘yish mumkinmasku, narusheniyeku. Qo‘ymasadan haydab yuribman hozircha. Ko‘pchilik taksistlar hozirgacha yuribmiz. Baribir sekin-sekin chastniy firmalarning taksilari ko‘payapti. Beyjoviy svetga bo‘yamasang litsenziya bermaydi. Hali bo‘yaganim yo‘q. Jalko bo‘yash, lekin nima qilamiz boshqa iloji yo‘q. Chastniy firmaga kirib litsenziya olish kerak, yuridicheskiy litsodan 350 ming atrofida litsenziya patent bo‘ladi. Keyin kuniga 15 mingdan 25 mingga so‘mgacha pul to‘lashingiz kerak,- deydi Sarvar aka.

Gazeta.uz nashri bergan ma‘lumotga ko‘ra, Toshkent shahrida aholiga taksi xizmati ko‘rsatuvchi 100 dan ziyod shirkat va ular ixtiyorida bo‘lgan 1200 tadan ortiq avtomashina mavjud.

Ayni paytda O‘zbekiston poytaxtida 35 ming nafargacha nolegal taksichi-kirakashlar borligi taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG