Линклар

4 fevral kuni noma‘lum shaxslar Peterburgdagi “Toshkent” o‘zbeklar do‘konini portlatishga urindi; hozircha jinoyat motivlari noma‘lum.

Peterburgda asosan o‘zbekistonliklar ishlovchi savdo do‘koniga portlovchi modda tashlab ketildi.

Shaharning Nevskiy tumanidagi Sedova ko‘chasi 89-uyda joylashgan oziq-ovqat do‘koniga noma‘lum kimsalar otgan moslama partizanlar tomonidan keng qo‘llaniladigan “Molotov kokteyli”, deb ataladi.

Yong‘in chiqaruvchi moslama tashlanganida magazinda ikkita sotuvchi xotin va Oybek ismli yigit bo‘lgan.

“Toshkent” do‘konida sotuvchilik qilib turgan farg‘onalik Oybek Ozodlik bilan suhbatda tasodifga ko‘ra shisha butilka sinib yonishni boshlaganiga qaramasdan hech kim jarohat yetmaganini gapiradi.

- Shanba kuni shunaqa noxush voqea bo‘ldi. Kechki vaqt, soat 8 yarimlarda, ishni tamomlashimizdan oldin noma‘lum shaxslar – ko‘rganimiz yo‘q kimligini – magazinning katta oynasidan shishaga benzin qo‘yib, lattasini yoqib tashlashgan. Katta oynak sinib ichkariga tushgan. Sochilib tokchalar, romning taxta joylari yondi. Tez o‘chirishga harakat qilib o‘chirdik. Hech kim jarohat olmadi. Yetkazilgan shikat ertasiga kraskalab yangi oyna qo‘ydim. Hozir yana ishlayapmiz, deydi voqea guvohi bo‘lgan Oybek.

Hodisa joyiga yetib kelgan sapërlar portlovchi uskunani zararsizlantirib olib chiqib ketgan¸ do‘kon xizmatchiridan hech kimga zarar yetmagan.

Oybek bu voqeani kim sodir qilishi mumkinligini tasavvur qila olmasligini aytadi.

“Magazinimizda bunaqa voqea birinchi marotaba bo‘ldi. Og‘zaki bir-ikki marotaba norozilik bildirilar edi, lekin hujum bo‘lmagan”, deya davom etadi “Toshkent” do‘koni Oybek.

- Bilmadim, magazinga bir kunda 300-400 odam kiradi, hamma bilan aloqamiz yaxshi. Xaridorlar ham bu gaplarni eshitib hammasi hayron. Ulardan yarmidan ko‘pi mahalliy ruslar.

Do‘konda asosan oziq-ovqat. Mahsulotlarimizning yarmi bo‘lmasa ham¸ 30 foizi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keltiriladi. O‘zimizni Vasileostrovskiy rayonida hamyurtlarimiz ham ko‘p kiradi. O‘zimizda mana o‘zbek magazinlar tarmog‘i ochildi. Piterda uchta magazinimiz ishlayapti. Nomlari ham “Toshkent”, “Buxoro”, “Xorazm”, deb nomlandi. Kim biladi deysiz, kimning xayoliga kelgan ekan bu hujum, deydi farg‘onalik Oybek.

Sankt-Peterburgdagi o‘zbeklarning “Turon” gazetasi bosh muharriri Mahmud Mamatmo‘minov tajovuzni mahalliy millatchi yoshlar uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi, lekin bunday holatlar yana takrorlanishiga ishonmasligini gapiradi.

- O‘rislarni ichida ham millatchilar yo‘q emas. Kallasi yo‘q biror odam qilgan. Bu yerda ochilganidan beri hech bunaqa hodisalar bo‘lmagan edi. Undan tashqari o‘zbekcha kafelar, restoranlar bor o‘zbekcha nomlar bilan. Hozircha hech kim ushlangani yo‘q, ushlansa bilinadi nima maqsadda qilinganini. Qo‘rqitish holatlari ham bo‘lmagan, deydi jurnalist Mahmud Mamatmo‘minov.

Jurnalistga ko‘ra, bu voqea Peterburgda mahalliylarning markaziy osiyolik, xususan o‘zbeklarga bo‘lgan munosabatini namoyish qilmaydi va shaharda millatlararo munosabatlarning keskinlashishiga olib kelmaydi.

Uning ma‘lum qilishicha, o‘zbek savdo do‘konlari tarmog‘ining egasi Oleg Belousov Peterburgda “Toshkent” kabi yana bir qator o‘zbek do‘konlarini ochish niyatida. “Toshkent” oziq-ovqat magazini Peterburgdagi “O‘zbekiston” savdo tarmog‘i do‘konlaridan biridir.

“Sharqona uslubda bezatilgan bu do‘konlarning asosiy xaridorlari nafaqat mehnat muhojirlari, balki mahalliylar hamdir”, deya ma‘lum qiladi muharrir Mahmud Mamatmo‘minov.

- U O‘zbekistonda mavjud 12 viloyati nomlari bilan har bir do‘konni nomlab, O‘zbekistondan olib kelingan tovarlarni savdo qiluvchi tarmoqni boshlab qo‘ydi. Peterburg bo‘yicha 12 ta shunday magazin ochiladi. Mana hozir O‘zbekiston bilan aloqalar boshlanayapti, deydi Mahmud Mamatmo‘minov.

“Toshkent” savdo do‘koniga portlovchi moslamaning tashlab ketilishi yuzasidan jinoyat joyiga yetib kelgan politsiyachilar taftish ishlarini boshlab yuborgan, jinoyatchilar qidiruvga berildi.
XS
SM
MD
LG