Линклар

Bu yil qattiq kelgan qish tufayli O‘zbekistonda ham qishki sport bilan shug‘ullanish imkonlari kengaydi. O‘zbekistonliklar bu imkondan qanday foydalanmoqdalar?

Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda ham bu yil qish qattiq keldi. Hozir ham O‘zbekistonda sovuq ob-havo saqlanib turibdi. Ba‘zi viloyatlar va Toshkent shahrida yo‘llar muzlab qolgani transport qatnoviga xalal berdi.

Ayni paytda, yanvar oyi o‘rtasida Toshkentdagi Furqat parkida bolalar uchun “Ays-avenyu” nomli yangi yaxmalak ochildi.

Chimyon oromgohida esa odamlar va turistlar qishki sport turlari, jumladan, konki, chang‘i va chana uchib xordiq chiqarmoqda.

"Hafta savoli" ruknining bugungi sonida respondentlarga “Qishki sport bilan shug‘ullanayapsizmi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Bahodir - qarshilik savdogar


- Aka, qishki sport bilan shug‘ullanishga vaqt yo‘q. Oldin bo‘lardi hozir yo‘q. Hozir sharoit unchalimas. Endi kissada pul bo‘lsa, shunday ishlar bilan shug‘ullanasiz. Kissada pul bo‘lmasachi? Topganimizni faqat ro‘zg‘orga ishlatamiz. Sportga yana vaqt ajratish kerak. Imkoniyat yo‘q. Xohish bo‘lgan bilan¸ imkoniyat bo‘lmasa bo‘lmaydi. Ko‘rib turibsizki¸ hozir hayot olgindidek emas. Faqat sportti ketidan non yesa, sport bilan shug‘ullansa bo‘ladi. Biza sportti ketidan non yemaymiz.

Nazokat - Farg‘ona Ichki ishlar boshqarmasi xodimi


- Voy, sovuqda-ya. Ey yo‘q. Unga (qishki sport bilan shug‘ullanishga) vaqtimiz yo‘q. Ko‘ryapsizku, hozir ham ishdamiz. Qorga qarab ham zavqlanib qo‘yaveramizda. Farg‘onada qishki sport bilan shug‘ullanadigan joy yo‘q. Tumanlarda bor. Shaharri o‘zida yo‘q.

Abdujalil – Toshkentdagi dorixona xodimi


- Men konki uchaman. Bir oy oldin qor endi boshlanganida Chimyonga to‘rt kishi chiqib kelgan edik. Uch kun bo‘ldik. Salafanda sirpanchiq uchdik. Quyosh chiqishini ko‘ramiz¸ deb ertalab voxli turib toqqa chiqib ketdik soat to‘rlada. Rosa sovuq bo‘ldi. Kechqurun voxliroq yotdik soat sakkizlarga yaqin. O‘shatdagi odamlar bilan birga olov yoqib isinib gitarada ashula aytib o‘tirdik. Yaqinda yana toqqa chiqamiz. O‘shanda aytib beramiz. Bu gal uncha yaxshi bo‘lmadi.

Jasur – jizzaxlik talaba


- Qishki sport turi, bizziki, molni tagini tozalash, qo‘yni tagini tozalash, qo‘yga yem berish. Qo‘ylani aylantirib kelamiz. Gaz pasayib ketdi. Svet ham dabdala bo‘lib ketdi. Qo‘zilarni sovuq qotmasin¸ deb uylarga olib kirib qo‘yyapmiz. Shuda bizga qishki sport. Kichkina bolla oyog‘iga chang‘i taqib yuradi. Katta bollarga qiziq emas. Bizda qishki sport turi yo‘qku o‘zi.

Sahob – Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi xodimi


- Qishki sport bilan? Yo‘q, hech qachon shug‘ullanmaganman. Menga ko‘proq futbol yoqadi. Shu kabi yozgi sport turlarini yaxshi ko‘raman. Shuning uchun qishki sport bilan shug‘ullanmaganman. Kichkinaligimda chana ham uchganman, bolalar bilan qorbo‘ronlar ham o‘ynaganman. Hozir yo‘q. Ishtiyoq o‘lgani yo‘q. Gap bunda emas. Odam ozgina vaqt ajratishi kerak unga. Hamma o‘z ishlarini oldindan rejalaydi. Men ham oldindan ishlarimni rejalayman.

Anvar - surxondaryolik fermer


- Tog‘li rayonda yashasam ekan men qishki sport bilan bilan shug‘ullansam. Jarqo‘rg‘onda bir oy qor bo‘ladi 11 oy bo‘lmaydi. Qor eriydi ketadi. Chang‘i pang‘i menga nimaga kerak? Dam olib nima qilaman. Uyda ishimizzi qilib yuribmiz, Xudoga shukur, deb. Bu yil bizda chang‘i uchadigan qor ham yog‘madi. Meni o‘zimmi harakatlarim ham yetadi. Men molimga qarasam ham yetadi. 15ta molim bor. Shularga qarab Xudo desam bo‘ldi. Menga sport kerak emas. Boshqa paytda sport qildim. Harbiy hizmatlarga ham borib keldim. Sportini ham qildim.

O‘z ismini aytishni xohlamagan Moliya vazirligi xodimi


- Afsuski men qishki sport bilan shug‘ullanmayman. Qabulxonaga qo‘ng‘iroq qiling. Ular savolingizga javob beradigan odamni topib berishadi. Men hozir shoshayotgan edim. Uzr.

Shoxruh – samarqanddagi “BISSE”do‘koni xodimi


- Qishki sport? Yo‘q shug‘ullanmayman. Unga vaqt yo‘q. Biz ishdamiz-da. Toshkentda bo‘lishi kerak. Tog‘da bo‘lishi kerak bunday joy. Bizani tog‘imizda, Urgutda bunday joylar borligini bilmayman-da.

Bosit – qoraqalpog‘istonlik o‘qituvchi


- Qishki sport? Yo‘q, shug‘ullanmayman. Qiziqmayman. Unga vaqtim yo‘q. Ilgari maktabda o‘qib yurgan paytlarimda qor o‘yinlari o‘ynardim. Endi qiziqish yo‘q. Sovuqda odam yurgisi kelmaydi umuman. Ko‘chaga chiqqisi kelmaydi.
XS
SM
MD
LG