Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:17

Futbol: O‘zbekiston-Avstraliya 2:0


O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi.

Toshkentning "Jar" stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Avstraliya olimpiya jamoalari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tdi.

Birinchi bo‘limda Kenja To‘rayev mehmonlar darvozasiga bitta to‘p kiritdi.

Ikkinchi bo‘lim tugashiga bir necha daqiqa qolganida Oleg Zoteyev uzoqdan zarb bilan tepgan to‘p raqiblar darvozasining yuqori chap burchagiga kelib tushdi.

Darvozabon to‘pni faqat ko‘zi bilan kuzatishga ulgurdi, xolos.

O‘yin tugaganidan so‘ng eng yaxshi o‘yinchi sovrini to‘qqizinchi raqamda to‘p surgan Kenja To‘rayevga topshirildi.

O‘zbekiston va Avstraliya olimpiya jamoalari o‘rtasidagi mazkur o‘yin o‘ta og‘ir ob-havo sharoitida bo‘lib o‘tdi.

O‘yin boshlangan paytda Toshkentda havo harorati Tselziy o‘lchovi bo‘yicha -11 darajaga pasaygan edi.

Aslida bu o‘yin mahalliy vaqt bilan soat 20 da boshlanishi rejalangan edi. Havo sovuq bo‘lgani uchun o‘yin soat 15:00 ga ko‘chirildi.



2012 yilda Londonda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun bu ikki jamoa o‘rtasida Sidney shahrida bo‘lgan o‘yin 0:0 hisobida durang natija bilan yakunlangan.

5 fevral kungi o‘yindan so‘ng O‘zbekiston jamoasi o‘z guruhida sakkiz ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Iroq jamoasi to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘rinda.

Uchta durang va bir marta mag‘lubiyatga uchragan Avstraliya jamoasi hozir uch ochko bilan uchinchi o‘rinda.

Guruhdagi oxirgi o‘rinni ikki ochko bilan Birlashgan Arab Amirliklari olimpiya jamoasi egallab turibdi.

O‘zbekistonlik futbol sharhlovchisi Haydar Akbarov Ozodlik bilan suhbatda 5 fevral kungi g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston jamoasining Olimpiadaga yo‘llanma olish imkoniyati mustahkamlanganini aytdi.

- O‘zbekistonni omadi chopdi deyish mumkin guruhda. Nega desangiz Avstraliyadan sal cho‘chib turgan edik. Avstraliya ustidan bugungi g‘alabadan keyin O‘zbekiston imkoniyatlarini yanada yaxshiladi. O‘tgan o‘yinlarni hisobga oladigan bo‘lsak, Avstraliya biz uchun jiddiy raqib bo‘lgan. Bu gal terma jamoamiz ishonchli harakat qilib, g‘alabani qo‘lga kiritib, guruhdagi peshqadamligini yanada mustahkamladi. Endi Olimpiadaga borishga umid qilsak bo‘ladi, - dedi Haydar Akbarov.

Mutaxassislar guruhdagi hamma jamoa hozircha London Olimpiadasiga yo‘llanma olish imkoniyatini boy bermaganini aytmoqda.

O‘zbekiston olimpiya jamoasi navbatdagi o‘yinni 22 fevral kuni mehmonda Iroq jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

14 mart kuni esa O‘zbekiston jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari jamoasiga mezbonlik qiladi.
XS
SM
MD
LG