Линклар

logo-print

Toshkent, Oqsaroy, I. A. Karimovga! Tabrik xatimni tug‘ilgan kuningizdan bir kun oldin jo‘natdim. Lekin Novosibir uzoq joy bo‘lgani uchun kechroq yetib borsa uzr so‘rayman.

Assalomu alaykum, mening jonajon O‘zbekboshim!

Charchamay-netmay, tug‘ilgan kun tashvishlaridan qutilib oldingizmi?

Novosibir o‘rmonlarida yashayotgan o‘zbeklar ahli va shaxsan o‘zim nomimdan siz muhtaramga otashin salomlarga qo‘shib, tug‘ilgan kuningizga atalgan tabrik xatini yo‘llamoqdaman.

Sog‘liqlaringiz yaxshimi, yangam chopib-chopqillab, o‘ynab-kulib yuribdimi?

Bizdan so‘rasangiz, hammamiz sog‘ –salomatmiz. Hanuz, uzzukun duoi joningizni qilib yashayapmiz.

Tirikchilikni eplab turibmiz, mahalliy aholi bilan quda-andachilikni ham boshlavordik.

Kecha sigirimiz egiz tug‘di, “og‘iz suti”dan sizgayam ilinib, ikki kunligini yig‘ib samolyotda yubormoqchi bo‘ldim.

Buni eshitganlar aytishdiki, saroyingizdagilarning hammasi ochofat ekan, sizga bermasdan o‘zlari yeb qo‘yisharmish.

Menimcha, gaplarida jon bor, o‘ylab qarasam mendan boshqa hamma sizga dushman ekan.

Saroydagilarning hech qaysiga ishonch yo‘q, hammasi payt poylab biror kun ko‘zingizga cho‘p tiqish payida.

Ayniqsa, bitta turqi sovug‘i bor, qishloqda svet yo‘g‘ida "Jinlipi" televizorimni akkumulyatorga qo‘shib, tomosha qilayotganimda ekranda ko‘rinib qolsa, qo‘rqqanimdan labimga uchuq toshib ketardi.

Doim sizni maqtab yuradigan shoiringizni ham ko‘zlari bejo. Oldingizda yolg‘ondakam iljayib turgani bilan ichida doim sizni so‘kadi. Rossiyadan chiqqan O‘lmas Kashsheyga o‘xshaydi. Balkim o‘shadir, harholda undan uzoqroq yurish kerak. Bunaqalarning joni tuxumida bo‘ladi, har zamonda ezg‘ilab tursangiz, haddidan oshib ketmaydi.

Chetda yurganlarning ham juda ko‘pchiligi sizga hasad qilarkan. Bir -biri bilan qorong‘uda topishib, sizga qarshi “shayka”lar tuzib olganmish.

Kunini ko‘rolmay, qiltillab, zo‘rg‘a yurishgani bilan og‘izlaridan inqilob tushmaydi.

Bittasi aytganmishki, olti oyda inqilobni sizning boshingizga "zakaznoy" qalpoq qilib, kiydirib qo‘yarmish.

Ularga “Inqilobni qalpoq qilguncha, issiqda boshlaringga shapka-mapka kiyib yuringlar. Miyalaring jaziramada chala pishgan tuxumdek nari-beri bo‘lib qolibdi” dedim.

Bu nodonlarga xalqimizning siz boshchiligingizda buyuk kelajakka ravona bo‘layotganini tushunarmikin degan umid bilan "Evolyutsiyaning o‘zbek modeli" degan qo‘llanma yozib berdim.

Tushunish qayda, hatto o‘qishniyam bilmaskan, bu chalamullalar. Bekorga emas ekan, ularning "churkalar" deb atalgani, qoralik astarigayam singib ketgan ekan.

Tunu-kun noliganlari -noligan, topgan gaplari "svet yo‘q, “gaz yo‘q".

- Otang kim, enang kim, tezagingni yoqsang-chi, -dedim.

Qishloqqa borsam tezak, tappi ishlab chiqaradigan tsex ochmoqchiman. Mahalladan ortsa, Farg‘ona-yu Xorazmga olib borib sotaman.

Mayli, bu g‘alamislarga hecham e‘tibor bermang, "it huradi, karvon o‘tadi" deyishadi.

Yangiliklarni o‘qisam, tug‘ilgan kuningiz neft 0.18% arzonlabdi. Qaniydi bir yilda besh-olti marotaba tug‘ilib tursangiz, benzinam arzonlab qolarmidi.

"O‘zbekistonda yashayotgan million- million yoshlarni men o‘z farzandim deb bilaman, men farzandlarimni har -xil qalang‘i-qasang‘ilarga berib qo‘ymayman" degan gapingizni eshitib, "otamni topdim" deb xursand bo‘lganimdan ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketgan.

Menga qolsa sizning tug‘ilgan kuningizni milliy bayramga aylantirardim. Atrofingizdagi "laganchilar" sizni chindanam yaxshi ko‘rishganida edi, Toshkentga kirishdagi GAI postida haykalingizni o‘rnatgan bo‘lishardi.

Ta‘bingizni xira qilmang, hademay bu yuvindixo‘rlardan qutulasiz. Pensiyaga chiqqaningizda o‘zim uyingizga borib, tekinga halinchak qurib beraman. Maza qilib nevaralaringiz bilan uchasiz.

Bir vaqt topib biz tomonlarga ham keling-a, yangam bilan. Daryoni qalin muz qoplagan, yaxmalak uchamiz, muzni yorib baliq ovlaymiz.

Qo‘shnim Dyadya Stepan yaxshi samogon tayyorlaydi, ichgan odam lazgiga tushib ketadi. Bir bochkasini atay siz uchun olib qo‘yaman.

Mayli, xatim cho‘zilib ketdi, mollargayam qarash kerak hali.

Baxtimizga doim eson-omon bo‘ling, yaxshi kunlarda to‘rt ko‘z tugal ko‘rishaylik, deb Markaziy Osiyo va Rossiyada xizmat ko‘rsatgan oliy toifali gastarbayter Shavkat Muhammad.

(Kaminaning aytganlarini Dyadya Stepanning qizi Lena oqqa ko‘chirdi)

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG