Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:58

Yoqilg‘isiz qolgan Yakkabog‘ markaziy kasalxonasi yopildi


Ob-havoning keskin sovib ketishi, gaz va elektr ta‘minotining yo‘qligi bois Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani markaziy kasalxonasi bemorlarni qabul qilishni to‘xtatdi.

Yakkabog‘ tumanidagi markaziy kasalxonaning yopilgani haqida xabarni yetkazgan Ozodlik manbasiga ko‘ra, uning xotinini ham kasalxonaga qabul qilishmagan:

- Ayolim avval gripp bo‘ldi, u bu dori ichib yurdi, lekin battar bo‘ldi. Yo‘tali to‘xtamay juda mazasi qochib qoldi. Rayondagi kasalxonaga olib borsam, palatalar sovuq, bu yerda battar bo‘ladi, yaxshisi uyda davolang, deb qaytarib yubordi, deydi ismi sir qolishini so‘ragan manba.

Uning aytishicha, kasalxonadagi bemorlarga o‘n kun oldin javob berib yuborilgan.

Ozodlik bu xabar ortidan Yakkabog‘ tumanidagi markaziy kasalxonasi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan do‘xtir kasalxona yopilganini tasdiqlar ekan, hali yaqin kunlar ichida uning ochilishi gumon ekanligini aytdi:

- Ha, balnisa yopilgan. Faqat shoshilinch xizmat ko‘rsatyapmiz, jarrohlik talab qilinadigan bo‘lsa dvijoklarni yoqib ishlaymiz, boshqa kasal yotqizganimiz yo‘q. Chunki, sharoit yo‘q, sovuq. 10 fevralgacha deyishgandi, nazarimda yana cho‘zishsa kerak, deydi kasalxona shifokori.

Viloyatning boshqa tumanlaridagi qishloq kasalxonalarida ham ayni ahvolda. Bu haqda gapirgan kosonlik Shomurotning aytishicha, bemorlar sovuq kasalxonadan ko‘ra, uylarida yotib davolanishni ma‘qul ko‘rmoqda:

- Svet ham yo‘q, gaz ham yo‘q, sovuq, kasallar yotmaydi. Mening bitta qo‘shnim do‘xtir, uyidan kasalxona ochib oldi. Hozir odamlar shunga kelib davolanayapti, deydi Shomurot.

Chiroqchi tumanidagi qishloq kasalxonalaridan birida ishlayotgan shifokor ismi sir qolishi sharti bilan o‘z kasalxonasining elektr quvvati ko‘rmaganiga ancha bo‘lganini aytadi:

- Svet degan narsani hamma esdan chiqarib yubordi. Dvijok jonimizga oro kirayapti, deydi bu shifokor.

Gaz va elektr energiyasi taqchil bo‘lib turgan ayni kunlarda O‘zbekistonning qishloq hududlarida joylashgan aksariyat kasalxonalar dvijoklarga tayanib qolgan. Biroq bu dvijoklarga ham har doim benzin topib bo‘lmasligi aytiladi.

Qamashi tumanida istiqomat qiluvchi Hasan Choriyev Ozodlikning o‘tgan dasturida, jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan bemorlar kasalxonaga o‘zlari bilan benzin olib borishlariga to‘g‘ri kelayotgani haqida gapirgan edi.
XS
SM
MD
LG