Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:49

Shimoliy ta‘minot tarmog‘i AQShga 500 million dollarga tushmoqda


AQSh uchun eng tez va arzon bo‘lgan Pokiston yo‘li hozirda yopilganicha qolmoqda.
AQSh uchun eng tez va arzon bo‘lgan Pokiston yo‘li hozirda yopilganicha qolmoqda.

AQSh Mudofaa vazirligi Afg‘onistondagi harbiylari uchun zarur ta‘minot mollarini o‘z hududi orqali o‘tkazishga ruxsat bergani uchun Markaziy Osiyo hukumatlariga yiliga 500 million dollar to‘lamoqda.

Bu haqda EurasiaNet.org nashriga ma‘lumot bergan Pentagon rasmiysi¸ ayni paytda mintqadagi qaysi hukumatning Shimoliy ta‘minot tarmog‘idagi o‘z ishtiroki uchun qancha olayotganini ochiqlamadi.

Shimoliy ta‘minot tarmog‘idan o‘tayotgan har bir konteyner yuk uchun to‘lanadigan tijoriy tranzit narxidan tashqari¸ Markaziy Osiyo davlatlari o‘z temir yo‘l infrastrukturasini takomillashtirish uchun¸ degan asosda AQShdan qo‘shimcha tranzit haqi ham talab qildi va umumiy yillik haq Vashington uchun yiliga yarim milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda¸ deb xabar bergan bu nashrga Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Bill Speaks.

“Biz bu summaning alohida davlatga qanday bo‘linishini oshkor qilmaymiz. Ammo Shimoliy ta‘minot tarmog‘idan Markaziy Osiyo hukumatlari yiliga 500 million dollarlik tranzit haqi olayotganini ayta olamiz”¸ degan Pentagon matbuot kotibi.

Pokiston orqali o‘tuvchi Janubiy ta‘minot tarmog‘iga muqobil bo‘lgan Shimoliy ta‘minot tarmog‘i Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston¸ Tojikiston va O‘zbekiston hududidan o‘tadi.

Bu yo‘nalish orqali asosan Afg‘onistondagi AQSh va NATO harbiylariga noharbiy ta‘minot mollari yetkazib berilayotgani aytiladi.

Bu yo‘nalishga qo‘shilgan hukumatlar tranzit haqi olayotgan bir paytda¸ o‘nlab tijoriy pudratchilar ham yuk tashish jarayoniga aralashgan va bundan yuzlab million dollar foyda qilmoqda.

EurasiaNet.org nashri o‘tkazgan tekshiruv natijasida¸ O‘zbekistondan o‘tadigan AQSh va NATO yuklari tranziti bilan asosan Karimovlar oilasi¸ xususan Gulnora Karimovga aloqador shirkatlar shug‘ullanayotgani aniqlangan edi.

Pokiston va AQSh o‘rtasidagi siyosiy keskinlik kuchayib ketgani ortidan Islomobod Janubiy ta‘minot tarmog‘ini yopib qo‘ydi va hozirda Shimoliy ta‘minot tarmog‘i Afg‘onistondagi AQSh va NATO qo‘shinlari uchun quruqlik orqali o‘tuvchi yagona ta‘minot yo‘li bo‘lib qolmoqda va ba‘zi manbalarga ko‘ra¸ umumiy ta‘minot yuklarining 90 foiziga qadar hozirda Shimoliy ta‘minot tarmog‘i orqali o‘tmoqda.

Latviya portlaridan yo‘lga chiqadigan poyezdlarning oxirda baribir O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga kirishi inobatga olinsa¸ AQSh to‘layotgan yarim milliard dollarlik tranzit haqidan eng katta ulushning O‘zbekistonga tegayotgani anglashiladi.

“Shimoliy ta‘minot tarmog‘i orqali o‘tayotgan har bir dona konteyner narxi taxminan 17,500 dollarni tashkil etsa¸ bu narx Pokiston orqali 7,200 dollardir. Ayni paytda¸ Shimoliy ta‘minot tarmog‘i orqali o‘tayotgan yuklar narxi ham bir oz pasaydi. 2009 yilda bir konteyner bu yo‘nalish orqali bizga 21 000 dollarga tushayotgan edi”¸ deydi AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi EurasiaNet.org nashriga.

AQSh harbiylariga yaqin axborot manbalari¸ O‘zbekiston hukumati AQSh va NATO harbiy texnikasining o‘z hududi orqali olib chiqilishiga ham ruxsat bergani va kelishuv shartlaridan biriga ko‘ra¸ buning evaziga Amerika harbiy texnikasining bir qismi mamlakatda qolajagi haqida xabar tarqatgan edi.

Ammo ko‘p o‘tmay olib tashlangan bu ma‘lumot ortidan Rossiya nashrlari 2014 yil oxiriga qadar Afg‘onistondan chiqib ketishi rejalangan AQSh yetakchiligidagi NATO harbiylari va harbiy texnikasining O‘zbekiston hududidan o‘tishiga ruxsat berilmaganini yozdi. O‘z hududidan o‘tuvchi katta miqdordagi qurol-aslahani nazorat qilish imkonidan mahrum O‘zbekiston hukumatini¸ "Kommersant‘" nashriga ko‘ra¸ NATO yuklari orasida bo‘lish ehtimoli mavjud narkotiklar¸ shuningdek qurol-yarog‘ bir qismining mamlakat hududida qolishi cho‘chitgan.

O‘zbekiston raddiyasidan so‘ng NATO yuklarini Afg‘onistondan uchqichlarda Rossiya hududiga olib kelish¸ undan esa temir yo‘l orqali Yevropaga yuborish rejasi tuzilgan.

Pentagon matbuot kotibiga ko‘ra¸ hozirda AQSh va NATO harbiy yuklari tranziti uchun eng arzon yo‘nalish bo‘lgan Pokiston yo‘li ochilishi ustida Vashington va Islomobod o‘rtasidagi siyosiy muzokaralar davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG