Линклар

logo-print

Aholining yarmiga yaqinini etnik qozoqlar tashkil etuvchi Chirchiqdagi o‘zbek va qozoq ëshlari o‘rtasidagi janjalga mobil telefonlari orqali tarqalgan qo‘shiq bahona bo‘lgan.

O‘zbekiston maxsus xizmatlariga yaqin Uzmetronom.com Internet gazetasining xabar berishicha, Chirchiqda o‘tgan oy Internet va mobil telefonlari orqali qozoqlarni tahqirlovchi qo‘shiq tarqatila boshlangan.

Ozodlik hozircha na bu qo‘shiq audiosi va na matnini qo‘lga kiritdi.

Bu qo‘shiq tarqalishi ortidan ikki hafta oldin shaharning ba‘zi joylarida bir necha o‘nlab yoshlar ishtirokida mushtlashuvlar sodir bo‘lgan.

"Chirchiqda har tomondan 200 kishi ishtirokida yirik millatlararo to‘qnashuvi kutilayotgan edi. Ammo shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tahqiromuz qo‘shiq mualliflari hamda mojaro tashabbuskorlari shaxsini aniqlagach, millatlararo nizolarni qo‘zg‘atish holati bo‘yicha bir necha jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi, tergov olib borilmoqda, ayni paytda shaharda vaziyat tinch", deya qayd etadi Uzmetronom.com.

Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasiga ko‘ra, bu yerda gap ikki hafta oldin Chirchiqda ro‘y maishiy nizo haqida bormoqda.

- Bu yerda alohida tashvishga sabab bo‘ladigan bir muammo yo‘q. Yoshlar o‘rtasida o‘zaro tushunmovchilik bo‘lgan aftidan. Oradan yarim oy o‘tdi, hozir vaziyat joyiga tushdi, mahalliy hokimiyat idoralari tarafidan vaqtida chora ko‘rildi, hozir vaziyat tinchigan. Bu yerda ziddiyat maishiy negizda kelib chiqqan, qolaversa janjal ishtirokchilarining bari bir shaharda yashaydigan, birga o‘qiydigan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishgan. Buni etnik nizo deyishga heya bir asos yo‘q, dedi o‘z ismini aytmagan qozoq diplomati.

Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi vakillari esa nizo kelib chiqqanini mutlaqo rad etishdi.

- Endi ko‘pmillatchilik to‘g‘ri bu yerda, ko‘pmillatchilik xalqmizu, lekin hammasi tinchlik totuvlikda, do‘stona munosabatlar bilan yashab kelyapmiz. Bunaqa nizo kelib chiqqanini eshitmadik, Xudo xohlasa bo‘lmasa ham kerak. Aytilayotganidek katta nizo kelib chiqqan bo‘lsa¸ biz bundan xabar topgan bo‘lar edik, dedi Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan vakili.

Poytaxt Toshkentdan 30 chaqirim uzoqlikda joylashgan Chirchiqda 150 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholining 40 foizini etnik qozoqlar tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG