Линклар

logo-print

Qozog‘iston ham avtomobil ishlab chiqarmoqchi


Qozog‘istonda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan Chance avtomobili (xetchbek varianti).

Qozog‘istonda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan Chance avtomobili (xetchbek varianti).

Joriy yilning mart oyidan Qozog‘iston Qo‘stanayida joylashgan “Agromashxolding” zavodi Chance brendi ostida avtomobil yig‘a boshlaydi. Bu avtomashina bozorda avval Daewoo Lanos markasi bilan tanilgandi.

Bu yil taqriban 3000 dona ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan mazkur avtomobilning narxi o‘rtacha 9000 AQSh dollari bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda AllurAuto shirkatlar guruhi bosh direktori Andrey Lavrentьev bugun Olmaotada o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida bildirdi.

Chance avtomashinasini ishlab chiqarish shu yil 16 martidan boshlanishi qayd etgan Lavrentyev bu borada barcha hujjatlar imzolanganini va korxonada jihozlarni o‘rnatish yakuniga yetib qolganini ma‘lum qildi.

Chance loyihasiga yotqizilayotgan sarmoyaning umumiy qiymati 24 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Bu avtomobil Qozog‘iston bozorida avval ham bor bo‘lib, u Ukrainadan keltirilardi. 2011 yilda respublikada bunday avtomobildan 973 dona sotilgan.

Qozog‘istondagi Chance avtomobillarini (sedan, xetchbek va pikap) 1,3, 1,4 va 1,5 litr hajmdagi dvigatellar bilan ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2012 yilda Qozog‘istonda Nomad jipini yaratish bo‘yicha ham ish davom etishi aytilmoqda. Litsenziyasi Koreyaning SsangYong shirkatidan sotib olingan bu avtomobilni 2013 yilning aprel oyidan ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.

Qo‘stanay zavodi bu yil Iveco rusumli yo‘lovchi tashish avtobuslaridan ham 400 dona ishlab chiqarishni rejalagan.

Qo‘stanayda avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha bu loyihalar amalga oshirilgan taqdirda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi ikkinchi mamlakatga aylanadi. Bungacha mintaqa davlatlaridan faqat O‘zbekistonda (Asaka va Samarqand) avtomobil ishlab chiqaradigan zavodlar bor edi.

Xususan, 1996 yili Janubiy Koreyaning Daewoo Motor shirkati bilan O‘zbekiston hukumati imzolagan kelishuv asosida ishga tushirilgan "O‘zDEUavto" 2007 yili "O‘zavtoprom" va General Motors o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra¸ hozirda GM Uzbekistan nomi ostida faoliyat yuritmoqda. AQSh shirkati mazkur qo‘shma korxonaning 25 foiz aktsiyalariga egalik qiladi.
XS
SM
MD
LG