Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:36

O‘zbek qizi odam savdogarlaridan qutildi. Ammo...


Shahzoda (ism o‘zgartirilgan - tahririyat) o‘zining Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridan ekanini, uni "do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlaysan" deb, aldov yo‘li bilan Moskvaga olib kelgan Laylo, Nafisa va Gulchiroy ismli ayollar (ularning familiyalari aniqlanmoqda - tahr.) ham samarqandlik bo‘lganini aytadi. Shahzoda hatto ulardan birining mahalladoshi ekanini tan oldi.

- Uyi joyi bor. Magazinda ishlayman degani uchun ishonib Moskvasiga birga keluvdim, deya gapida davom etadi Shahzoda.

Moskvaga yetib kelishim bilanoq bu yerga nima bilan shug‘ullanish uchun olib kelingani oydinlashganday bo‘ldi, deydi u.

- Aeroportdayoq "sen menga 30 kun ishlab berasan", deb aytdi. Qanday qilib, deb so‘radim. Keyin kvartiraga joylashganimda, "erkaklarga qo‘shilasan" deb aytdi. Birinchi kuniyoq, kvartira egasi meni majburladi,– deydi Shahzoda.

"Chidab turolmadim"


2012 yil 10 yanvar kuni Moskvaga yetib kelgach Shahzoda islovotxona egasi buxorolik Ramazon ismli kishi tomonidan kaltaklanib xo‘rlanadi, uning hujjatlari olib qo‘yiladi.

25 yanvar kuni Shahzoda baxtli tasodif tufayli metroda 29 yoshli buxorolik Sherzod ismli quruvchi yigitni uchratib yordam so‘ramagunga qadar fohishalik qilishga majbur qilingan.

- Yordam so‘rab murojaat qilib qoldi. Bular meni unday, bunday qilyapti, deb aytdi. Men seni ularning qo‘lidan qutqara olaman, qo‘rqmasang bo‘lgani, dedim. Chidab turolmasdan yordam qo‘lini cho‘zdim. Shu kuning o‘zidayoq Peterburgdagi xolasining uyiga olib keldim- deya voqeani eslaydi Sherzodbek.

"Ular jonimni olib qo‘ygan"


Hozirda Shahzoda xavfsiz yerga joylashgani bilan o‘ziga jabr berganlarga qarshi harakat qiladigan ahvolda emas. Shahzoda Rossiya va O‘zbekiston xavfsizlik idoralariga ariza bilan murojaat qilishdan qo‘rqayotganini qayta-qayta ta‘kidladi.

- Ramazon degani "Moskva kichkina shahar. O‘ldirtirvorsam hech kim bilmaydi", deydi. Ayam bor, ukam bor, men ularga dushman orttirishni xohlamayman. Men qo‘rqaman. Ular mening jonimni shunchalik olib qo‘ygan, xohlamayman- deya yig‘laydi Shahzoda.

Shahzodaning xaloskori Sherzodbekning fikricha, O‘zbekistondagi ishsiz va tushkunlik sababli o‘zbek ayollari tirikchilik ilinjida shu tariqa aldanib qolishmoqda.

Shahzodaga “Odam savdosi haqida gapiraverib O‘zbekiston televideniyesi quloqni teshib yuborayotgan bir paytda siz nega aldanib qoldingiz? O‘zbekistonda o‘zingizga ish topa olmadingizmi?” kabi savollarni berib o‘tirmadik.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston xavfsizlik idoralari vakillarining aytishicha, Shahzoda jinoyatchilarni topib jazoga tortishga yordam bermasdan, boshqa qizlar qatori, qilgan xatolari ustiga yanada kattaroq xatoga yo‘l qo‘ymoqda.

Vatan himoya qiladi


Senator Svetlana Ortiqova O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun mualliflaridan biri bo‘lib, odam savdosining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlariga yetakchilik qilib keladi.

O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi murosasiz kurash borayotganini ta‘kidlar ekan, Ortiqova ayollarni huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga aslo qo‘rqmaslikka chaqiradi.

- Sochlaringiz tikka bo‘lib ketadi. O‘zbek o‘zbekni sotayapti. Sotayotgan odam jinoyatchidir. Shunday jinoyatdan jabr ko‘rgan shaxslar yordam bermasa mana shu fojea bo‘laveradi. Bu qizlarga aytadigan gapim: Qo‘rqmanglar! Vatan himoya qiladi- deydi senator Ortiqova.

Svetlana Ortiqova bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG