Линклар

logo-print

O‘shda Qorasuvning yangi hokimiga qarshi miting o‘tdi


Qorasuv tumanining yangi hokimi Tilek Matraimovga qarshi miting 6 va 7 fevral kunlari tuman hokimiyati binosi oldida ham o‘tkazilgan.

Qorasuv tumanining yangi hokimi Tilek Matraimovga qarshi miting 6 va 7 fevral kunlari tuman hokimiyati binosi oldida ham o‘tkazilgan.

7 fevral kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahrida yuzga yaqin qorasuvlik Qorasuv tuman hokimi lavozimi uchun o‘tgan saylov natijalaridan norozi bo‘lib namoyishga chiqdi.

Mitingchilarning Qirg‘iziston hukumatiga yo‘llagan murojaatida Qorasuv tumaniga yangi tayinlangan hokim Tilek Matraimov mahalliy deputatlarning to‘qqiz nafariga bosim o‘tkazgani, pirovardida ular ovoz berish jarayonida ishtirok etishdan bosh tortishga majbur bo‘lgani aytiladi.

O‘shda namoyish o‘tkazgan qorasuvliklar, agar hukumat rahbarlari ularning talablarini inobatga olmasa, BMTga murojaat qilishlarini bildirishdi.

6 fevral kuni O‘sh viloyatining Qorasuv tuman hokimligiga saylov bo‘lib o‘tgandi.
Tuman kengashining ayrim deputatlari hokimlikka nomzodlardan biri Tilek Matraimov mazkur saylovda o‘z foydasiga ovoz berishlari uchun deputatlarni sotib olmoqchi bo‘lganini, ayrim “qaysarroq” deputatlarga esa tahdid qilganini iddao qilmoqdalar.

- Ortimizdan odam qo‘ydi. Ishga ham, uyga ham borishadi. Ishda o‘tirganimizda: “Ey Tinara, och eshikni” deb, uyat so‘zlar bilan so‘kinib, eshikni tepib kirib qo‘rqitishdi. Uyimga ham borishayapti. Shu sababli 2-3 kundan buyon qo‘rqqanimdan uyqu ham yo‘q. Men deputatgina emas, 10 bolaning onasi hamman. Shu paytgacha bunday xo‘rlikni ko‘rmaganman. Bizning 3-4 deputat yigitlarimizni tepkilashganini ko‘rib, ona sifatida yuragim og‘ridi, - der ekan Qorasuv tuman kengashi deputatlaridan biriTinara Artiqova bunday tahdidlar oqibatida o‘ndan ortiq hammaslagi tahdidlardan qo‘rqib, yashash joyini vaqtincha o‘zgartirganini qo‘shimcha qildi.

Qorasuv tuman hokimi saylovi dastavval shu yilning 3 fevral kuniga belgilangandi. Tuman kengashi deputatlariga ko‘ra, saylov natijalarini soxtalashtirishga bo‘lgan harakatlardan so‘ng saylov 6 fevral kuniga qoldirilgan.

- Hokim saylovida 9 deputat norozilik bildirib qatnashmadik. Negaki, Matraimov bizni sotib olishga harakat qildi. 24 deputat o‘tirgan yerda 2 deputatimiz: “Bizga 5 ming dollardan pul berdi”, deb aytdi. Bundan tashqari, “bolangni ishdan bo‘shattiraman, ukangni ishdan oldiraman” deb, tahdid bilan kvorum yig‘ishdi, - deydi 6 fevral kuni Qorasuv tuman hokimi saylovida qatnashishdan bosh tortgan tuman kengashining yana bir deputati Shukur Arstanbekov.

Qorasuv tuman kengashi deputatlarining bunday iddaolariga qaramay, 6 fevral kuni tuman hokimi saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylov natijalariga ko‘ra, unda ishtirok etgan 21 deputatdan 20 nafari Tilek Matraimovni yoqlab ovoz bergan.

Ayni paytda Matraimovdan pora olganlikda ayblangan qorasuvlik deputatlar seshanba kuni O‘shda matbuot anjumani o‘tkazishib, yangi hokimdan pora olganlik ayblovini keskin rad qildilar.

Qorasuv tumaniga hokim etib yangi tayinlangan Tilek Matraimov ham o‘ziga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlarni asossiz, deb hisoblaydi:

- Bu so‘zlarning barchasi yolg‘on. Isbotsiz gapirishayapti. Men hech kimga bir so‘m ham bermaganman. Deputatlarning o‘z huquq va majburiyatlari bor. Ularga hech kim aralasha olmaydi. Demak, ular menga ishonishdi. Bu ishonchni oqlash uchun men ham yaxshi ishlayman. Ishni avval tuman iqtisodini ko‘tarishdan, xalq orasida barqarorlik va ishonch o‘rnatishdan boshlaymiz, - dedi Tilek Matraimov.

Qorasuv tuman hokimi lavozimiga Tilek Matraimovdan tashqari tuman kengashi raisi Baqit Qaratayev va hokim o‘rinbosari Qanibek Kimsanovlar ham da‘vogarlik qilgan.

Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga qarashli Qorasuv tumani O‘zbekistonning Andijon viloyatiga doxil Qorasuv tumani bilan chegaradosh hudud bo‘lib hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG