Линклар

Qirg‘iziston parlamentida Mo‘tabar Tojiboyeva ayblandi


O‘zbekistonlik huquq himoyachisi Mo‘‘tabar Tojiboyeva Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan "Shoqollar vaqti" filmining asoschisi sifatida gumonlanmoqda.

O‘zbekistonlik huquq himoyachisi Mo‘‘tabar Tojiboyeva Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan "Shoqollar vaqti" filmining asoschisi sifatida gumonlanmoqda.

Parlament yig‘inida so‘zga chiqqan Bosh prokuror Aida Salyanova ayrim o‘zbek liderlarining O‘sh qirg‘iniga aloqadorligi haqidagi gumonlar tasdiqlanmaganini bildirdi.

2 fevral kuni Qirg‘iziston parlamenti 2010 yildagi O‘sh qirg‘ini yuzasidan parlament qabul qilgan siyosiy qarorning ijrosi masalasini muhokamaga qo‘ydi.

Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga javob bergan Bosh prokuror Aida Salyanova o‘zbek millatiga mansub sobiq deputat, etnik o‘zbeklar orasida katta nufuzga ega bo‘lgan Alisher Sobirovning O‘sh qirg‘iniga aloqadaorligi yuzasidan gumonlar tasdiqlanmaganini bildirdi.

Qirg‘iz parlamenti 2011 yilning iyun oyida O‘sh qirg‘ini yuzasidan qabul qilgan siyosiy qarorida Alisher Sobirovni ham mamlakat janubida avtonomiya tashkil qilish tashabbuskori sifatida ayblab, bu masalani o‘rganishni huquq- tartibot tuzilmalariga topshirgan edi.

Bosh prokuror Aida Salyanovaning aytishicha, parlament komissiyasi tomonidan O‘sh qirg‘ini tashkilotchisi sifatida ayblangan o‘zbek liderlaridan biri Jaloliddin Salohutdinovga nisbatan bironta ham jinoyat ishi ochilmagan.

“Shuning uchun ham mazkur shaxs Qirg‘izistonni hech qanday to‘siqsiz tark etish huquqiga ega bo‘lgan. Bizda uni qo‘lga olish va qidirish uchun hech qanday asos yo‘q edi”, deb bildiridi Aida Salyanova.

Bosh prokurorga ko‘ra, Salohutdinovga nisbatan 2 marta jinoyat ishi ochish harakati bo‘lgan. Bir marta uning ofisidan o‘qlar topilgan. Biroq mazkur voqeaning guvohlari bo‘lmagani uchun jinoyat ishi ochilmagan. Ikkinchi marta esa Salohutdinovga kontrabanda aybi qo‘yilgan. Ammo bu aybni isbotlovchi fleshka, ikki ming dollardan ortiqroq pul va boshqa ashyoviy dalillar sirli ravishda yo‘qolgan. Natijada Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Salohutdinovga jinoyat ishi ocha olmagan, lekin ashyoviy dalillarni yo‘qotib qo‘ygan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tergovchisiga ayblov bildirilib, jinoyat ishi ochilgan.

Bosh prokurorning bunday javoblari parlamentdagi ayrim deputatlarning asablarini o‘ynatdi. Jumladan, deputat Kamila Taliyeva Bosh prokurorni kasbiy salohiyatsizlikda aybladi.

Qirg‘iziston parlamenti deputatlariga Milliy xavfsizlik xizmati raisi Shamil Ataxanov yana bir “xalq dushmani”ni taqdim etdi.

Shamil Ataxanov O‘sh voqealari haqida hikoya qiluvchi “Shoqollar vaqti” filmi o‘zbekistonlik huquq himoyachisi, ayni paytda Frantsiyadan siyosiy boshpana topgan Mo‘tabar Tojiboyeva va Maksitov degan shaxs tomonidan yaratilgani va tarqatilgani gumon qilinayotganini bildirdi.

“Shoqollar vaqti” filmi va kitobi Qirg‘izistonda millatlararo nizo qo‘zg‘atuvchi vosita sifatida 2011 yilda ta‘qiqlangan edi.

Mo‘tabar Tojiboyeva 2009 yilda AQSh Davlat departamentidan olgan "Jasoratli ayol" mukofotidan 2011 yilning mart oyida voz kechgan edi. O‘zbekistonlik huquq himoyachisi, “O‘tyuraklar” klubi Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro jamiyati rahbari ayni mukofotning 2011 yil 8 mart kuni Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tunbayevaga berilayotganiga norozilik o‘laroq, undan voz kechishini e‘lon qilgandi.

"Bugun Qirg‘izistonda MILLATDOShlarimni ayovsiz qirg‘in qilinishiga tomoshabin bo‘lgan, xonavayron bo‘lgan xalqimga jo‘natilgan yordamlarni o‘zlashtirilishiga ko‘z yumgan, “etnik tozalash”ga barham bermagan, O‘ZBEGIMni qiynayotgan zo‘ravonlarni bugungi kungacha to‘xtata olmagan Qirg‘iziston rahbariga “Jasoratli ayol” mukofotining taqdim qilishi, xalqimning AQShga, chinakam adolat va haqiqatga bo‘lgan ishonchini, umidini o‘ldirdi.

Men Roza O‘tinboyeva bilan bir safda mukofotdosh bo‘lishni XALQIM, MILLATIM uchun xaqorat deb bilaman. Qo‘li qonga botgan, o‘tmishdagi ijobiy ishlariga qora bo‘yoq surgan bu ayol bilan bir safda bo‘lishdan or qilaman va shu bois menga 2009 yilda topshirilgan AQSh Davlat Departamentining “Jasoratli ayol” mukofotidan voz kechishim haqida dilda alam, ko‘zda yosh bilan ma‘lum qilaman", deb bayonot tarqatgan edi Mo‘tabar Tojiboyeva.

Bundan tashqari huquq himoyachisi O‘sh qirg‘inidan so‘ng asosan etnik o‘zbeklarga bosim ko‘rsatilayotganiga dunyo hamjamiyati e‘tiborini qaratishga harakat qilgan.

Ayni soatlarda parlamentda O‘sh qirg‘ini yuzasidan 2011 yilning iyunida qabul qilingan parlamentning siyosiy qarorni bajarish yuzasidan muhokama davom etmoqda. Mazkur muhokama ertaga ham davom etishi kutilmoqda. Chunki deputatlar prezident Almazbek Atambayev va sobiq prezident Roza O‘tunbayevalarning ham muhokamada ishtirok etishini talab qilishgan. Ammo bugungi yig‘inga mazkur shaxslar kelgani yo‘q.
XS
SM
MD
LG