Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:52

Toshkentdagi Carlsberg pivo zavodi qayta ish boshladi


O‘tgan yilgi tekshirishlar natijasida faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan “UzCarlsberg “ shirkati yana pivo ishlab chiqarishni boshladi.

“UzCarlsberg “ shirkati bir yildan ziyod davom etgan tekshirishlar natijasida to‘xtab qolgan faoliyatini qaytadan boshladi.

Hozirda shirkat rahbariyati butunlay yangilangan tarkib bilan faoliyat ko‘rsatmoqda.

“UzCarlsberg“dan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shirkat bosh direktori Yevgeniy Shevchenko ishdan bo‘shatilib, uning o‘rniga Jon Gilin tayinlangan.

2010 yilning 17 oktyabridan boshlab shirkatning xo‘jalik faoliyati tekshirilayotgani va kompaniyaning tayyor mahsulotlar omborlari tekshiruv tugagunga qadar muhrlab qo‘yilgani aytilgan edi.

Shirkatning o‘z ismini oshkor qilmagan xodimiga ko‘ra, tekshiruv natijasida "UzCarlsberg" qo‘shma korxonasining 2009 yil 1 yanvaridan 2010 yilning oxiriga qadar bo‘lgan davrdagi moliyaviy-xo‘jalik faoliyati to‘liq taftish qilingan.

Ozodlik tekshiruv natijalari va shirkatning bugungi faoliyati borasida qo‘shimcha ma‘lumot olish uchun “UzCarlsberg “ matbuot xizmati vakili Sobir Nazarovga murojaat qildi.

Biroq Nazarov hech qanday ma‘lumot bera olmasligini bildirdi.

Uzmetronom.com sayti ma‘lumotiga ko‘ra, shirkatning eski rahbariyati O‘zbekistondan chiqib ketgan va tashkilotning soliqdan qarzlarini yangi rahbariyat qoplagan.

Dunyodagi yirik pivo kompaniyalaridan biri bo‘lgan Carlsberg Group (Daniya) shirkati 2006 yili O‘zbekistonda 100 million AQSh dollari miqdoridagi “UzCarlsberg” loyihasini yo‘lga qo‘ydi.

2007 yilning 6 sentyabrida Toshkent shahrining shimoli-g‘arbida 10 gektardan ziyod maydonda “UzCarlsberg”ga qarashli pivo zavodi qurilib, ishga tushirildi.

Pivo zavodining ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,45 million litr yoki 0,5 hajmdagi 290 million dona shisha idishda pivo tayyorlash imkoniga ega.

“UzCarlsberg” saytidagi ma‘lumotga ko‘ra, hozirda zavod to‘la quvvatda ishlamayapti - u yerda yiliga 1 million litr pivo ishlab chiqarilayapti.

Bugungi kunda zavodda Sarbast Original, Sarbast Extra, Sarbast Special, Sarbast Strong, Tuborg, Baltika 3, Baltika 9 va Baltika 7 deya nomlangan pivo turlari ishlab chiqarilayapti.
XS
SM
MD
LG