Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:06

O‘shlik Gulchehra opa: "Men ularni jazolayman" demadi


O‘sh militsiyasi rahbari o‘zbeklarga etnik ozchilik huquqlarini buzgan militsionerlarni jazolashni va‘da qilmadi.

O‘shdagi “Lenin” nomli maktab binosida yuzdan ortiq o‘shlik o‘zbeklar va shahar kuch tizimi rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda o‘shliklar kuch tizimi rahbarlariga huquq - tartibot organi xodimlari tomonidan aksariyat o‘zbek millati vakillariga bosim ko‘rsatilayotgani va noqonuniy qo‘lga olishlar qayta boshlanganidan arzlanishdi. Bu borada Ozodlikka uchrashuvda ishtirok etgan o‘shlik Gulchexra opa gapirib berdi.

- Kecha majlis soat 3da boshlandi. Majlisda O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasiga yangi rahbar bo‘lib tayinlangan Suyun Umurzakov, Shokirjon Zulimov degan Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi, Davron degan uchinchi hududiy kengash raisi, zam GAI yana mahalla oqsaqollari qatnashdi.

Bu majlis o‘tkazilishiga sabab, 15-16 yanvar va 24-25 yanvar kunlari militsiya tomonidan odamlarni asossiz ushlab ketish hollari bo‘lgan ekan. Shuning uchun odamlar to‘plan, maktabda yig‘ilish uyushtirilibdi xalq talabi bilan.

Ozodlik: Majlisga O‘shning qayerlaridan odamlar keldi?

- Men taniganlar “Lenin” maktabi atrofida yashovchilar, majlis to‘g‘rida eshitganlar va Abduqodirova, Kalilin, Ferganskiy degan ko‘chalardan ham ayollar kelishdi. Ularning so‘zga chiqqanidan bildim. Bir ayol so‘zga chiqdi. Uning bolasini pasportini olib qo‘yishgan ekan. “Qurmanov Sirg‘aq degani, Ichki ishlar boshqarmasida 6-kabinetda o‘tiradi. O‘sha bola chaqirib bolalarimni videoda ko‘rsataman”, dedi. Videoda bolalarim topilmadi. Men pasportini so‘rasa berib qo‘yibman, keyin “ zonadan odam olib kelaman, o‘sha odam bolalaringni tanib bersa bolalaringni qamayman. 30 chislo kuni kelasan”, dedi. Shundan beri biz vahimada yashayapmiz”, dedi. Bunga nisbatan Suyun akamiz “Men ularga aytaman, ertaga soat 9da keling, pasportingizni olib beraman”, degan javob bilan cheklandi.

Ozodlik: Video deganingiz, bu 2010 yilgi O‘sh voqealarining videolarida?

- O‘sh voqeasi, massoviy besporyadoklarning videosi ekan.

Ozodlik: Odamlardan yana qanday arzlar bo‘ldi?

- Avvalgilari mayli, lekin yana ushlab ketishlar ko‘p bo‘layapti, deyishdi. GAIlar kelgan ekan, ularga murojaat qilishdi. Bir odam chiqib “ Meni GAI to‘xtatganida yonidagi avtomatchan odam “sen sart”, deb qo‘pol muomilada bo‘ldi”, dedi. “Bunday xollarda bizga murojaat qilinglar” deganiga javoban, “Biz arizamiz adolatli xal bo‘lishiga ishonmaymiz” deb ishonchsizlik ham bildirildi.

Ozodlik: Majlisda asosan o‘zbeklar qatnashdimi?

- Asosan o‘zbeklar, 5-6 nafar qirg‘izlar ham qantashdi.

Ozodlik: Majlis nima bilan yakunlandi?

- “Hammanglarni huquqingizni himoya qilamiz, biron narsa bo‘lsa bizga murojaat qililar”, deyishdi. Lekin men aytmoqchimanki, bu huquq - tartibot organlarining vazifasi odamlar huquqini himoya qilish, ojizlarga suyanchiq bo‘lish-da. Bular esa teskaricha, xalqni qo‘rqitib, sindirib, har narsa qilishayapti.

Ozodlik: Majlisda odamlar arizalarini ham berishdimi?

- Yo‘q ariza berishmadi. Men xayron qolganim, bir ayol chiqib, “Meni ikkita pasportimni olib qo‘yishdi”, dedi. Yana biri “Menga bolalaringni Rossiyadan olib kelasan, 5 kun muhlat kelishsin. Aks holda qidiruvga berib yuboramiz”, deyishdi desa, kuch tizimi rahbarlari “Men ularga nisbatan jazo chorasini ko‘raman”, demadi. “Sizlarga pasportinglarni olib beraman”, deyish bilan cheklandi.

Ozodlik: Gulchexra opa rahmat sizga.
XS
SM
MD
LG