Линклар

Shvetsiyadan haydalgan 9 o‘zbekdan biri qiynoqqa solinmoqda


Hozir MXX hibsxonasida qolayotgan 9 o‘zbekdan birining qonga belangan kiyimi yaqinlariga berilgani aytilmoqda.

Hozir MXX hibsxonasida qolayotgan 9 o‘zbekdan birining qonga belangan kiyimi yaqinlariga berilgani aytilmoqda.

Hozircha ismi oshkor qilinmasligi so‘ralgan 9 o‘zbekdan birining qonga botgan kiyimi MXX xodimlari tomonidan rafiqasiga berildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan Nodirbekka ko‘ra, o‘tgan dushanba kuni maxsus samolyot bilan Shvetsiyadan O‘zbekistonga yo‘llangan 9 yigitdan birining qonga belangan ust kiyimi bir necha kun muqaddam o‘z yaqinlariga berilgani ma‘lum bo‘lgan.

- Biz Toshkentdan oldik bu xabarni. O‘tgan seyshanba yoki chorshanba kuni ulardan birining qon bo‘lib ketgan kiyimini oilasiga berib, boshqasini olishgan. Biz hozir uchtasining oilasi bilan bog‘lanib turibmiz. Ular qattiq qo‘rqitilgan,- deydi Nodirbek.

U bu yigitning ismini yaqinlari iltimosiga ko‘ra hozircha oshkor qila olmasligini aytdi.

- MXXdagilar aniq aytishganki, 2 oy bizda bo‘ladi bolalaringiz, keyin qo‘yvoramiz, deb. Lekin ikki oy ichida ularning bo‘yniga statyalarni ilib, sudga tayyor qilib qo‘yishadi, bu aniq endi,- deydi Nodirbek.

Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra, qaytarilgan yigitlarning hammasi hanuz hibsda qolmoqda va ularning birortasiga yaqinlari bilan uchrashish imkoni berilmagan.

Hozircha bu yigitlardan ikkisi — 27 yoshli Eldor Mamatov hamda MXX hibsxonasida qiynoqqa solingan yigitning shaxsi haqidagi ma‘lumotlar Ozodlikka ma‘lum bo‘ldi.

Shvetsiyadan siyosiy boshpana qidirgan hamda Migratsiya xizmati tomonidan bu haqdagi so‘roviga rad javobini olgan 9 o‘zbekistonlik 6 fevraldan 7 fevralga o‘tar kechasi mamlakatdan deportatsiya qilingan hamda maxsus samolyotda O‘zbekistonga olib borib tashlangani xabar qilingan edi.

Bu haqda Ozodlikka intervyu bergan manbaga ko‘ra, yigitlarning 8 nafari Toshkent aeroportidayoq hibsga olingan, yana bir nafari esa ertasi kuni o‘z uyidan Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Ozodlik bu xabar ortidan Shvetsiya migratsiya xizmati va politsiyasiga rasman murojaat qildi.

Xususan, bu yigitlarning O‘zbekistonga olib borlishida ishtirok etgani aytilgan politsiya mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu haqda hech qanday ma‘lumot bera olmasligi, hamma ma‘lumotning uning rahbari yoki Migratsiya xizmatidan olishimiz mumkinligini aytdi.

Shvetsiya Migratsiya xizmati rasmiylari hozircha bu borada to‘liq axborot bergani yo‘q.

Ammo, bu to‘qqiz yigitdan birining huquqlarini himoya qilgan advokat ularning O‘zbekistonda Maxsus xizmatlar tomonidan hibsga olinganidan xabardor ekanini aytdi.

- Men bu bolalarning yaqinlaridan eshitdim, ularning Toshkentda hibsga olinganini. Ular bir hafta oldin yurtiga jo‘natilgan edi,- dedi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonga berib yuborilgan 9 o‘zbekdan birining huquqiy himoyachisi.

Hanuz bu yigitlarning qay vaziyatda O‘zbekistonga berib yuborilgani qorong‘u bo‘lib qolmoqda.

Huquqiy himoyachiga ko‘ra, yigitlarning siyosiy boshpana so‘rab qilgan murojaatiga Shvetsiya migratsiya xizmati tomonidan berilgan javob va bu yigitlarning to‘g‘ri olib borib, O‘zbekiston MXX qo‘liga topshirilishi xalqaro qonunlarga ziddir.

- Garchi ularning siyosiy boshpana haqidagi so‘rovi asossiz bo‘lgan taqdirda ham ularni qiynoqlar qo‘llanishi va soxta, siyosiy ayblovlar qo‘yilishi aniq bo‘lgan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining xodimlari qo‘liga topshirilishi xalqaro huquqiy meyorlarga ziddir,- dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda 9 o‘zbekdan birining advokati.

Unga ko‘ra, taqdiri noma‘lum qolayotgan bu yigitlar kuch bilan O‘zbekistonga jo‘natilishi bois huquqiy himoya olish haqqidan ham mahrum qilingan va buning mas‘uliyati shved hukumati zimmasidadir.

Ozodlik bu voqea tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG