Линклар

“Agar bolangiz sovqotib qolishini istamasangiz, maktabga o‘tin keltiring!” Qishda gaz ta‘minotisiz qolgan, ko‘mir bilan ham ta‘minlanmagan O‘zbekiston maktablari direktorlari ota-onalarga shunday majburiyat yuklamoqda.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi 17-umumta‘lim maktabi ma‘muriyati qishli-qirovli kunlarda bolalarni maktabda shamollatib qo‘ymaslik uchun ota-onalarga o‘tin olib kelish majburiyatini yukladi. Qizi shu maktabda o‘qiyotgan, ismini sir qolishini so‘ragan otalardan birining Ozodlikka aytishicha, har kuni ro‘yxat bo‘yicha bir ota maktabga o‘tin olib borishi shart:

- Qattiq sovuq boshlangandan beri biz yashab turgan joydagi maktabda jurnaldagi familiya bo‘yicha bolalarning ota-onasiga buyuriladi. Ota-onasi olib boradi o‘tinni. Bugun bizning navbat ekan olib bordim. O‘tinni qancha ko‘p olib borsangiz, 4-5 soat dars o‘tiladi. Boshlang‘ich maktab endi. Pechkani ham o‘zimiz qilib berdik. Ota-onalar pul yig‘ib, karnaylarigacha qilib, hammasini o‘zimiz o‘rnatib berganmiz,- deydi jizzaxlik maktab o‘quvchisining otasi.

Uning aytishicha, tumandagi aksariyat maktablarda shu ahvol. Gaz tanqisligi bois, qishloq maktablari oddiy pechkalar bilan imkon qadar isitilyapti.

Do‘stlik tuman xalq ta‘limi bo‘limining telefonlari qarzdorligi uchun o‘chirib qo‘yilgani bois, rasmiylarning bu holatga munosabatini olish imkoni bo‘lmadi.

Biroq, maktablarni isitish vazifasi ota-onalarga yuklatilgani birgina Jizzax viloyati uchun xos hodisa emas. Qizi Qo‘qon shahridagi 27-maktabda o‘qiyotgan yana bir suhbatdoshimizning aytishicha, ular bir qishlik o‘tinni allaqachon maktabga topshirib bo‘lgan:

- Qizaloqni maktabga jo‘natganimiz yo‘q. Bir kun borib ikki kun dam olayapti. Qish boshlanganda bir kuni qarasam, ko‘chada paketga xas-cho‘p terib yuribdi qizim. 1-sinfga boradida. Ha, desam, opoy aytdi, o‘tinsiz kelmanglar, deb. Kichkinada hali qizaloq. Sovuq, deydi. Bo‘lmasa kunning sovug‘ida jo‘natmaymiz, baribir betondan qurilgan binonlarda. Dirillab keladi. Kelishi bilan ust-boshini almashtiramiz. Oëqlari nam bo‘lib qoladi. Kelishi bilan yarim soat, bir soat uxlaydi. O‘tinning bir sezonligini tashib qo‘yganmiz. Ko‘mirlargacha olib borib berganmiz, ota-onalar,- deydi qo‘qonlik ota.

Farg‘onalik Qayumjon esa Marg‘ilon maktablarida o‘quvchilar darsga kitob-daftar bilan birga o‘tin olib borayotganligini aytdi. Unga ko‘ra, Marg‘ilondagi 14- maktab o‘quvchilariga shunday “soliq” solingan:

- Marg‘ilon shahrida 14-maktab bor ekan. Boshqa maktablarda ham bo‘lsa kerak bu ishku, 2-3-4-sinf o‘quvchilariga gaz yo‘qligi uchun “Har kuni kelganingda ozgina-ozginadan o‘tin olib kelasan. O‘zlaringni isitib shu yerda dars beramiz” deb o‘qituvchilar majbur qilishar ekan. Marg‘ilonning o‘zida ham gaz yo‘q. O‘tinni uyiga ëqadimi, ë maktabga beradimi. 14-maktabda o‘qiydigan bolaning otasi bilan gaplashib qolgan edim, mana shunaqa dedi,- deydi farg‘onalik Qayumjon.

Ozodlik Marg‘ilondagi 14-maktab bilan bog‘landi. Maktab direktori Abduvohid Mamasiddiqov o‘quvchilarga bunday majburiyat qo‘yilganiga oid xabarni rad etdi. Direktor, gaz ta‘minoti yo‘qligini aytar ekan, maktab qishga yetarli o‘tin va ko‘mir bilan ta‘minlanganini bildirdi.
XS
SM
MD
LG