Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:40

O‘zbekiston yangi tarixini endi boshqalar yozadi


O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyingi tarix haqidagi qo‘llanma asarlar muallifi yana prezident Islom Karimovning o‘zi.
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyingi tarix haqidagi qo‘llanma asarlar muallifi yana prezident Islom Karimovning o‘zi.

O‘zbekiston prezidenti qabul qilgan qarorga binoan Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Yangi tarix markazi tugatilib, uning o‘rniga O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuziladigan bo‘ldi.

Yangi tuzilma, hujjatga binoan, Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi qoshida faoliyat yuritadi.

Prezident qarorida aytilishicha, Eng yangi tarix bo‘yicha jamoatchilik kengashining asosiy vazifasi “O‘zbekistonning eng yangi tarixini dunyo tamadduni taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk tarixiy va madaniy merosga ega o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir tomonlama yondoshuv va qotib qolgan qarashlardan xoli tarzda tarixiylik va ob‘ektivlik printsiplariga asoslanib tizimli o‘rganishni tashkil qilishdir”.

Yangi tuzilmaga yuklatilgan vazifani Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Yangi tarix markazi bajara olmay qoldimi?

Balki Markaz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarib bo‘lgandir?

Bu savollarni hali faoliyatini to‘xtatib ulgurmagan Markaz rahbariyatiga bermoqchi bo‘ldik.

Markazning mas‘ul vakili javobni qisqa qildi:

- Qaror chiqqan. Shunga saytlarda ham bor. Aniq hammasi tushuntirib berilgan, dedi markazning mas‘ul vakili.

Yangi tarix markazi tugatilib, Eng yangi tarix bo‘yicha jamoatchilik kengashining tuzilishi sabablari to‘g‘risida tarix fanlari doktori Rustam Shamsiddinovdan so‘radik.

U kishi Yangi tarix markazi shu paytgacha olib borgan faoliyat to‘g‘risida gapirar ekan, jumladan, bunday dedi:

- Bu yerda monografik tadqiqotlar, boshqa narsalar qilish bilan band bo‘lgan. Ular hali O‘zbekiston tarixidan darslik yozmagan. Asosan ularning nimasi mustaqillikdan keyingi O‘zbekiston tarixini yozish bilan band bo‘lgan. Lekin O‘zbekistonning yangi tarixiy markazi dastlabki vaqtlarda juda sermazmun, keng qamrovli faoliyat ko‘rsatgan. Keyingi vaqtlarda mening nazdimda u o‘zining nomiga, o‘zining funktsional vazifasidan ancha chetlashib qoldi. Shu bois prezident farmoni juda to‘g‘ri bo‘lgan bo‘lishi kerak, deydi tarix fanlari doktori Rustam Shamsiddinov.

Tarix fanlari doktori Rustam Shamsiddinovdan yangi tuzilma to‘g‘risida ham so‘radik.

- Bu kengash nihoyatda to‘g‘ri tuzilgan. Hozirgacha oliy ta‘lim tizimida O‘zbekiston tarixidan o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha darslik qo‘llanmalarni yozishga har xil mualliflar akademiya tizimida ishlayotgan, umuman oliy ta‘limdan sal yiroqlashgan oliy ta‘limga u qadar professional tayyorgarligi bo‘lmagan odamlar darslik qo‘llanmalari yozib yurish bilan band bo‘lgan edi. Masalan shu paytgacha tarix fakulteti o‘quv dasturiga muvofiq darslik deyarli yo‘q darajada. Bor, biz endi yozganmiz. Masalan 2010 yilda Vatan tarixi degan uch jildlik kitob chiqardik. U o‘quv qo‘llanma sifatida tarix fakultetlari uchun. Oliy ta‘lim vazirligida shunday kengashning tashkil etilishi oliy ta‘limda ishlayotgan, shu fanni yaxshi bilgan, o‘qitish jarayonida bu narsaning kamchiliklarini, kemtik tomonlarini biladigan odamlar bo‘lib qolsa, o‘sha talabalarning ehtiyoj nimasidan kelib chiqib, menimcha, yaxshi o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar yozish mumkin, dedi Rustam Shamsiddinov.

O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi zimmasiga tarix fanlari doktori aytayotgan vazifalardan tashqari, prezident qaroriga ko‘ra yana bir vazifa – O‘zbekiston tarixi bo‘yicha chet ellarda chiqadigan adabiyotlarni monitoring qilish vazifasi ham yuklatilgan.

Har holda prezident qarorida mana bu satrlar bor: yangi tuzilma “zamonaviy xorijiy ilmiy va o‘quv adabiyotlarida O‘zbekiston tarixini soxtalashtirish va buzib ko‘rsatish faktlarini aniqlash” bilan shug‘ullanishi kerak.

Prezident qaroridagi yana bir gap ham e‘tiborga molik.

Unda aytilishicha, Eng yangi tarix bo‘yicha jamoatchilik kengashi “O‘zbekistonning tarixi hamda buguni, uning sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti to‘g‘risida xalqaro jamoatchilikka ob‘ektiv informatsiya yetkazish bilan shug‘ullanishi kerak”.
XS
SM
MD
LG