Линклар

Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonga qarashli 200 dan ziyod yuk mashinasi yo‘llarda qor qalinligi tufayli Qoraqalpog‘iston hududida turib qoldi.

Bu haqda RIA Novosti Belorussiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi Vladimir Soskovets so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.

Belorus diplomati hozirgi paytda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi yo‘llarni qordan tozalash bo‘yicha chora ko‘rayotgani, haydovchilarni yonilg‘i va issiq ovqat bilan ta‘minlayotganini aytdi.

Soskovetsga ko‘ra, avtoulovlarning aksariyati Qoraqalpog‘iston hududidagi o‘zbek-qozoq chegarasida – Dovudota chegara-o‘tkazish punktida turibdi. U haydovchilarga ob-havo sharoiti o‘nglangunicha aholi punktlarida qolish tavsiya etilganini qo‘shimcha qildi.

Dovudota chegara-o‘tkazish punktidan O‘zbekistonning asosiy hududiga Ustyurt dashtlari bo‘ylab o‘tiladi.

- Bu yuz emas, ikki yuz emas, mingdan ko‘proq kilometrlik, harorat -35 darajagacha tushadigan kimsasiz qorli sayhonlikdir, - dedi Vladimir Soskovets.

Keyingi kunlarda, yer yuzining butun shimoliy yarim sharida kuzatilayotganidek, O‘zbekistonda ham havo harorati keskin tushib ketdi, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ldi. Qalin yoqqan qor ortidan O‘zbekistonning ayrim joylarida harorat -25 darajagacha pasayib ketdi.

O‘zbekistonlik sinoptiklar bu yilgi havo harorati so‘nggi 25 yil ichida rekord darajada past bo‘lganini aytmoqdalar.

- Bu yil sovuq keldi. Oxirgi 25 yildagi o‘rtacha havo haroratiga taqqoslab chiqsak, noyabr ham, dekabr ham, yanvar ham iqlimiy normadan past bo‘ldi. Hozir fevral ham normadan past bo‘lib turibdi, - degandi 3 fevral kuni Ozodlikka intervyu bergan O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazi bosh direktor muovini Baxtiyor Qodirov.

Ayni paytda, janob Qodirovga ko‘ra, bu yil havo sovub, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishining ham xayriyati bor.

- Noyabr oyida yog‘in-sochin normadagidan 5 baravar ko‘p bo‘ldi. Undan keyin ham qor ko‘p yog‘di. Ana shu hisobidan bu yil suv zahiralari normadagidan 1,5-2 baravar ko‘p bo‘ldi. Tog‘larda qor zaxiralari yaxshi yig‘ilyapti. Xudo xohlasa, bu yil dehqonlarimiz suvga serob bo‘ladi,- dedi Baxtiyor Qodirov.

O‘zbekistondagi sovuq harorat joriy haftaning ikkinchi yarmida chekinishi kutilmoqda.

Bugun ertalab poytaxt Toshkentda, ma‘lumotlarga ko‘ra, -13 daraja sovuq bo‘lgan. Bu harorat, mutaxassislar fikricha, ertaga ham, indinga ham saqlanishi kutilayapti.
XS
SM
MD
LG