Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:48

Mardikorlar rus tilini bilishi shart?


Rossiya qonunchiligini buzgan mehnat muhojirlariga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi. Rossiya Federal Migratsiya xizmati direktori Konstantin Romodanovskiy, ayniqsa noqonuniy migratsiya va rus tilini bilmagan muhojirlarga qarshi kurash keskinlashishini ma‘lum qildi.

Federal Migratsiya xizmati direktori Konstantin Romodanovskiy “Kommersant‘” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya jinoiy va ma‘muriy qonunchiligida migratsiya sohasiga doir jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Davlat Dumasi birinchi o‘qishda uy-joy xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasida mehnat qilayotgan xorij fuqarolarining rus tilini muayyan darajada bilishni talab qiluvchi qonun qabul qilgan.

“Migratsiya foyda keltirishi kerak va, so‘zsiz, Rossiya fuqarolari manfaatlariga xizmat qilishi kerak”, deydi Konstantin Romodanovskiy.

Uning aytishicha, Rossiya qonunlari chet-el fuqarolariga bergan "muayyan huquqlar" majburiyatlar bilan "muvozanatga keltirilishi" kerak. Xususan, janob Romodanovskiy fikricha Rossiyada ishga yollanayotgan har qanday xorijlik rus tilini bilishi to‘g‘risida maxsus xujjat bilan ta‘minlanishini shart.

"1986 yildan keyin tug‘ilgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolarining 24,2 foizi sovet maktablarida o‘qimagan, rus tilini bilmaydi. Yiliga bu ko‘rsatkich 2 foizga oshyapti",- deya raqamlarni keltirdi Konstantin Romodanovskiy.

Migratsiya rahbari migrantlarni Rossiya tarixi va adabiyotidan sinovdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning taklifi hozirda jiddiy muhokama etilayotganini ham gapirib o‘tdi.

Romadanovskiyning aytishicha, Rossiya qonunchiligiga noqonuniy migratsiyani keskin cheklovchi o‘zgartishlar, jumladan jinoiy javobgarlikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlar ham ikki marotaba ma‘muriy javobgarlikka tortilsa, 3 yildan besh yilgacha, ayrim hollarda sud qarori bilan 10 yilgacha Rossiyaga kiritmaslikni ko‘zda tutuvchi o‘zgartishlar haqida gap borayotganini ta‘kidladi Konstantin Romodanovskiy.

Muhojirlik tashkilotlari ijroiya qo‘mitasi raisi Lidiya Grafova Ozodlik Radiosi bilan suhbatda migratsiya qoidalarini buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi gap-so‘zlarni “anekdot”, deya atadi.

- Migratsiya siyosatimiz shu darajada oqsaydiki, integratsiya jarayonlariga tusqinlik qilmoqda, korruptsiyaning avj olishiga olib kelmoqda. Bu gapirilayotgan gaplar ksenofobiya "kasaliga chalingan" saylovchilarga mo‘ljallangan, ularga yoqadigan gaplar gapirilmoqda, ammo davlatga bu o‘zgarishlar foyda keltirmaydi. Inson haqlari buzilayotganini esa gapirmasa ham bo‘ladi. Bu takliflar axir fantastika-ku! Migratsiya siyosatini boshqarayotgan janob Shuvalovning “Bizga millionlab migrantlar kerak”, degan gaplari qayoqda qoldi? – deydi Lidiya Grafova.

Migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassis “ona tilini o‘rganishga imkoniyati bo‘lmagan oddiy mehnat muhojiri rus tili, adabiyoti va tarixini o‘rganishga qayerdan vaqt topishi mumkin”, degan ritorik savolni berib, FMS boshlig‘i aytayotgan o‘zgarishlar mamlakatda korruptsiyaning yanada avj olishiga turtki bo‘lishini bashorat qiladi.

FMS ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiga kirib kelayotganlarning 80 foizi – vizasiz rejimda bo‘lgan MDH davlatlari fuqarolaridir. Rasmiy xabarlarda Rossiyada 2,3 million odam qonunan, noqonuniy ravishda 4 milliondan ziyod muhojir mehnat qilayotgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG