Линклар

Rossiyaning “Exo Moskvi” radiosi bosh muharriri radiostantsiya Direktorlar kengashidan chiqarilmoqda. Aleksey Venediktov boshliq tahririyat Rossiyadagi mustaqil va xolis axborot taqdim qilib kelayotgan axborot vositalaridan biri hisoblanadi.

Venediktov seshanba kuni ertalab tarqatgan bayonotida “Gazpprommedia (Exoning 66 foiz aktsiyalarini nazorat qiladigan shirkat sifatida) Exo Direktorlar Kengashining muddatidan avval iste‘fo berishi va mustaqil direktorlarni almashtirishni talab qildi” deya ma‘lum qildi. O‘z bayonotida “Exo Moskvi” bosh muharriri bu qaror Rossiya bosh vaziri va prezidentlikka asosiy nomzod Vladimir Putinning ko‘rsatmasi bilan qabul qilinganiga ishora qildi.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘tgan yilning oxirida Gazprom-media “Exo Moskvi” direktorlar kengashi yig‘inini o‘tkazib, uning muddatidan avval tarqatib yuborilishini talab qilgan.

Lekin shu bilan birga Venediktov o‘zining direktorlar kengashidan ketishi radiostantsiya bosh muharriri lavozimidan iste‘fo berishini anglatmasligini aytmoqda. “Gazpprommedia bosh muharrir iste‘fosi to‘g‘risidagi masalani ko‘targani yo‘q”, deya xabar qildi jurnalist o‘z Tvitter sahifasida.

“Exo Moskvi” amaldagi hukumat va, xususan, Vladimir Putinni ochiq tanqid qilib kelayotgan axborot vositalaridan biridir. Hatto o‘tgan oyda Putin Rossiya ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari bilan uchrashuvi chog‘ida Venediktovga qarata “siz ertadan kechgacha ustimga mag‘zava ag‘darish bilan bandsiz” (ruschada “Vi menya polivayete ponosom s utra do vechera”), deya gina qildi va ko‘p millionlik auditoriyaga ega “Exo Moskvi” tahririyat siyosatini keskin tanqid qildi.

Aynan Putinning tanqidlari “Exo Moskvi”ning 66 foiz ulushiga egalik qiladigan Gazprom shirkatining radiostantsiya boshqaruvini almashtirish qaroriga sabab sifatida ko‘rilmoqda.

Rossiyada o‘tgan yilning 4 dekbarida o‘tkazilgan parlament saylovridan keyin va 4 martga belgilangan prezident saylovlaridan oldin mamlakat muxolifati o‘n minglab odam ishtirokida norozilik namoyishlarini uyushtirib kelayotgani davlat rahbarligiga Vladimir Putinni qaytarishga urinayotgan Kremlni tashvishga solib qo‘yganini aytmoqda kuzatuvchilar.

Direktorlar kengashida mustaqil direktorlardan biri bo‘lgan iqtisodchi Yevgeniy Yasin bu xabarni izohlar ekan, bugun prezidentlik saylovi oldidan “hukumatning paytavasiga qurt tushib qolgan ko‘rinadi”, deydi:

- Hozir, aftidan, mustaqil axborot vositalari davlat rahbariyatini cho‘chitib qo‘ygan bir vaziyat yuzaga kelgan ko‘rinadi. Shu bois hokimiyat o‘zi uchun ma‘qul bo‘lmagan vaziyatni oldindan bartaraf qilishga harakat qilmoqda, deydi Yasin.

“Exo Moskvi” rahbariyatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabarlarni bosh vazir Vladimir Putinning matbuot kotibi ham e‘tiborsiz qoldira olmadi. Dmitiriy Peskov bu xususda izoh berar ekan, Gazprom-media qarori Vladimir Putinga nisbatan tanqidlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin emas, deya ta‘kidladi.

Lekin Venediktov seshanba kuni e‘lon qilgan bayonotda “Gazprom-media Rossiya Federatsiyasi oliy rahbariyatining radiostantsiyaga nisbatan bildirgan tanqidlarini e‘tiborsiz qoldira olmasligini tushunamiz”, deyiladi.

Yevgeniy Yasin “Exo Moskvi”ga nisbatan bosimning kuchayayotgani Putin Kremlga qaytgach, Rossiyada ommaviy vositalari ustidan nazorat kuchayitirilishi ehtimoli oshayotganidan dalolatdir, deydi.

- Demakki, ular 4 dekabr saylovlari natijalari bilan bog‘liq xavflar yuzaga kelganini yaxshi his qilishmoqda. Bu havoni bo‘g‘ib qo‘yish ehtimollari oshayotganiga bir signal, deb qabul qilinishi va hamma bundan ogohlantirilishi kerak. Demak bunday komanda bo‘lgan va ortiqcha xarhasha bo‘lmasligi uchun Venediktovdan qutilishga qaror qilishgan, deydi sobiq direktorlar kengashi a‘zosi.

Aleksey Venediktov direktorlar kengashidagi o‘zgarish ulushning 34 foizi jurnalistlariga tegishli bo‘lgan radiostantsiya siyosatida o‘zgarishlar ro‘y berishini anglatmasligini alohida qayd etdi. Chunki, dedi u, tahririyat siyosati uchun direktorlar kengashi emas, bosh muharrir javobgardir.

“O‘z tinglovchilarimizni ishontirib aytamizki, “Exo Moskvi” tahririyat siyosati jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib Rossiya Federatsiyasi qonunlariga asoslangan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi”, deya xulosa qildi o‘z bayonotiga Aleksey Venediktov.

Lekin “Exo Moskvi” sobiq mustaqil direktorlaridan biri Yevgeniy Yasin, bunday choraga borgan hokimiyatdan har baloni kutish mumkin, deydi Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG