Линклар

logo-print

Marg‘ilonning Sholdirama mahallasida yashovchi Matkarimovlar xonadonida gaz ta‘minotidagi uzilishlar bois kelib chiqqan yong‘in natijasida uch bola olamdan o‘tdi.

Marg‘ilonda bir oy avval sodir bo‘lgan ushbu fojeali voqeani Ozodlikka 1 fevral kuni Sholdirama mahallasida yashovchi Abdulloh ma‘lum qildi.

Ozodlik baxtsiz hodisa ro‘y bergan xonadon boshlig‘i 35 yoshli Hikmatillo Matkarimov bilan bog‘landi. Oradan bir oy o‘tgan bo‘lsada Hikmatillo hamon o‘ziga kelgani yo‘q.

Ozodlik bilan suhbatda Hikmatillo o‘sha fojeali voqeani og‘ir dard bilan esladi.

- Gazdan bo‘ldi, gazdan yonib ketdi. Erta bilan turib, azonga yaqin edi, chiroqni bitta yoqdimu qanaqa qilib eshikdan otilib chiqib ketdim o‘zim bilmayman. Dahlizda bolachalar bor edi. Ikkitasi o‘sha yerda edi. Katta uyda qizim bilan rafiqam edi. Qo‘shnilar chiqib katta uyning derazasini sindirib oldik. Derazadan ayolimni tortib oldik, qizim yiqilib tushgan ekan, ko‘rmay qoldikda. Dahlizdan chiqib ketib qaytib kirguncha, o‘zim yonib chiqdimda. Kiraman deyapmanu o‘tning issig‘iga kira olmayapmanda,- deya o‘kinadi suhbatdosh.

Hikmatillo Matkarimov qo‘shnilar yordamida rafiqasini qutqarishga muvaffaq bo‘ldi. Bolalarini qutqarishga kirgan payti o‘t uning o‘ziga ham tutashib ketdi. Hushidan ketgan Hikmatillo tez yordam mashinasida shifoxonaga jo‘natildi. Voqeaning boshqa tafsilotlarini Hikmatilloning o‘zi ham keyin eshitdi.

Yong‘inda kuygan uch farzandi shifoxonaga yetkazilgan, biroq ularning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmaganini aytadi Hikmatillo.

Yong‘in oqibatida Hikmatillo Matkarimovning ikki qizi va bir o‘g‘li - 4 yoshli Rubina, 7 yoshli Muhammadali, 11 yoshli Dildora qurbon bo‘ldi.

Bugungi kunda er-xotin Matkarimovlarning ham sog‘ligi joyida emas. Ularning ikkalasining ham yong‘in natijasida tanasining 20 foiz qismi kuyib ketgan.

Hozirda birovning uyida ijarada yashayotgan Matkarimovlardan hukumat tomonidan biror yordam berildimi deya so‘radik.

Hikmatillo bu kabi gaplar hozir ko‘ngiliga sig‘mayotganini aytdi.

- Hozir bu yoqning yordami ham ko‘nglingizga sig‘maydida. Shuning uchun endi bilmayman, eson-omon, o‘lmay sog‘ayib olsak, keyin bir narsa bo‘lar. Bola-chaqangizning oldida uy-joy, pul-mul hech narsa ko‘rinmas ekanda. Shuning uchun hozir bu narsalarni o‘ylamayapmiz. Ozgina xayolimizdan ko‘tarib olaylik. Yeru ko‘kka ishonmas edim bu bolalarni. Hamma bilardi mening bolam qanaqaligini. Xudodan ekan, endi. Maktabda ham a‘lochi edi bular. Yeru ko‘kka ishonmay katta qilardim,- deydi Hikmatillo.

"Marg‘ilongaz" idorasi ma‘sul xodimi, o‘zini tanishtirmagan holda Matkarimovlar xonadonidagi yong‘in gaz tufayli kelib chiqqanini tasdiqladi. Biroq voqeada xonadon egalarini aybladi.

- Yong‘inda uchta o‘lim bo‘ldi. Bu endi xonadon egalarining aybi bilan bo‘lgan. Ular motor qo‘ygan uylariga, gaz so‘rdirish uchun. O‘sha portlab ketdi,- dedi "Marg‘ilongaz" xodimi.

Sholdirama mahallasida yashovchi Abdulloh akaga ko‘ra, mahalladagi barchaning uyida gaz so‘rdirish uskunalari o‘rnatilgan.

- Bizda gaz yo‘qligidan "Hotam gaz" degan narsa bor. Bu dalnoboyshiklar yo‘lda ovqat qilish uchun olib yuradigan narsa. Bizlar shunaqa narsa olib kelganmiz. Propan gazni 10-20 kunda bir marta borib zapravka qilib kelamiz. Shunda ovqat qilamiz, choy qaynatamiz. Hikmatilla ham shuni ishlatar edi. Uyi yongani yetmaganday, uch bolasi tirigida yonib ketdi,- deydi Abdulloh aka.

O‘zbekistonda gaz muammosi bois fojeali voqealar tez-tez kuzatiladi.

26 yanvar o‘tar kechasi Jizzaxning G‘allaorol tumanida yashovchi Alimardon Yusupov xonadonidagi yong‘in natijasida ikki bola nobud bo‘ldi.

23 yanvar kuni esa Farg‘onaning Rishton tumani Uchariq qishlog‘ida yashovchi 44 yoshli Abdurahmon Meliboyev gaz idorasi xodimlari bilan janjal natijasida o‘z joniga qasd qildi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Andijon shahrida gaz moslamasi portlab kamida 4 odam, Quvasoyning Qo‘chqorchi qishlog‘ida esa, is gazidan bir oila nobud bo‘lgan edi.

Marg‘ilonning o‘zida ham 2010 yilning oxirida Muhammadjon ismli 35 yoshli yigit uyida gaz portlashi oqibatida xonadon sohibi kuyib kasalxonaga yotqizilgan edi.
XS
SM
MD
LG