Линклар

logo-print

O‘zbek uy bekalari ham ikki haftadan beri tomosha qilayotgan turk sultoni haramining ikir-chikirlariga oid serialning to‘xtab qolgani e‘tirozlarga sabab bo‘ldi.

Turk sultoni Sulaymon haqidagi serialni o‘zbek tomoshabinlari Rossiyaning “Domashniy” kanali orqali tomosha qilishayotgan edi.

Film davomining dastur jadvalidan olib qo‘yilishidan Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbek tomoshabinlari chuqur tashvish bildirishdi.

Filmning 12 seriyasini oshig‘ich havas bilan ko‘rgan Toshkentlik uy bekasi Inobat opa ana shunday muxlislardan biri:

"Muhtasham asr" seriali veb sahifasidan surat.

"Muhtasham asr" seriali veb sahifasidan surat.

- Juda o‘rganib qoluvdik. Har kuni sabrsizlik bilan kutardik. Bu shunchaki ko‘ngilochar kino emas¸ balki bizning tarix borasidagi tushunchalarimizni boyitadigan film. Endi bu filmning davomini Internet yoki boshqa vositalardan qidirishga to‘g‘ri keladi. Chunki juda o‘rganib qoldikki¸ nari¸ berisi yo‘q¸ deydi toshkentlik Inobat opa.

Dunyoning 60 mamlakatida birdaniga namoyishi boshlangan 100 qismlik “Muhtasham asr” tarixiy seriali borasida ziddiyatli fikrlar urchigan.

Film namoyishini taqiqlagan Rossiya mulozimlari nazarida “serial Usmonli sultonligini ulug‘lab¸ Rossiyaning tarixiy rolini ataylab kamsitgan”.

Bu ma‘lumotni keltirgan "Xabertyurk" agentligi o‘z manbalariga tayanib saylov arafasida Rossiyada Turk sultonligi ulug‘langan 100 qismlik film namoyishi siyosiy ob-havoga uyg‘un bo‘lmagani uchun“Domashniy” TV rahbariyati namoyishni to‘xtatishga qaror qilganini ta‘kidlagan.

Ayni paytda “Domashniy” TV serial davomining may oyida namoyish qilinish ehtimoli borligini bildirgan.

Sulton Sulaymon

Sulton Sulaymon

Marg‘ilondan borib Rossiyada ishlayotgan 35 yashar mehnat muhojiri bu filmning ashaddiy muxlisiga aylanganini aytadi.

- Bu kinoni to‘xtab qolgani juda yomon bo‘ldi. O‘zi juda ham o‘rganib qolgan ekanmiz. Faqat men emas¸ ko‘pchilik shunday fikrda¸ deydi Rossiyadagi serial muxlisi.

Turk sultoni Sulaymon va uning ukrainalik sohibjamol Roksolanaga otashin muhabbati haqidagi bu serial Turkiyada ham katta e‘tirozlarga sabab bo‘ldi.

Turkiya teleradioeshittirishlar oliy kengashiga mamlakatdagi turli jamoat tashkilotlari¸ tarixchi va oddiy fuqarolardan bir millionga yaqin shikoyat maktubi kelgani va ularda tarixiy faktlarning buzilganiga e‘tiroz bildirilgani aytildi.

Oliy kengash boshlig‘i Dovut Dursun bu yuzadan matbuot anjumani o‘tkazib¸ “Badiiy asardan tarixiy aniqlik qidirish to‘g‘ri emas” deb bildirdi.

Serial atrofidagi ziddiyat bois Turkiyaning Bursa shahrida “Yangi media tizimida huquq va ma‘suliyat” degan mavzuda simpozium tashkil qilindi.

Simpoziumda serial mualliflari tarixchilar e‘tirozlariga javob berar ekan¸ “bu bir filmdir¸ hujjatli kino emas”¸ deb ta‘kidlashdi.

“Muhtasham asr” filmi orasidagi bahsga Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham qo‘shildi.

Erdo‘g‘on film ijodkorlarini “Turkiya tarixini yoshlarga salbiy tarzda targ‘ib qilayotganlikda” aybladi.

Film Turk sultoni Sulaymon davridagi real voqealarga asoslangan.

Serialda Usmonli imperiyasida eng ko‘p sultonlik qilgan Sulaymon I hayoti bilan bog‘liq voqealar tasvirlangan.

1520 yilda sulton Sulaymon Ukrainadan keltirilgan kanizak Roksolanaga uylanadi.

Pirovardida islomni qabul qilib Xurram Xotun nomini olgan Roksolana sultonlikda o‘z gizli iqtidorini o‘rnatib mamlakat boshqaruviga faol aralashdi.

Serial dunyoning 60 tilida turli nomlarda taqdim qilindi. Film Slovakiyada “Sultan”¸ Chexiyada esa "Velké století" nomi bilan ko‘rsatilmoqda.

TIMS Productions shirkati prodyusseri Temur Sovchi rahbarligida yaratilgan bu film Lotin Amerikasi¸ Frantsiya¸ Italiya¸ Germaniya telekanallarida muntazam namoyish qilinmoqda.

Ayni kunlarda Turkiyada serialning 46-qismi namoyish etildi.
XS
SM
MD
LG