Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:32

Dushanbe zooparki Tursunboydan ayrildi


Dushanbe shahridagi hayvonot bog‘ida saqlanayotgan yagona begemot o‘lib qoldi.

Bu begemot (suv oti) Qozog‘istonning Tojikistonga sovg‘asi edi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, yetti yoshli bu noyob hayvon Qozog‘iston tomoni bilan olib borilgan to‘rt yillik muzokaralardan so‘ng Dushanbega olib kelingandi.

So‘nggi yigirma yil davomida begemotga yolchimagan shahar zooparki mas‘ullari mehmonga Tursunboy deb nom qo‘ygandi. Afsuski, Tursunboy Tojikistonda bor-yo‘g‘i yetti oygina umr ko‘rdi.

Dushanbe shahar hayvonot bog‘i mas‘uli Qurbon Odinayevning aytishicha, begemot yurak xurujidan o‘lgan.

- 7 fevralda betob bo‘lgandi, o‘lib qoldi. Respublika veterinar vrachlari tashxis qildi va “yurak xurujidan o‘lgan, unga bu kasallik onasidan o‘tgan”, degan xulosa qilib ketishdi, - deydi Odinayev.

Hayvonot bog‘i mas‘ulining aytishicha, begemotning salomatligi doimiy nazorat qilinib turilgan, yemagi ham yaxshi bo‘lgan.

Tojikistonliklar orasida Tursunboy nomi bilan tanilgan bu jonivor bolalarning shahar hayvonot bog‘iga serqatnov bo‘lishiga, buning ortidan esa hayvonot bog‘ining ko‘p daromad ko‘rishiga sabab bo‘lgan.

Begemotning o‘limi haqida bugun qator internet saytlarda xabar tarqalganidan so‘ng bu voqea feysbukchilar orasida keng muhokama va munozaraga sabab bo‘ldi.

Ko‘pchilik begemotning o‘limiga “Tojikistondagi yomon ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat ta‘sir qilgan”ini yozgan.

Rudakiy tumanida yashovchi Jahongul aya ham tilsiz hayvon ochlikdan o‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

- U ochlikdan o‘lgan bo‘lsa kerak. Tunov kuni zoopark ishchilaridan biri televizorda gapirib, “110 ta hayvonimiz bor, odamlar bilet olib kirsa, shularga ovqatimiz bo‘lib turadi”, degan edi. Men: “Qishda hech kim bormaydi, ular qayerdan ovqat yeydi ekan?” deb qo‘ygandim. O‘lgan bo‘lsa, ochlikdan o‘lgandir, - deydi uy bekasi Jahongul aya.

Dushanbe shahridagi hayvonot bog‘i 1961 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi. Bu hayvonot bog‘i dunyoning turli davlatlari, jumladan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Armaniston, Latviya, O‘zbekiston va boshqa davlatlar zooparklari bilan o‘zaro hayvon almashishni yo‘lga qo‘ygan.

O‘tgan yillarda O‘zbekiston ham Dushanbe zooparkiga Afrika sherlari, tovus va shu kabi noyob parranda va darrandalarni sovg‘a qilgan edi.
XS
SM
MD
LG