Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:11

O‘zbekistonda Internet "ko‘zgu" saytlar orqali ta‘qib etilmoqda


Prezident Islom Karimov "Interentni to‘sish ahmoqlik" ekanini uqtirishiga qaramasdan, O‘zbekistonda bunday ahmoqlikka qo‘l urayotganlar topiladi, deydi mutaxassislar.
Prezident Islom Karimov "Interentni to‘sish ahmoqlik" ekanini uqtirishiga qaramasdan, O‘zbekistonda bunday ahmoqlikka qo‘l urayotganlar topiladi, deydi mutaxassislar.

O‘zbekistonda hukumat Internetni ta‘qib qilishda ko‘zgu saytlaridan foydalanmoqda. O‘zbekiston maxfiy xizmatlari Internet tarmog‘ida hukumat xush ko‘rmaydigan saytlarga kiruvchilarni ovlash uchun yosh o‘zbek kompyuter mutaxassislarini yollamoqda.

Bu maqsadda ular shu saytlarning UZ domenidagi nusxalarini yaratishga jalb etilgan. Bu haqda Ozodlikka bir-biridan mustaqil o‘zbekistonlik ikki yosh kompyuterchi ma‘lum qildi.

Ularga ko‘ra, hukumat xorijdagi domenlarda qayd etilgan bu saytlarga kiruvchilarni kuzata olmaydi.

Ammo UZ domenida ochilgan nusxalariga kirganlarni ta‘qib etish imkoniga ega bo‘ladi.

Hozircha UZ domenida Ozodlik, Ferghana.ru, Uznews.net kabi Internet nashrlarning shunday "ko‘zgu" saytlari paydo bo‘lgan.

Ozodlik tahririyati maxfiy xizmatlar tomonidan ochilgani iddao qilinayotgan bu saytlar manzillarini xavfsizlik nuqtai nazardan keltira olmaydi.

Ozodlik veb administratori O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan www.ozodlik.org saytiga proksi serverlar va, xususan Ozodlik tadqim etgan Sayfon linklari orqali kirishni tavsiya qiladi.

Ozodlik bilan aloqada bo‘lgan Anonim–X laqabli o‘zbekistonlik “xakker” maxfiy xizmatlar o‘zini bu ishlarga jalb qilishga uringani, ammo u bunga ko‘nmaganini aytdi.

Anonim–X ning aytishicha, hozirda maxfiy hizmatlar qo‘llayotgan usul Internet dunyosida anchadan beri ma‘lum.

- Xakkerlikda bu fishing, ya‘ni baliq ovlash deb ataladi. Deylik, Ozodlik sayti nusxasi olinib, kiruvchilarni nazorat qilish oson bo‘lgan domenga qo‘yiladi. Masalan, Ozodlik saytining nusxasi hozir UZ domenida turibdi. Endi kimki UZ domenidagi shu saytga kiradigan bo‘lsa laqqa tushadi, ya‘ni log fayliga IP yoziladi, shu IPni provayderdan tekshirib Internet foydalanuvchisi loginini topsa bo‘ladi,- deydi o‘zbekistonlik “xakker”.

O‘zbekistonlik boshqa bir yosh kompyuter mutaxassisi Anonim–X aytganlarini tasdiqladi va maxfiy xizmatlar bu ishga bir qator yoshlarni jalb qilib ulgurganini aytdi.

Ozodlik radiosining ko'zgu (oyna) sayti.
Ozodlik radiosining ko'zgu (oyna) sayti.
Ozodlikning ko‘zgu sahifasini qayd etgan Orca.uz domeni vakili o‘zlari yaratgan platforma maxfiy xizmatlar nazoratidan yiroq ekanini aytdi.

- Biz har bir odam o‘z saytini yaratishi uchun shu platformani yaratganmiz. Barcha xizmatlar bepul. Xohlagan odam domenimizda ro‘yxatdan o‘tib, sayt yurgizishi mumkin, lekin maqsad bu yerda kimnidir nazorat qilish, ta‘qib qilish emas. Shubhali, O‘zbekiston qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydigan ahloqsiz saytlar bo‘lsa olib tashlanadi- deydi Orca.uz domeni vakili.

Ozodlikning "ko‘zgu" sayti kiruvchilaridan o‘z shaxsiy ma‘lumotlarini oshkor etib ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi. Ammo bu ma‘lumotlarning aynan kimga va qayerga borishi Ozodlikka ma‘lum emas.

Ozodlikning "ko‘zgu" saytida bog‘lanish uchun ma‘lumotlar qatorida radioga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan yolg‘on kontaktlar keltirilgan.

Internetni tsenzura qilishning takomillashgan usuli


O‘zbekistonda hukumat Internetni ta‘qib qilishda "ko‘zgu" saytlardan keng foydalanishi avvaldan ma‘lum.

Parijdagi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Internet dasturi rahbari Julian Pein "ko‘zgu" saytlar Internetni tsenzura qilishning takomillashgan usulidir deydi. Uning aytishicha, O‘zbekiston kabi mustabid rejimlar bu kabi usullardan ko‘pdan beri foydalanib kelgan.

- Internet makonida erkin axborot oqimiga to‘siq o‘rnatishning turli usullari bor. Eng tarqalgani u yoki bu saytni blok qilish. Ayni paytda Internetni tsenzura qilishning takomillashgan usullari ham bor. Masalan, O‘zbekistonda hukumat "ko‘zgu" saytlarni ochgan. Bir qarashda mustaqil bo‘lib ko‘rinadigan bu saytlarni aslida hukumat odamlari boshqaradi,- deydi Chegara bilmas muxirlar tashkiloti vakili Julian Peyn.

Bir muddat avval Internetda Uznews.net mustaqil nashrining Uznews.com manzilida aks sahifasi paydo bo‘lgan edi.

Uznews.net nashri bosh muxarriri Galima Buxorboyeva bundan maqsad Internet foydalanuvchilarini chalg‘itish, deb hisoblaydi.

- Uznews.com saytiga kirsangiz, oziq-ovqat, atir-upalarning bema‘ni reklamalarmiyey, xullas aftidan kimdir ataylab shunday domenda saxifa ochgandirki, maqsad saytimizga kirmoqchi bo‘lgan foydalanuvchilarni chalg‘itish. Hech bo‘lmaganda foydalanuvchilar shu yerga adashib kirib qolishadi, degan hayolda ochilgan bo‘lsa kerak, chunki atir-upani Uznews ga nima aloqasi bor,- deydi Galima Buxorboyeva.

O‘zbekiston haqida hukumat pozitsiyasidan ayro xabarlarni beradigan mustaqil saytlar qamal qilinadi. O‘zbekiston hukumatiga muxolifatda bo‘lgan barcha partiyalar, harakatlar saytlari ham to‘sib qo‘yilgan.

Lekin, O‘zbekiston rahbari o‘z chiqishlaridan birida Internetni to‘sish ahmoqlik ekanini aytgan.

"Ko‘zgu" saytlar Internet tsenzurasiga qarshi kurashda ham qo‘l kelmoqda


Ayni paytda, "ko‘zgu" saytlar Internet tsenzurasiga qarshi kurashda ham qo‘l kelmoqda.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakiliga ko‘ra, Internet tsenzurasiga qarshi bu usul Rossiya va Shri Lankada ish bera boshlagan.

- "Ko‘zgu" sayt biron saxifaning ayni nusxasidir. Masalan, tashkilotimiz saxifasi rsf.com blok qilindi yoki hujumga uchradi deylik. Biz boshqa veb server va domen nomi sotib olamiz va saytimizni har bir saxifasini nusxalab yangi serverga joylaymiz. Masalan, Rossiyada Doshdu.ru sayti dekabr oyidagi parlament saylovi payti hujumga uchradi. Biz shu saytni nushasini boshqa domenga joyladik. Hozir http://dosh.rsf.org manzilidagi bu "oyna" saxifa har kuni yangilanyapti,- deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili.

Uznews.net bosh muxarriri Galima Buxorboyeva esa bu usul O‘zbekistonda ham ish berishiga shubha bildiradi.

- Rossiyada masalan sayt blok qilinishi bilan, darhol "oyna" sayt ochishadi. Buni qiyinchiligi shundaki, veb server va domenlarni yoki IP ni doim o‘zgartirib turish imkonsizku. Masalan, biz "ko‘zgu" sayt ochadigan bo‘lsak, bu haqda qanday qilib xabar beramiz. Yangi IP olganimiz bilan unisini ham blok qilishadi,- deydi Galima Buxorboyeva.

O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni bugunga kelib 8 milliondan oshgan. O‘zbekiston behayo saytlarni to‘sish, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan axborotni to‘xtatish vaji bilan qator xalqaro ommaviy axborot vositalari veb-saytlariga to‘siq qo‘ygan va "Internet dushmanlari" ro‘yxatiga kiritilgan mamlakat hisoblanadi.

O‘zbekistonda Internetdan foydalanish narxi muntazam suratda arzonlaëtgani tobora ko‘proq aholiga Internetdan foydalanish imkonini bermoqda.

"O‘zbekiston hukumati 2011 yilda ham ommaviy axborot vositalari ustidan qat‘iyat bilan o‘z kuchli nazoratini yanada kuchaytirishda davom etdi va bu nazorat, ayniqsa o‘zbekistonliklarga nisbatan muqobil axborot olish imkonini yaratgan Internet ustidan yanada kuchaydi", deyladi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti yillik hisobotida.
XS
SM
MD
LG