Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:57

Rossiyalik juvon Islomni qabul qilmoqchi


Qariyb yarim yil muqaddam Tojikistonga erini qidirib kelgan rossiyalik Marina o‘z yurtiga qaytib ketishni istamay qoldi.

34 yoshli Marina Ko‘lob shahri yaqinida yashayotgan sobiq eri va undan tug‘ilgan qizi Alinani axtarib topganida, qizaloqning otasi unga ro‘yxushlik bermadi.

“Lekin, - deydi ilk bor Tojikistonga kelgan paytini eslagan Marina, - meni tojikcha muhit o‘z quchog‘iga oldi”.

- Men Tojikistonni sevdim. Chunki bu yerda ayollar umuman aroq ichmaydi, sigaret ham chekmaydi. Kelganimga besh oy bo‘ldi, shu kungacha biror marta aroq ichmadim, sigaret chekmadim. Tojik ayollari juda mehribon ekan, meni yakkalatib qo‘yishmadi, - deydi Marina.

U hozir Ko‘lob shahri chekkasidagi mahallalarning birida ijara uyda ikkinchi farzandi bilan yashaydi. Ona-bola Marinaning Rossiyada ijaraga berilgan uyi uchun to‘lanayotgan pul va nogironlik nafaqasi evaziga kun kechirayotgan ekanlar.

Marinaning sobiq eri Ozodlik radiosi muxbiri bilan suhbatlashishni istamadi va ismi oshkor qilinmasligini so‘radi.

Marina erining o‘ziga nisbatan bu munosabatidan ranjimasligini, aksincha bu odam uning baxtli bo‘lishiga sababchi ekanini aytdi. Rossiyalik ayol sobiq erining yaqinlari o‘ziga nisbatan yaxshi munosabatda ekanini va deyarli har kun qizi Alina bilan aynan ularning yordami tufayli ko‘rishib turganini qo‘shib qo‘ydi.

Tojikistondagi iqtisodiy qiyinchiliklar va eri bilan yarashish urinishlari natija bermaganiga qaramay, Marina o‘z yurtiga qaytib ketmoqchi emas.

- Bu yerdagi svet problemasi va boshqa shu kabi ijtimoiy muammolar, menimcha, vaqtinchalik. Eng muhimi, bu yurtda odamlar, xususan, ayollar tarbiyasi bizning ayollarimizniki singari buzilib ketmagan. Men qizlarimga to‘g‘ri tarbiya berishni istayman. Men bu yerdan ketmoqchi emasman, - der ekan Marina xonim Islom dinini qabul qilishga taraddudlanayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Qo‘shni ayollardan tandirga non yopishni o‘rgangan Marina endilikda namoz o‘qishni ham o‘rgansa, albatta Islomni qabul qilishini aytdi.

Tojiklarning milliy kiyimini kiyib olgan rossiyalik bu juvon Tojikistonga kelib, musulmon madaniyati bilan qiziqib qolgani seziladi.

Marinaning yon qo‘shnisi Habibaxonning aytishicha, rossiyalik ayol Ko‘lobga kelgan birinchi kunlari sigaret chekib, spirtli ichimliklarni ham tez-tez iste‘mol qilib turgan. Ko‘loblik ayollar uni bu ishi uchun yoqtirmaganini bilganidan keyin Marina asta-sekin bu odatini tashlagan.

- Birinchi kelganida yurish-turishi boshqacha edi. Keyin jamiyatimizga xush kelmaydigan odatlarini tashladi. Hozir Rossiyada o‘tgan umridan afsuslanishini aytadi. Hozir faqat bolalarining tarbiyasiga katta ahamiyat berayapti. Pul to‘plab, Ko‘lobdan uy ham sotib olmoqchi, - deydi Marinaning qo‘shnisi Habibaxon.

Rossiyada muhojirda yurgan tojikistonlik fuqarolarning rus ayollariga uylanayotgani so‘nggi yillar ko‘p qaydga olinmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2009 yili Rossiyada rus ayollari ko‘proq ukrainlar, armanlar va tojiklar bilan nikohdan o‘tgan. O‘sha yilgi statistikaga muvofiq, xorijlik fuqarolar ishtirokida qaydga olingan 29 ming nikohdan 3500 tasi Tojikiston fuqarolari bilan bog‘langan.
XS
SM
MD
LG