Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:56

Matbuot ta‘magirlikda ayblanmoqda


O‘zbekiston huquq idoralari Matbuot va axborot agentligi faoliyatini tekshirishga kirishgan bir paytda nodavlat nashrlari maxsus ko‘rsatuv nishoniga aylandi.

Norasmiy manbalardan olingan ma‘lumotlarga qaraganda, 3 fevral kuni O‘zbekiston respublikasi Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi vakillaridan iborat taftishchilar guruhi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi faoliyatini tekshirishni boshlagan.

Biroq maqolamiz sarlavhasini savol alomati bilan yopishga bizni Agentlik matbuot xizmatining o‘zini tanishtirmagan vakilining mana bu gapi majbur qildi:

- Menda bunday ma‘lumot yo‘q.

Agentlikda tekshiruv yoki go‘yoki tekshiruv boshlanishi arafasida - 29-30 yanvar kunlari O‘zbekiston televideniyesi “Yoshlar”kanalida “Uyg‘oqlik va sergaklik – davr talabi” hujjatli filmi namoyish qilingan edi va ba‘zi saytlar bu ikki voqeani bir-biriga bog‘lay boshladi. Shuning uchun O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati vakilidan so‘radik:

Ozodlik: Ba‘zi saytlar bu tekshirishni yoki go‘yoki tekshirishni yoshlar kanalida namoyish qilingan “Uyg‘poqlik va sergaklik davr talabi” degan film bilan bog‘lashayapti.

- 10 minutdan keyin gaplashsak bo‘ladimi?

Ozodlik: Mayli 10 minutdan keyin telefon qilaman.

Matbuot xizmati vakilining 10 daqiqadan keyin ham gaplashishga imkoni bo‘lmadi.

Film nima haqda edi?


O‘zbekiston televideniyesi “Yoshlar”kanalida 29-30 yanvarь kunlari namoyish qilingan “Uyg‘oqlik va sergaklik – davr talabi” hujjatli filmida, o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha,

- Jurnalistlarning ta‘magirligi, poraxo‘rligi masalasiga qaratilgan. Mana shu holatlar tanqid ostiga olingan, deydi Malohat Eshonqulova.

Filmda bir qator nodavlat nashrlar, xususan, “So‘g‘diyona”, “Hordiq”, “Etti mo‘‘jiza”, “Dilbarim”, “Diyor”, “Ko‘ngil ko‘chasi”, “Ayol qalbi”, “Novosti Uzbekistana” kabi gazetalarda o‘zbek xalqi ma‘naviyatiga jiddiy putur yetkazuvchi, zo‘ravonlik, hayosizlik targ‘ib etilgan materiallar chop qilingani aytiladi.

“Hordiq” gazetasi esa, nursafardiya deb nomlangan norasmiy diniy oqim g‘oyalarini targ‘ib qilishda ayblanadi”.

Newsuz.com ga ko‘ra, filmda, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining fan-ta‘lim, madaniyat va axborot masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi o‘rinbosari Faxriddin Muhiddinovning 2009 yil oxirida ishdan olinishi sababi ham aytilgan.

Yozilishicha, Muhiddinov Toshkent viloyatidagi bozorlardan biri ma‘muriyati bergan pora evaziga “Hurriyat” gazetasida o‘sha bozor to‘g‘risida maqola bostirgan.

Biz film yuzasidan fikr bildirishini so‘rab, unda tanqid qilingan nashrlarning ba‘zilari bilan bog‘lanishga urindik.

“Hurriyat” gazetasi telefoni qulog‘ini o‘zini tanishtirmagan jurnalist yigit ko‘tardi.

- Men yaqinda kelganman ishga. Boshqalardan so‘rab ko‘rsangiz biladi boshqa raqamlarni terib.

Ozodlik: Siz o‘zingiz filmni ko‘rdingizmi?

- Ko‘rdim.

Ozodlik: Gazetaning emas shaxsan sizning o‘zingizning munosabatingiz qanday?

- Men bilmadim to‘g‘risi. Bo‘lib o‘tgan voqealar asosli bo‘lgani uchun nima qilingandir.

Ozodlik: O‘zi umuman o‘zbek jurnalistlari orasida shunaqa ta‘magirlik, poraxo‘rlik holatlari bormi yo‘qmi?

- Shaxsan guvohi bo‘lmaganman, deydi “Hurriyat” gazetasi telefoni qulog‘ini o‘zini tanishtirmagan jurnalist yigit.

“Hurriyat”ning bosh muharriri O‘ktam Mirzayorov, kotibasining aytishicha, kun bo‘yi verstka bilan band bo‘ldi.

“So‘g‘diyona” nashri xodimasi savolimizga javoban “Bizlarni tanqid qilishgani, bizlarni “Dasturxonim sirlari” degan sahifamiz uchun tanqid qilishgan to‘g‘rimi? Hozir sizga nima uchun kerak bizning fikrimiz?” deb savol bilan javob berdi va shundan so‘ng suhbat “tiqilib qoldi”, muloqotimiz besamar bo‘ldi.

Illat ko‘lami kattami?


Kuzatuvchilar fikricha, film mualliflari mahalliy jurnalistlar orasida ta‘magirlik va poraxo‘rlik mavjudligi to‘g‘risida gapirar ekanlar, yo‘q hodisa to‘g‘risida gapirmaganlar.

Jurnalist Abdurahmon Tashanov bu hodisaning ildizlari to‘g‘risida gapirar ekan, jumladan bunday dedi:

- Nashrlar, ayniqsa ijtimoiy-siyosiy nashrlarning O‘zbekistonda o‘quvchisi yo‘q. Shuning uchun mahsulot sifatida uning qiymati yo‘q. Qiymati bo‘lmagandan keyin albatta jurnalist cho‘ntagiga gonorar yoki maosh darajasida biror narsa kirmaydi. Ta‘magirlik keltirib chiqaruvchi eng katta omillaridan bittasi bu o‘sha jurnalistlarning kamxarjligi. Chunki olinayotgan pora miqdorlariga e‘tibor bersangiz, arzimagan pullar. 200 ming so‘m so‘ragani, 50 ming so‘m so‘ragani shunaqa kichkina bo‘lgan faktlar. Buning hammasini yig‘ishtirib keladigan bo‘lsangiz, bitta hokim yoki prokuror olayotgan porachalik qiymati yo‘q, deydi Abdurahmon Tashanov.

Jurnalist Malohat Eshonqulovadan ham Abdurahmonnikiga o‘xshash fikrni eshitdik. Uning aytishicha, ta‘magirlik va poraxo‘rlik tanqidiy film namoyish qilgan televideniyening o‘zida ham “gullab-yashnagan”.

O‘zbekiston TVsining sobiq jurnalistidan TV jurnalistlarining shu kundagi maoshlari to‘g‘risida so‘radik.

- Hozirgacha muloqotda bo‘lib turgan hamkasblarim keyingi olgan oylik maoshlari 250-280 ming so‘mni tashkil qiladi. Yaqinda bir dugonam menga qo‘ng‘iroq qilib shunaqa xursand bo‘lib gapirdiki, “Sizlarning shov-shuvlaringizdan keyin oyligimiz ma‘lum miqdorda ko‘paydi” dedi. “Qanchaga ko‘paydi?” desam, “Dekabr oyida men 300 ming so‘m maosh oldim” dedi. 300 ming so‘m maosh olsa, do‘ppisini osmonga otayapti. Okladi va gonorari bilan hisoblaganda 300 ming so‘m, deydi Malohat Eshonqulova.

Biroq, deb qo‘shimcha qildi, Malohat Eshonqulova

- Mening bu gaplarimga qarshi ular hujjatlar dastak qilishlari mumkin. Masalan¸ Eshmat bir yarim million oladi, Toshmat 1 million 800 ming oladi deb ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bor shunaqalar. Ular kimlar? Ular uzog‘i bilan 40-50 nafarni tashkil qiladigan, rahbariyat atrofiga to‘plangan bir guruh o‘zining odamlari, deydi Malohat Eshonqulova.

Filmdan maqsad nima?


Nima uchun “Yoshlar”da namoyish qilingan filmdan so‘ng O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida tekshiruv boshlangani to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi?

Gap shundaki, agentlik uning nizomida belgilab qo‘yilganidek, “ommaviy axborot vositalari, axborotlar almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik faoliyati hamda davriy nashrlarni tarqatish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi vazifalarni hal etish uchun vakolat berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi”.

Bas, shunday ekan, bog‘liqlik bo‘lishi tabiiy ko‘rinadi.

Abdurahmon Tashanov bunday dedi:

- Ko‘rsatuv mazmuni matbuot va axborot agentligi rahbariyatining loqaydligi, sovuqqonligi haqida edi, deydi Abdurahmon Tashanov.

Malohat Eshonqulovaning mana bu gapidan agentlik rahbari Bobur Alimovni ishdan olishga harakat boshlanibdi-da, degan fikrga kelish mumkin.

- Kimgadir kimnningdir o‘rni kerak bo‘lib qoldiyov ayni chog‘da, deydi Malohat Eshonqulova.

Lekin, deydi Tashanov,

- Mening nuqtai nazarimda faqat Bobur Alimov shaxsiga qaratilgan hujum emas. Ya‘ni bu jurnalistlarga, matbuotni isloh qilishga, yanayam hozirgi hukumatga tobe qilishga bo‘lgan harakatlar kompleksi deb o‘ylayman, dedi jurnalist Abdurahmon Tashanov.
XS
SM
MD
LG