Линклар

Microsoft shirkati ishlab chiqayotgan Windows 8 opetarsion tizimida kompyuter foydalanuvchilariga qadrdon bo'lib qolgan "Pusk" (Start) tugmachasi bo'lmaydi. Bu haqda SuperSite blogi shirkat vakillariga asoslanib xabar bermoqda.

Ishlashi tez va oson bo'lishi aytilayotgan Windows 8 operatsion tizimining birinchi beta-versiyasi, ya'ni sinovdan o'tayotgan varianti 2011 sentyabr oyida e'lon qilingan edi. Unda "Pusk" tugmachasi bo'lgan. Unga oldingi Windows tizimlaridagi "Pusk" tugmasidan farqli o'laroq, barchaga tanish Windows "interfeys"ini yangi Metro "interfeys"iga va teskariga almashtiruvchi tugmacha funksiyasi yuklatilgan edi.

To'rt oy ichida o'zgartirilgani aytilayotgan Windows 8 operatsion tizimida "Pusk" olib tashlangan. "Interfeys"larni almashtiruv funksiyasini Windows tugmasi+Ctrl+Esc kombinatsiyasi yoki "sichqoncha" ko'rsatgichini ekranning quyi chap burchagiga olib borish harakati bajaradi.

Windows 8 operatsion tizimi tezligi va Metro "interfeys"i bilan o'tmishdoshlaridan farqlanishi aytilmoqda.
Microsoft ishlab chiqarayotgan yangi operatsion tizimda "Pusk" tugmachasi bo'lmasligini fevral oyi boshida internetda paydo bo'lgan Windows 8 "skreenshot"lari, ya'ni suratlari ham tasdiqlamoqda. Windows 8 yakuniy varianti 2012 yilning yoz oyida sotuvga chiqishi kutilmoqda.

Kompyuter foydalanuvchilariga qadrdon bo'lib qolgan "Pusk" tugmachasi ilk bor 1995 yili Windows 95 operatsion tizimiga kirgizilgan edi. Odatga ko'ra, bu tugmacha orqali yaqinda ochilgan fayllar ro'yxatini ko'rish va kompyuterga o'rnatilgan dasturlarni ochish mumkin.

1995 yildan beri Microsoft shirkati Windows operatsion tizimining bir qator yangi variantlarini sotuvga chiqardi. Shu kungacha ularning har biri "Pusk" tugmachasiga ega bo'lgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG