Линклар

O‘zbek adibi Isajon Sulton AQShning Chikago shahrida chop etiladigan “Leksikon” jurnalining 2011 yilgi adabiy tanlovi g‘oliblaridan biri, deb e‘lon qilindi.

AQSh, Germaniya, Avstraliya, Isroil, Rossiya, Turkiya va boshqa bir qator mamlakatlarda yashab, ijod qilayotgan adiblar asarlari ishtirok etgan mazkur tanlovning proza nominatsiyasidagi uchinchi mukofot o‘zbek adibining ilk bor “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan “Qismat” hikoyasiga berildi.

Muxbirimiz adib bilan bog‘lanib, uni mukofot bilan tabrikladi.

Ozodlik: Mukofot muborak.

- Rahmat, rahmat.

Isajon Sultondan “Leksikon” jurnali adabiy tanloviga qatnashib qolishi tafsilotlarini so‘radik.

- Aslida bu jurnaldan xabarim yo‘q edi. Bu yerda Internetni mendan ko‘ra yaxshiroq biladigan ukalarimiz bor. Shu ukalarimizdan “Leksikon" degan jurnalga “Sharq yulduzi”da e‘lon qilingan "Qismat" hikoyangizning ruschasini yubordik. Shunaqa bir konkurslari bor ekan” degan gap bo‘ldi. Keyin kutilmaganda “Leksikon” jurnalida 2010 yil iyun oyida shu hikoya e‘lon qilinib qoldi. Bunga xursand bo‘ldik. Haqiqatan bir o‘zbekning ovozi Amerikaday uzoq o‘lkada har holda ozgina bo‘lsa ham eshitilibdi deb. Bu hikoya balki o‘zbek xalqining, o‘zbek hayotining o‘ziga xosligini qanaqadir boshqacharoq qirralarda ko‘rsata olganligi uchundir proza nominatsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rin berilibdi, deydi Isajon Sulton.

Adibdan shugina gapni olish ham ancha qiyin kechdi. U kishi “Men olgan mukofot uning atrofida ko‘tarilgan shov-shuvga arziydigan darajadagi katta mukofot emas, odam tortinadi, indamay qo‘yaveringlar”, dedi mikrofonimizni yoqqunimizcha.

Biroq boshqa bir o‘zbek adibi Nurillo Otaxon Isajon Sultonning prozasi to‘g‘risida ancha iliq gaplarni aytdi.

- Yangi yozgan narsalarini o‘qib men havas qildim. Nihoyatda yaxshi, yangi yo‘llar axtargan, izlanishlar qilgan. “Mangu darbadar” degan qissasi, endi uni ramziy ma‘noda qissa deyapman, roman desa ham bo‘ladi, kichik lekin, dunyo miqyosidagi fikrlaydigan adiblar bizdan ham yetishib chiqayotganga o‘xshab qoldi. Mana “Ozod” degan qissasida ham ya‘ni bizda ko‘rilmagan uslublarda asar yozishga harakat qilgan. Imkoniyati juda ham keng. Menga yoqqan tomoni-e Xudo xohlasa bu juda ham go‘zal, bundan keyingi asarlari yana ham go‘zal bo‘lsa kerak. O‘qiganingizda endi yuzaga chiqishi mumkin bo‘lgan imkoni ham ko‘rinib qoladida. Shu tomondan Isajonga havas qildim, deydi Nurillo Otaxon.

Adabiyotshunoslar Isajon Sultonni o‘zbek adabiyotiga 90-yillarda kirib kelgan nisbatan yosh avlod safiga qo‘shadi.

Adibning birinchi asari – “Munojot” qissasi 1990 yili kitob holida nashr etilgan. Keyinroq “Oydin buloq” qissasi o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.

Isajon Sultonning uchinchi kitobi - “Boqiy darbadar” 2011-yili nashrdan chiqdi va undan muallifning “Boqiy darbadar” ro‘moni, qissalari va hikoyalari o‘rin olgan.

Isajon Sulton 1967 yili Farg‘onaning Rishtonida tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan, 1997 yildan buyon O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a‘zosi.

O‘zbek adibining okean ortida chiqadigan jurnal mukofotiga sazovor bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarimizda o‘sha mukofotga loyiq topilgan “Qismat” hikoyasi to‘g‘risida hech narsa demadik.

Chunki muallif uni saytimizda e‘lon qilishimizga lutfan rozilik berdi.

Hikoyani mana bu joyda o‘qishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG