Линклар

Toshkent hokimligi binosi biznes markazga aylanadi


Toshkent shahar hokimligi binosi poytaxtning eng xashamatli binolaridan biri hisoblanib kelgan.

Toshkent shahar hokimligi binosi poytaxtning eng xashamatli binolaridan biri hisoblanib kelgan.

Toshkent shahar hokimligining Amir Temur ko‘chasidagi ”Ma‘naviyat va ma‘rifat markazi”ga qarashli to‘rt qavatlik g‘ishtin binoga ko‘chirilishi aytilmoqda.

Toshkent shahar hokimligining Amir Temur shohko‘chasida joylashgan hashamatli binosidagi mulozimlar boshqa binoga ko‘chishga kirishdi.

Hokimlik binosi esa yaqin orada xalqaro biznes markazga aylantiriladi.

Bu ma‘lumotni Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda Toshkent shahar hokimligi qurilish va sarmoya dasturlari departamentining ismi sir qolishini istagan mulozimi tasdiqladi.

Internetdagi Uznews.net nashrining Toshkentdagi manbalarga tayanib yozishicha, shahar hokimligi Amir Temur ko‘chasidagi respublika ”Ma‘naviyat va ma‘rifat markazi”ga oid to‘rt qavatlik g‘ishtin binoga ko‘chiriladi.

Respublika "Ma‘naviyat va ma‘rifat markazi" binosi kiraverishida o‘tiradigan qorovulning Ozodlikka aytishicha, ayni kunlarda bino ta‘mirlanib "yangi egalarini kutmoqda".

“Yangi egalar”ning kim ekanligiga suhbatdosh aniqlik kiritmadi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Toshkent shahar hokimligi binosi buzilishi haqida O‘zbekiston xavfsizlik tizimlariga yaqinligi aytiladigan Uzmetronom.com internet gazetasi bildirgan edi.

Bu ma‘lumot tarqalganidan keyin Savdo palatasi ijarasidagi ikki qavatli Toshkent shahar hokimligi binosiga yondosh bino buzib tashlangan edi.

Ammo bugunga kelib Toshkent shahar hokimiyati binosi buzilmasdan boshqa maqsadlar uchun foydalanilishi aytilmoqda.

Rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligining Amir Temur shohko‘chasida joylashgan hashamatli binosi xalqaro biznes va sarmoya markazi sifatida ishlatiladi.

Xokimlik binosi mulozimlar uchun kattalik qilayotgani, ko‘chirish boisi sifatida ko‘rilmoqda.

Toshkent shahar hokimiyatining hozirgi binosi 90-yillar o‘rtalarida, Kozim To‘laganov shaharga hokimlik qilgan yillar boshida tezlikda qurilib, foydalanishga topshirilgan edi.

Kozim To‘laganov Toshkent shahriga 1994-2001 yillarda hokimlik qilgan.

O‘zbekiston Oliy Majlisi binosi bilan bir paytda qurilgan Toshkent hokimiyati binosi, 90-yillar o‘rtalarida poytaxtdagi eng hashamatli bino bo‘lgan va davlat xazinasi, o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilarga bir necha yuz million dollarga tushgan edi.

Ayni shu bino qurilishi misolida Ozodlikka gapirgan Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasining sobiq raisi, O‘zbekiston sobiq vitse-prezidenti Shukrullo Mirsaidov, bu binoning O‘zbekistondagi korruptsiya ko‘lami va iqtisodning noto‘g‘ri o‘zandan ketayotganining o‘ziga xos ramziga aylanganini ta‘kidlagan edi.
XS
SM
MD
LG