Линклар

Yillar davomida gaz bilan isitib kelinayotgan uylarda, gaz tanqisligi bois omonat qurilgan qo‘lbola o‘choqlar xatar manbaga aylanmoqda.

O‘zbekistonliklarning qish o‘chog‘i


O‘zbekistonda har yilgidan qattiq kelgan qishning oltmishi o‘tib o‘ttizi qolgan bo‘lsa ham, uyni isitish, choy qaynatib, ovqat pishirish uchun yoqilg‘i masalasi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Bu o‘choqlarda yoqilayotgan eski rezina g‘ildiraklar, tom yopadigan ruberoid uvadalari va rezina ichaklardan chiqayotgan zaharli duddan xastalanganlar haqida ma‘lumotlar bor.

Andijon viloyatida ko‘mir dudidan zaharlanib shifoxonaga tushganlar haqida gapirgan respondentlar qish mavsumidagi bunday holatlar xavfli tus olganidan tashvish bildirishdi.

Qashqadaryoning Qarshi shahrida uyiga tog‘orada cho‘g‘ kiritib isinmoqchi bo‘lgan ayolning ko‘mir dudidan esi og‘ib cho‘g‘ ustiga yiqilib tushgani va qattiq kuyish jarohati olgani haqida qarshilik 38 yashar huquq faoli Gulshan Qorayeva gapirib berdi.

- Bizlarning bir qo‘shnimiz cho‘g‘ kirgizib yiqilib kuyib qolgan. Gaz yo‘q. Biz tomonlarda cho‘milish juda qiyin. Endi yuvinish kerak. Cho‘g‘ kirgizgan banyasiga. Cho‘milaman deb yiqilib tushganda kuyib qolgan. To‘shakda yotibdi o‘sha. O‘zi medsestra, deydi Gulshan Qorayeva.

Suhbat davomida Gulshan Qorayeva gaz tanqisligi va qattiq sovuq bois qashqadaryolik fuqarolar nima to‘g‘ri kelsa shuni qo‘lbola pechkalarda yoqishayotganini bildirdi.

- Men o‘zim o‘tinda o‘tiribman. Hamma har xil yashayapti hozir. O‘zimning akamlar ko‘mirda o‘tiribdi. Ko‘mir o‘tin aralashtirib yoqayapmiz. Lekin u ham xavfli baribir. Bizlarning ko‘chada uch kishi ko‘mirda o‘tiribdi. Gollandskiy pechka, uncha xavfli emas. Asosan o‘tin bilan yonayapti hozir. Tezak ham yoqayapti mahallamizdagilar. Topganini yoqayaptida hozir. Rezina ham yoqayapti. Rezina yaxshi yonadida, o‘tinni tez ilashtirib olib ketadi. Rubroydlar borku tomning ustiga yopiladigan ana shundan bor. O‘shalarni ilashtirib yoqib yuboraman. Tez yonadida. O‘tinni tez oldiradi. Zaharli, endi nima qilasiz. O‘zim ham bir-ikki kun kasal bo‘lib qoldim. Bir-ikkita ko‘mir otiqcha tashlab yuborgan ekanman, ko‘ngillarim aynib shunaqa holat bo‘ldi. Keyin ko‘mirni yoqmay qo‘ydimda faqat o‘tin yoqadigan bo‘ldim, deydi Gulshan Qorayeva.

Andijonliklar ko‘mir dudi va is gazi xavfidan ogoh qilindi


31 yanvar kuni Andijon Tibbiyot institutida sud meditsinasi kafedrasi mudiri, professor Aleksandra Churikova aholi vakillari va talabalar oldida is gazidan zaharlanish oqibatlari haqida ochiq ma‘ruza qildi.

O‘zbekistondagi www.uzinform.com nashri Churikova ma‘ruzasidan iqtibos keltirdi:

“Qish kunlari andijonliklar gaz yo‘qligi bois o‘tin, ko‘mir yoqishmoqda. Bu o‘z navbatida uy ichida chala yongan o‘tin ko‘mirdan chiqqan is gazi to‘planib qolishiga olib keladi. Bu gaz inson organizmiga nafas yo‘llar bilan kirib zaharlaydi. Ko‘p hollarda bu o‘lim bilan tugaydi”.

Churikova ma‘ruza so‘ngida aholini is gazidan ogoh bo‘lishga chaqirgani ham aytiladi.

Andijon viloyati kasalxonalariga is gazidan zaharlangan bir necha fuqaro murojaat qilgani haqida ma‘lumotlar bor.

"Karimovning ko‘miri"


Gaz va elektr tanqisligi barobarida O‘zbekistonda toshko‘mir narxi oshgani kuzatildi. Ko‘mir sotadigan omborlarda "Karimovning ko‘miri" degan arzon ko‘mir sotilmoqda.

Farg‘onaliklar bu ko‘mirni sotib olib yoqa olmay hunob bo‘lganidan, istehzo bilan "Karimovning ko‘miri" deb nom qo‘yishgan.

Bu aslida ko‘mir emas, balki shunchaki bir tog‘ jinsi, deydi namanganlik iqtisodiyot fanlari nomzodi Rasuljon Abdumajidov.

- "Karimov ko‘miri" deyilishining sababi gaz yo‘q, masalan Farg‘ona vodiysining hamma viloyatlari, masalan Namangan viloyati samosvallarni sotib olib, Angrendan ko‘mir tashib aholini ta‘minladi. Lekin bu ko‘mir o‘tindan xarob. Chunki o‘tinning kilo kaloriyasi 3000, ko‘mirniki 2000 bo‘lib qoldi. Bizga toshko‘mir kerak edi. Angrendan 60 million yildan keyin ko‘mir bo‘ladigan ko‘mirni olib kelib, yo issig‘i yo‘q, boshqa yo‘q o‘tiribmiz, deydi Rasuljon Abdumajidov.

Abdumajidovga ko‘ra, "Karimovning ko‘miri" deb sotilayotgan matax yonmaydi va sassiq tutun chiqaradi. Bu tutun esa zaharlidir.

- Bu ko‘mir bo‘lishi uchun yana 60 million yil kerak. Jinday sassig‘i chiqadi, deydi Rasuljon Abdumajidov.

O‘zbekistondagi gaz tanqisligi bois nafaqat soxta ko‘mir, balki ishlatilgan shinalar ham yoqilmoqda.

Xorazmning Sorimoy hududida yashovchi Quryoz aka ishlatilgan motor moyini duradgorlar chiqindisi bo‘lgan yog‘och qirindilariga qo‘shib yangi yoqilg‘i yaratganini bildirdi.

Quryoz aka O‘zbekistondagi qattiq sovuq ana shunday ixtirolarga yo‘l ochayotganidan g‘ururlanib gapirdi.

Faqat bunday ixtirolarning xavfsizlik tarafi inobatga olinmagani mutaxassislar e‘tiroziga sabab bo‘lmoqda.
XS
SM
MD
LG