Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:20

Chirchiqda millatlararo nizoning oldi olindi


Toshkent viloyatida joylashgan Chirchiq shahrida huquq-tartibot idoralari o‘zbek va qozoq yoshlari o‘rtasidagi to‘qnashuvning oldini olishga muvaffaq bo‘ldilar.

O‘zbekiston maxsus xizmatlariga aloqadorligi taxmin qilinadigan Uzmetronom saytining xabar qilishicha, ikki millat yoshlari o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatga qozoqlar haqida Internetda tarqatilgan va mobil telefonlariga yozilgan tahqirli qo‘shiq sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng o‘zbek va qozoq millatiga mansub o‘nlab yoshlar joy-joylarda bir-birlarini haqorat qilganlar va mushtlashganlar.

Saytning o‘z manbalariga tayangan holda xabar qilishicha, bu paytda mahalliy militsiyada har ikki tomondan 200 kishidan qatnashadigan yirik to‘qnashuv haqida ma‘lumot bo‘lgan.

Bu taranglik davom etgan besh kecha-kunduz mobaynida Chirchiq militsiyasi tezkor ma‘lumotlarga ko‘ra shaharning ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarida qo‘riqchilik qilgan.

Bu orada Chirchiq shahar ichki ishlar boshqarmasi tahqirli qo‘shiq mualliflarini, millatlararo ziddiyatning eng faol tashabbuskorlari va uyushtiruvchilarini topishga muvaffaq bo‘lgan.

“O‘z vaqtida qabul qilingan preventiv chora-tadbirlar muammoni hal qilish va shaharda osoyishtalikni saqlab qolishga imkon berdi”, deb yozadi Uzmetronom.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda Chirchiqdagi noxush hodisa yuzasidan bir necha jinoiy ish ochilgan.

Poytaxt Toshkentdan qariyb 30 chaqirim narida joylashgan Chirchiq shahrida 100 ming chog‘li aholi yashaydi. Shaharda o‘zbeklardan tashqari ko‘p sonli qozoqlar, tojiklar, ruslar va koreyslar istiqomat qiladi.

Ko‘pmillatli O‘zbekistonda so‘nggi 22 yil ichida millatlararo to‘qnashuvlar kuzatilmagan. Bu kabi so‘nggi yirik nizo 1989 yili Farg‘ona vodiysida mahalliy o‘zbeklar va mesxeti turklari orasida bo‘lib o‘tgandi. O‘sha voqeadan beri mamlakat rasmiylari millatlararo ehtimoliy janjallarga alohida e‘tibor qaratadigan bo‘lgan.

Mavzu tafsilotlari bilan kun davomida tanishtirishga harakat qilamiz.
XS
SM
MD
LG